Liverpul transfer oynasi: vaqt siqilyapti va imkoniyatlar
“Liverpul” uchun vaqt siqilyapti. Transfer oynasi 1-sentabrda yopiladi, oldinda atigi ikki hafta qoldi, ammo savollar ko‘p, javoblar esa hali yetarli emas.
Klub “Paris Saint-Germain” hujumkorlari Bradley Barcola va Ibrahim Mbaye bilan muzokara olib bormoqda. Ikkisini birdan olib kelish qimmatga tushadi: umumiy paket 150 million funtdan oshishi kutilmoqda. Lekin “Enfild”dagi asosiy muammo hozircha pul emas.
Chegara to‘ldi: endi faqat “bir kirsa, biri chiqadi”
“Liverpul” Premer-liga reglamentiga ko‘ra, chet elda tayyorlangan futbolchilar limiti bo‘yicha shiftga urildi. Ijaraga olingan markaziy himoyachi Ronald Araujo – klubning 17-g‘ayri mahalliy futbolchisi. Bu esa ro‘yxat to‘lganini anglatadi: 25 kishilik tarkibdagi qolgan sakkiz o‘rin faqat “homegrown” futbolchilar uchun.
Qoidaning mohiyati sodda: yoshidan va fuqaroligidan qat’i nazar, futbolchi 21 yoshga to‘lguniga qadar kamida uch to‘liq mavsum yoki 36 oy davomida Angliya yoki Uelsdagi klub tizimida bo‘lgan bo‘lishi kerak. Shundagina u “mahalliy yetishtirilgan” sifatida ro‘yxatdan o‘tadi. 21 yoshgacha bo‘lganlar esa umuman 25 kishilik ro‘yxatga kiritilmaydi.
Demak, “Liverpul” hozir faqat bitta formulaga amal qila oladi: bitta yangi chet ellik kelsa, bittasi ketishi kerak. Shunday vaziyatda klub uchun eng mantiqli yo‘l – tarkibni chuqurlashtirishga yordam beradigan, sifatli “homegrown” variantlarni topish. Qiyin, ammo zarur.
Quyida klub nazar tashlashi mumkin bo‘lgan eng dadil, eng qimmat ingliz bozoridagi yo‘nalishlar.
Ethan Nwaneri – uzoq muddatli “Salah rejasi”?
“Arsenal” qanot futbolchisi Ethan Nwaneri – qog‘ozda juda jozibali, amalda esa deyarli imkonsizga yaqin transfer. 19 yoshli, Angliya U-21 terma jamoasi a’zosi bo‘lgan bu yigitni “Emireyts” atrofida juda baland baholashadi. Uni bu oy ichida ketishi kutilayotgan bo‘lsa-da, London klubi raqibiga, ayniqsa “Liverpul”ga sotishga juda og‘ir ko‘ngil bilan qaraydi.
Shunga qaramay, agar baribir u ketishi tayin bo‘lsa, “Liverpul” stolga ulkan taklif qo‘ysa-chi? Nega bo‘lmasin? Nwaneri o‘ng qanotda o‘ynaydi, chap oyog‘i bilan zarba beradi – bu xususiyatlari bilan Mohamed Salahning uzoq muddatli o‘rnini bosuvchi sifatida ko‘rinadi. U, shuningdek, “10-raqam” pozitsiyasida ham harakat qila oladi.
Eng muhim nuqta: u hozircha 25 kishilik ro‘yxatga kiritilmaydi, chunki yoshi kichik. Lekin bir necha yil ichida “homegrown” maqomini to‘liq qondiradigan futbolchiga aylanadi. Bu esa “Liverpul” uchun strategik jihatdan og‘ir ahamiyatga ega, ayniqsa Joe Gomez va Curtis Jones keyingi 12 oy ichida klubni tark etishi ehtimoli yuqori bo‘lgan bir paytda.
Bu transferni amalga oshirish oson bo‘lmaydi. Ammo agar “Liverpul” Salahdan keyingi davrni bugundan o‘ylayotgan bo‘lsa, aynan shunday murakkab bitimlarga ham borishiga to‘g‘ri keladi.
Ivan Toney – qisqa muddatli, lekin kuchli zarba
Keyingi nom – hozirgi ehtiyojlarga yaqinroq. Ivan Toney – bolaligidan “Liverpul” muxlisi bo‘lgan hujumchi, hozir Saudiya Arabistonida gol urishni “kasb” qilib olgan. Uning darvozani topishdagi barqarorligi uni deyarli har bir Premer-liga grandiga mos variantga aylantiradi.
U asosiy zaxira hujumchi rolida ko‘rilmoqda, hozirgi variantlar bilan solishtirganda esa katta sakrash bo‘lishi mumkin. Federico Chiesa va Alexander Isak tez-tez jarohat bilan kurashadigan futbolchilar sifatida tanilgan. Toney esa aynan shunday vaziyatlar uchun sug‘urta bo‘la oladi. U Premer-ligada “Brentford” safida o‘zini allaqachon isbot qilgan.
Biroq bu yo‘lning ham keskin burilishlari bor. Saudiyalik klub katta tovon puli talab qilishi mumkin, Toneyning maoshi ham muzokaralarda jiddiy to‘siqqa aylanishi ehtimoli bor. Yana bir nozik jihat – uning Londondagi tungi klubda sodir bo‘lgan hodisa bo‘yicha huquqiy muammolari. U yaqinda hujumda ayblandi va kelasi oy sudga chiqishi kerak.
“Liverpul” imidji va ichki standartlarini inobatga oladigan bo‘lsa, bu omil transferni butunlay muzlatib qo‘yishi ham mumkin. Ammo sof futbol nuqtayi nazaridan qaralganda, Toney qisqa muddat ichida gol masalasida jamoaga sezilarli kuch qo‘shishi aniq.
Archie Gray – universal kalit
Archie Gray – murabbiylar yaxshi ko‘radigan turdagi futbolchi. Bir nechta pozitsiyada barqaror o‘ynay oladigan, maydonda deyarli hamma joyni ko‘rgan universal askar. 20 yoshli bu ingliz yulduzi markaziy yarim himoya, tayanch zona, o‘ng qanot himoyachisi, chap qanot himoyachisi, hatto markaziy himoyachi sifatida ham Premer-ligada o‘yin o‘tkazgan.
“Tottenhem” uni sotishni istamaydi. Klub ikki yil avval Gray uchun 40 million funt to‘lagan va endi uni osonlikcha qo‘yib yuborish niyatida emas. Ammo London klubi so‘nggi mavsumlarda aynan yarim himoya chizig‘iga katta sarmoya kiritdi, bu esa nazariy jihatdan kelishuvga yo‘l ochishi mumkin.
“Nyukasl” yoz davomida Gray uchun bir necha bor taklif berdi, ammo hammasi rad etildi. Hozir uni qo‘lga kiritish uchun kamida 70 million funt kerak bo‘lishi aniq. Shunga yarasha uning “shift”i ham baland: bo‘lajak yulduz sifatida ko‘riladi va uzoq yillarga mo‘ljallangan yechim bo‘lishi mumkin.
“Liverpul” uchun bunday ko‘p qirrali, yosh va “homegrown” futbolchi – tarkibni qayta qurish jarayonida juda kam uchraydigan imkoniyat. Savol faqat bitta: klub bu darajadagi sarmoyani aynan hozir qilishga tayyormi?
Adam Wharton – markazdagi boshqaruvchi
Adam Wharton varianti esa yanada dadilroq. Uni olib kelish 80 million funt va undan yuqori summani talab qilishi mumkin. Biroq uning futbol sifati bu narxni qisman oqlaydi. Wharton – o‘rtada to‘pni tez aylantira oladigan, hujumchilarga aniq, kesuvchi uzatmalar beradigan yarim himoyachi. Uning o‘yini pressing ostida ham aniq pas, to‘g‘ri qaror va tez fikirlashga qurilgan.
Atigi 22 yoshda bo‘lishiga qaramay, u markazda uzoq muddatli tayanch bo‘la oladigan darajadagi texnikaga ega. Ryan Gravenberch o‘rnini egallab, Dominik Szoboszlai bilan yonma-yon “Liverpul” yarim himoyasining bosh suyagiga aylanishi mumkin.
Klub ichida Trey Nyoni borligiga bo‘lgan ishonch bu transferni hozircha real ko‘rinmaydigan qiladi. Ichki resursga tayanish – mantiqiy qaror. Lekin Wharton – “Liverpul” uzoq vaqtdan beri kuzatib kelayotgan futbolchi. Oynaning so‘nggi kunlarida kutilmagan zarba berish ehtimoli butunlay yo‘q deb bo‘lmaydi. Faqat bir narsa aniq: bunday kechikkan bosqichda bu darajadagi bitim nihoyatda qimmatga tushadi.
“Enfild”dagi vaziyat aniq: vaqt oz, variantlar murakkab, xatoga joy deyarli qolmagan. “Liverpul” bu ikki haftada dadil qaror qabul qiladimi yoki kelajakdagi rekonstruksiya uchun navbatdagi yozni kutadimi? Shu savol klubning kelasi bir necha yillik yo‘lini belgilab beradi.







