Lewis Hall Newcastle Unitedda qoladi: Manchester Unitedga rad javobi
Manchester United yozgi bozorni chap qanot himoyachisiz ochayotgandi, ammo ilk katta urinishidayoq devorga urildi. Newcastle United rahbariyati klubning yosh va istiqbolli himoyachisi Lewis Hall bo‘yicha tushgan dastlabki so‘rovni rad etdi va yoz bo‘yi pozitsiyasini o‘zgartirmasligini aniq bildirdi: Hall sotuvda emas.
Bu javob Manchester United uchun kutilmagan emas, lekin yoqimli ham emas. Michael Carrick qo‘l ostidagi jamoa chap qanotda jiddiy bo‘shliq bilan yangi mavsumga kirib kelmoqda. Luke Shaw – hozircha yagona tajribali variant. Uning shartnomasi esa atigi bir yilga yetadi. Tyrell Malacia erkin agent sifatida ketdi, akademiyadan ko‘tarilgan yigitlar esa bu darajaga hali tayyor emas.
Shu fon’da 21 yoshli, allaqachon Angliya terma jamoasida o‘ynab ulgurgan Hall ideal nomzod sifatida ko‘rinadi. Uni Manchester United skautlari uzoq vaqtdan beri kuzatib keladi. Sky Sports News mart oyidayoq Hall nomini klubning ustuvor yozgi maqsadlari qatoriga qo‘shganini xabar qilgandi. O‘shanda ko‘pchilik bu g‘oyaga jiddiy qaramadi, ammo vaqt o‘tishi bilan vaziyat o‘zgara boshladi.
Newcastle uchun ham oson qaror emas
Newcastle Hallni qo‘yib yuborishni xohlamaydi. Bu ham aniq. U klub bilan amaldagi shartnomasi bo‘yicha yana uch yilga bog‘langan, yosh, moslashuvchan va kelajak uchun qurilayotgan tarkibda muhim bo‘g‘in sifatida ko‘riladi. Klub rahbariyati yozda o‘zi ham yana bir qanot himoyachisi izlayotgan bir paytda, mavjud asosiy aktivni qo‘ldan chiqarish – xavfli o‘yin.
Shunga qaramay, Hall atrofidagi muhit so‘nggi oylar ichida biroz o‘zgargani sezildi. U aprel oyida tarkibdan tushib qoldi, mavsum yakuniga kelib doimiy asosiy futbolchiga aylangan, deya bo‘lmaydi. Newcastle yangi murabbiy, yangi g‘oyalar va almashayotgan tarkib fonida qayta qurilish jarayonida. Shunday paytda ayrim futbolchilarning maqomi birdaniga “almashtirib bo‘lmaydigan” darajadan biroz pastga tushishi tabiiy.
Shu jihat Manchester United rahbariyatiga umid bergandi. Newcastle Chempionlar Ligasisiz qolgan, moliyaviy muvozanatni ushlash zarurati kuchaygan, tarkibda esa o‘zgarishlar ketmoqda. Bunday pallada katta taklif tushsa, har qanday klub o‘ylab ko‘radi. Manchester United ichkarida Hallni “ushlab bo‘ladigan” maqsad sifatida ko‘rib, yozgi rejalarga jiddiy kiritgan edi.
Ammo Tyneside’dan kelgan javob hozircha keskin: yo‘q.
Manchester Unitedning chap qanot rejasi qayerga buriladi?
Manchester United uchun bu rad javobi – faqat bir eshik yopildi, xolos. Muammo esa joyida: chap qanot himoyasi chuqurliksiz, raqobatsiz va jarohatlarga nihoyatda sezgir. Shawning sog‘lig‘i oxirgi yillarda tez-tez xiyonat qilgani inobatga olinsa, bu risk yanada kattalashadi.
Klub rahbariyati yoz bo‘yi bozorni kuzatishda davom etadi. Chap qanotga yangi futbolchi – ustuvor vazifa bo‘lib qolmoqda. Shu bilan birga, yarim himoyaga qo‘shimcha kuch olib kelish ehtimoli ham ochiq. Carrick qo‘lidagi jamoa o‘yinini tezlashtira oladigan, to‘pni oldinga tez yetkazadigan futbolchi ham ro‘yxatda turibdi.
Hall esa hozircha Newcastle formasida qoladi. Uch yilga cho‘zilgan shartnoma, klubning qat’iy pozitsiyasi va o‘zlari ham yangi himoyachi izlayotgani fonida bu yozda uning Old Traffordga kelishi juda qiyinlashdi. Lekin bozor hali yangi ochildi. Savol shunda: Manchester United keyingi yurishini qayerdan boshlaydi – boshqa nomzodga o‘tadimi yoki Hall uchun taklif darajasini ko‘tarishga jur’at etadimi?





