UZB sport

Laporta bosimini oshirdi: Alvarez transferi uchun muddat belgilandi

Barcelona rahbariyati Julian Alvarez bo‘yicha kurashni endi cho‘zib o‘tirishni istamayapti. Joan Laporta argentinalik hujumchi atrofidagi transfer voqeasiga aniq chiziq tortdi: klubning qiziqishi iyul oxirigacha amal qiladi, xolos.

Katalon klubi allaqachon taxminan 100 million yevrolik taklifni stolga qo‘ygan. Bu – jiddiy raqam. Lekin Camp Nou dagilar bitta futbolchi uchun bozor strategiyasini buzishga tayyor emas. Sport direktori Deco boshchiligidagi reja keng qamrovli, Alvarez esa undagi muhim, ammo yagona bo‘lak emas.

Laporta ultimatumining mohiyati oddiy: yozgi oyning oxirida hammasi hal bo‘lishi kerak. Barcelona o‘tgan yillarda cho‘zilib ketgan transfer sagalarining oqibatini yaxshi eslaydi. Agar kelishuv oynaning so‘nggi kunlarida barbod bo‘lsa, La Liga chempionlari tarkibni kuchaytirish imkonidan kechib qolishi mumkin. Bu safar bunday xatoga yo‘l qo‘yilmaydi.

Atletico devor qurdi

Madridning boshqa tomonida esa mutlaq sokinlik. Metropolitano atrofida hech kim vahimaga tushgani yo‘q. Atletico rahbariyati o‘z pozitsiyasini boshidan aniq qilib qo‘ygan: Julian Alvarez sotilmaydi. Narx qancha bo‘lishidan qat’i nazar.

Rojiblancos 100 million yevrolik taklifni ham rejalarini o‘zgartiradigan omil sifatida ko‘rmayapti. Madrid klubi hozircha hech qanday muzokaraga ham tayyor emas, go‘yo bu taklif ularning kelajagi bilan umuman bog‘liq emasdek munosabat bildirmoqda.

Klub bosh direktori Miguel Angel Gil Marin so‘zlarni ayamasdan, Barcelonani omma oldidagi o‘yinlarda aybladi. U raqib klubning uslubini “o‘z shaxsiy sirkining bir qismi” deb ta’riflab, bu taktikalardan ranjimasligini aytib o‘tdi. Shunga qaramay, u Laporta bilan shaxsiy munosabatlari yaxshi ekanini ta’kidladi va unga aniq bir iltimos bilan chiqqanini ma’lum qildi: Alvarez bo‘yicha har qanday urinishni to‘xtatish. Sababi bitta – Julian sotilmaydi.

Klub prezidenti Enrique Cerezo ham pozitsiyani yanada mustahkamladi. U Laportani “yaxshi do‘st” va “zo‘r prezident” deb atar ekan, bir vaqtning o‘zida barchaga – hamkasbi, ham jurnalistlarga – bitta xabarni yetkazdi: hamma Julian Alvarez kelasi mavsum qayerda o‘ynashini allaqachon biladi. Ya’ni, Metropolitano dan qimirlamaydi, degan qat’iy ishora.

Endi navbat Alvarezga keldi

Ikki klub ham o‘z chizig‘idan chekinmayapti. Shunday sharoitda sahnaning markaziga bitta ism chiqadi – Julian Alvarezning o‘zi.

Hujumchi jahon chempionati paytida kelajagi haqida gapirgan, “orzusini” ro‘yobga chiqarish uchun transferni xohlayotganini bildirgan edi. O‘sha paytda bu so‘zlar bozorni qizdirib yubordi. Ammo turnir tugagach, Alvarez sukutni tanladi. Mojaroni yanada avj oldirmaslik uchun u ochiq bayonotlardan tiyilmoqda.

Barcelona esa bitta narsaga ishonyapti: bu qamaldan chiqishning yagona yo‘li – futbolchining o‘zi tashabbus ko‘rsatishi. Katalonlar fikricha, Alvarezning rasmiy transfer so‘rovisiz ikki klub o‘rtasida real muzokara bo‘lishi amrimahol.

Hozircha esa 100 million yevrolik taklif javobsiz turibdi, Atletico devori sinmayapti, Laporta belgilagan soat esa sekin-asta nolga yaqinlashmoqda. Endi savol bitta: Julian Alvarez ushbu bosim ostida sukutni buzadimi yoki bu yozning eng yirik sagasi shunchaki so‘nib ketadimi?