Jurgen Klopp: Germaniya futbolini qayta tiklash uchun tayinlandi
Bir paytlar u “Liverpool” uchun qutqaruvchi sifatida ko‘rilgan edi. Endi esa Jurgen Kloppdan butun mamlakatni oyoqqa turg‘azish so‘ralmoqda.
Paragvay zarbasi va inqirozga qulagan gigant
O‘tgan oy Klopp Germaniya terma jamoasining Jahon chempionati bilan xayrlashuvini yon chiziqda, telepundit sifatida tomosha qildi. Raqib – Paragvay. Ssenariy – nemis futboli uchun haqoratga teng penaltilar seriyasidagi mag‘lubiyat.
Bu zarba Julian Nagelsmann iste’fosiga olib keldi va Germaniya futbolini to‘liq miqyosdagi o‘zlik inqiroziga uloqtirdi. Bir necha yillik yo‘qotilgan yo‘nalish, ketma-ket muvaffaqiyatsiz turnirlar, muxlislar bilan uzilgan rishtalar — hammasi birdaniga yuzaga qalqib chiqdi.
Oradan uch hafta o‘tmay, bo‘shab qolgan sahnaga bitta ism chiqdi. Endi parchalangan tizimni yig‘ib, bir paytlar qo‘rqinch uyg‘otgan g‘oliblik mentalitetini qaytarish vazifasi Klopp zimmasiga yuklandi. U to‘rt yillik shartnoma imzoladi va rasmiy raviy bosh murabbiy bo‘ldi.
Unga Euro 2028 va 2030-yilgi Jahon chempionatigacha bo‘lgan yo‘l ishonib topshirilgan. Birinchi sinov esa uzoq kuttirmaydi: 24-sentabr kuni Niderlandiya bilan o‘yin.
“Milliy terma jamoa biz nemislarni deyarli hech narsa birlashtira olmaydigan darajada birlashtira oladi. Aynan shu bu vazifani men uchun juda o‘zgacha qiladi,” — dedi Klopp.
Medalga to‘la karera va bo‘lingan jamiyat
“Liverpool” bilan Champions League va Premier League g‘olibi, “Borussia Dortmund” bilan ikki karra Bundesliga chempioni. 59 yoshli murabbiy allaqachon Germaniya tarixidagi eng yirik futbol boshqaruvchilaridan biri sifatida tilga olinadi.
Ko‘pchilik uchun u bu lavozimga mutlaq mos nomzod. Lekin tayinlov Germaniyaning o‘zida keskin bahslarni ham qo‘zg‘atdi.
DFB uchun Kloppni qo‘lga kiritish Nagelsmann iste’fosidan keyin asosiy vazifaga aylandi. Tashkilot prezidenti Bernd Neuendorf uning nomzodini yashirmay maqtadi, Kloppni “jo‘shqinlik, ishonchlilik va odamlarni ilhomlantirish qobiliyatini o‘zida mujassam etgan” shaxs sifatida ta’rifladi. Ularning tanlovi boshqacha bo‘lishi mumkin emasdi.
Endi esa bitim yakunlangan. Klopp 2030-yilgacha mo‘ljallangan shartnomaga qo‘l qo‘ydi va murabbiylar shtabini o‘zi yaxshi biladigan ismlardan quradi: sobiq “Liverpool” yordamchilari Pep Lijnders va Peter Krawietz uning yonida bo‘ladi.
Germaniya bu uchlikdan bir paytlar Premier League gigantini qayta tiklaganidek, endi milliy terma jamoadan ham “yiqilgan gigant” obrazini yuvib tashlashni kutmoqda.
Shubha qilayotganlar ko‘p emas. Kicker o‘tkazgan so‘rovnomada ishtirok etganlarning 80 foizi Kloppni to‘g‘ri tanlov deb hisoblagan.
So‘nggi yillardagi tanqidlar esa takror-takror bir nuqtaga qaytadi: g‘alabaga chanqoqlik yo‘qolgan, mentalitet sustlashgan, terma jamoa bilan muxlislar orasidagi ko‘prik qulagan.
Karerasini “mentality monsters” haqida gapirish bilan o‘tkazgan, ishlagan har bir klubida kult qahramonga aylangan Klopp bu jarohatlarga malham bo‘lishi kerakdek tuyuladi. Stefan Effenberg ham Doppelpass dasturida aynan shuni ta’kidladi, Klopp “yangi optimizm ruhi” olib kirishi mumkinligini aytdi.
“Borussia Dortmund” bosh ijrochi direktori Carsten Cramer esa masalani yanada kengroq ko‘radi: uningcha, Klopp hozir nafaqat Germaniya futbolida, balki butun mamlakat hayotida yetishmayotgan fazilatlarni o‘zida mujassam etgan.
Red Bull soyasi va ishonch sinovi
Shunga qaramay, hamma ham yangi bosh murabbiydan hayratda emas. 2024-yilda Klopp Red Bull global futbol bo‘yicha rahbari lavozimini qabul qilganidan so‘ng, Germaniyada uning obro‘siga jiddiy darz ketdi. Ko‘plab muxlislar bu qarorni xiyonat sifatida qabul qildi.
Nemis futbol ixlosmandlari yillar davomida Red Bull’ni ko‘p klubli modeli va sevimli 50+1 qoidasini amalda chetlab o‘tishi uchun keskin tanqid qilib keladi. Bu qoida Germaniya klublarida muxlislarning ovoz berish huquqini himoya qiladi, kapitalning cheksiz hukmronligini jilovlaydi.
Shu fonida iyul oyida paydo bo‘lgan xabarlar — Klopp Germaniya terma jamoasini boshqarar ekan, baribir Red Bull brend elchisi sifatida qolishi mumkinligi haqidagi ma’lumotlar — g‘azab to‘lqinini ko‘tardi.
Sobiq DFB prezidenti Theo Zwanziger bu ehtimolni “mutlaq yo‘l qo‘yib bo‘lmaydigan holat” deb atadi va Red Bull “sport ichida hokimiyatni qo‘lga kiritishni xohlaydi”, deya ogohlantirdi.
Fanatlarning Unsere Kurve guruhi ham DFB’ni “kapital oldida tiz cho‘kmaslikka” chaqirdi. Ularning vakili Thomas Kessen: “Uni yana ‘Masih’ deb ulug‘lashdan oldin, u ayniqsa Dortmund muxlislari orasida qancha ishonchni yo‘qotganini eslashimiz kerak,” — deya eslatdi.
“Yagona variant” va “yamoq” bo‘lish xavfi
Tanqidlar faqat Red Bull atrofida aylanib qolmadi. Ba’zi sobiq futbolchilar DFB’ning Klopp ortidan shoshqaloqlik bilan quvganini ham savol ostiga qo‘ydi.
2014-yilgi Jahon chempioni Bastian Schweinsteiger ARD efirida shunday dedi: “Uning birinchi raqamli nomzod ekani aniq, lekin delegatsiyaning Nyu-Yorkka uchib ketganini ko‘rsangiz, bu biroz shoshma-shosharlikka o‘xshaydi. Savol tug‘iladi: ular umuman alternativaga ega edimi?”
U yana bir og‘riqli fikrni tilga oldi: Klopp hozirgi Germaniya muammolari fonida faqat “yamoq” bo‘lib qolishi mumkin, chunki inqiroz faqat texnik zona bilan cheklanmaydi.
Haqiqatan ham, Germaniya erkaklar terma jamoasi so‘nggi o‘n yilliklarda ko‘rilmagan tubanlikda. Oxirgi uchta Jahon chempionatida ham guruh bosqichidan chiqa olmagan jamoa haqida gap ketmoqda. Bu faqat murabbiy masalasi emas, butun tizimning charchab qolganini ko‘rsatadi.
Tubdan islohotlar va Kloppning vazifasi
Ko‘plar singari Kloppning o‘zi ham muammo ildizi chuqur ekanini ochiq aytib keladi. MagentaTV bilan suhbatda u: gap faqat bosh murabbiyda emasligini, Germaniya futboli “burilish nuqtasida” turganini, ba’zi fundamental narsalarni o‘zgartirish zarurligini ta’kidladi.
Sentyabrda Niderlandiyaga qarshi Nations League uchrashuvi bilan boshlanadigan yangi davr — bu faqat start chizig‘i. Klopp uchun bu o‘yin nafaqat sportiy, balki ramziy ahamiyatga ega: tarixiy raqib, yangi loyiha, eski yaralar.
Asosiy sinov esa ikki yil o‘tib keladi. Euro 2028’ni Buyuk Britaniya va Irlandiya qabul qiladi. Turnir taqvimi va qur’asi shunday tushishi mumkinki, Klopp yana bir bor o‘zining sobiq shahri bilan yuzma-yuz keladi.
Anfield mezbonlar ro‘yxatida yo‘q, ammo Germaniya terma jamoasi “Everton”ning Hill Dickinson Stadium maydonida o‘yin o‘tkazishi ehtimoli bor. O‘sha kecha tribunalar Kloppni sobiq klubi qutqaruvchisi sifatida eslarmikan yoki Germaniya uchun yangi bob yozayotgan murabbiy sifatida qarshilarmikan?
Ikki yil ichida bunga javob topiladi. Shunda bilamiz: “Liverpool”ni qayta tiriltirgan murabbiy Germaniya futboliga ham mo‘’jiza ulashishga qodirmi yoki bu safar sehr yetmay qoladimi?






