Julian Alvarez transferi: Barcelona va Atletico Madrid o‘rtasidagi kurash
Yozgi oynada Barcelona bir nomni tinmay takrorlayapti: Julian Alvarez. Kataloniyaliklar uchun u oddiy variant emas, asosiy nishon, hujum chizig‘ining markaziga qo‘yiladigan yagona haqiqiy nomzod sifatida ko‘rilmoqda.
Robert Lewandowski ketdi. Ferran Torres ham bir necha kun oldin PSG safiga o‘tdi. Hansi Flick esa hozircha tabiiy “9-raqam”siz qolgan. Shuning uchun Alvarez atrofidagi har bir yangilik Camp Noudagi kabinetlarda alohida ohangda yangrayapti.
Atletico devori va ichkaridagi darz
Atletico Madrid rasmiy darajada qat’iy: hech qanday muzokara yo‘q. Klub rahbariyati Julian Alvarez bo‘yicha takliflarni hatto eshitishni ham istamayapti. Ammo SPORT xabariga ko‘ra, Barcelona bosimi endi Madrid klubiga boshqa tomondan zarba bera boshlagan.
Masala endi faqat “Barça yana taklif bilan qaytadimi yo‘qmi?” degan savolda emas. Wanda Metropolitano devorlari orasida endi boshqa xavotir ustun: Alvarezning ruhiy holati va bu holatning klub hamda muxlislar bilan munosabatga qanday ta’sir qilishi.
Argentinalik hujumchi Atletico’ni tark etib, Barcelona safiga o‘tish istagini allaqachon ochiq ko‘rsatgan. Klub esa baribir yo‘lni yopib turibdi. Natijada Rojiblancos juda noqulay manzaraga duch kelmoqda: agar transfer to‘silsa, ular butun mavsumni aslida boshqa joyda o‘ynashni xohlagan futbolchi bilan o‘tkazishi kerak bo‘ladi.
Madrid klubi aynan shundan cho‘chiyapti: bu cho‘zilgan saga Alvarezning butun mavsumdagi o‘yiniga, intensivligiga, diqqatiga og‘ir yuk bo‘lib tushmasmikan?
Bu esa Barcelona uchun muhim nuqta. Atletico qanchalik qat’iy ko‘rinmasin, ichkarida ular murakkab psixologik muammoga duch kelgan. Miguel Angel Gil Marin omma oldida “Alvarez 200 million yevro uchun ham ketmaydi” deb qat’iy ohangda gapirdi, klub uni loyiha markazidagi futbolchi sifatida ko‘rishda davom etmoqda. Lekin norozilik kayfiyatidagi futbolchini tarkibda ushlab turish ko‘pincha aks ta’sir beradi.
Simeone uchun murakkab tanlov
Julian Alvarez kelajagi bo‘yicha so‘nggi so‘zni Diego Simeone aytmaydi, lekin qaror qanday bo‘lishidan qat’i nazar, uning oqibatlarini boshqarish aynan unga tushadi. Eng nozik nuqta – vaqt.
Atletico o‘zining La Liga mavsumini chorshanba kuni Malaga’ga qarshi boshlaydi. Demak, Simeone juda tez orada hal qilishi kerak bo‘lgan savol bor: Alvarezni shu shov-shuvlar ichida zudlik bilan rasmiy o‘yinlarga qaytaradimi yoki yo‘q?
Birinchi jiddiy ishora 19-avgust kungi qaydnoma bilan kelishi mumkin. Agar Alvarez ro‘yxatga kiritilsa, ko‘zlar darhol ikkita nuqtaga qadaladi: u maydonga tushadimi va eng muhimi – Metropolitano tribunalari Barcelona’ga ketishni istagan o‘z yulduziga qanday munosabat bildiradi?
Qarsakmi? Hushtakmi? Yoki sovuqqon sukutmi? Simeone uchun bu ham taktik, ham emotsional boshqotirma.
Barcelona vaqtni boy berolmaydi
Camp Nou tomonida esa sabr tugab bormoqda. Klub bir necha kun ichida kamida bitta tabiiy hujumchini olib kelishi shart bo‘lgan vaziyatda turibdi. Alvarezga bo‘lgan qiziqish ochiq, lekin Barcelona Atletico’ni o‘z foydasiga qaror qabul qilishga majburlay olmaydi.
Shuning uchun kataloniyaliklar ikki yo‘lni bir vaqtda ushlashga majbur: bir tomondan Alvarez atrofidagi vaziyatni diqqat bilan kuzatish, ikkinchi tomondan esa zudlik bilan alternativ variantlarni ishga solish. Vaqt esa ularning raqibiga aylanmoqda.
Bugun ertalab klub Arsenal hujumchisi Viktor Gyokeres bilan bog‘landi, degan xabarlar tarqaldi, ammo Fabrizio Romano bu gap-so‘zlarga tezda nuqta qo‘ydi. Demak, bu yo‘l hozircha berk ko‘rinadi.
Endi savol bitta: transfer oynasining so‘nggi haftalarida Atletico pozitsiyasini yumshatadimi? To‘g‘ri narx evaziga Alvarez uchun eshiklar ochiladimi yoki Madrid klubi qat’iy chizilgan chiziqni oxirigacha ushlab turadimi?
Javob nafaqat Barcelona hujum chizig‘ining kelajagini, balki Atletico kiyinish xonasidagi muvozanatni ham butun mavsumga belgilab berishi mumkin.






