Julian Alvarez: Barcelona orzusi va Atletico Madriddagi holat
Argentina terma jamoasi hujumchisi Julian Alvarez ochiq gapirdi. U endi Atletico Madridda qolishni istamaydi. Maqsad aniq: Barcelona.
26 yoshli forvard bu istagini Avstriyaga qarshi 2:0 hisobidagi Jahon chempionati o‘yinidan keyin, maydondan chetga chiqqach, butun dunyoga aytdi. U uzoq vaqt jim yurdi, ammo endi sukut buzildi.
“Klubdagi kerakli odamlar bilan gaplashdim, kim bilan gaplashish kerak bo‘lsa, o‘sha bilan suhbatlashdim va hamma uchun eng yaxshisi – transfer. Men orzumni ro‘yobga chiqarishni xohlayman”, – dedi Alvarez. “Bu haqida gapirish vaqti emas, lekin buni yashira olmayman. Men halol bo‘lishga harakat qilaman”.
Barcelona orzusi, Arsenal qiziqishi, sovuqlashgan Madrid
Alvarez uchun kurash yoz bo‘yi davom etmoqda. Arsenal ham hujumchi bilan jiddiy qiziqayotgan klublar qatorida, lekin manbalarga ko‘ra, futbolchining o‘zi Barcelona’ni tanlamoqda. Kataloniyaliklar uni butun yoz davomida nishonga olib kelishdi, muzokaralar fonida esa Ispaniya grandlari o‘rtasidagi munosabatlar yanada taronglashdi.
Atletico o‘tgan oy Barcelona’ning Alvarez bo‘yicha urinishi ustidan ochiqchasiga kulib, ijtimoiy tarmoqlarda hazilomuz postlar bilan javob qaytardi. Bu hazil ortida esa keskin raqobat, g‘azab va prinsiplar yashiringani ko‘rinib turibdi.
Madrid klubi yulduzini qo‘yib yuborishni istamayapti. Ular “yulduzimiz kelajagi” bo‘yicha pozitsiyasini qat’iy ushlab turibdi. Lekin endi futbolchining o‘zi yo‘l ajralishini ochiq aytdi.
500 million yevrolik devor va Real Madridning to‘xtagan poygasi
Bu hikoyada yana bir gigant bor edi. Oy boshida Real Madrid Alvarez uchun 129 million funtlik taklif qilganini e’lon qildi, ammo Atletico bu taklifni rad etganini bildirgan. Shundan so‘ng Realning poygasi birdan to‘xtadi. O‘sha bayonot ortidan ko‘plab savollar tug‘ildi: bu haqiqiy urinushmi yoki shunchaki siyosiy o‘yinmi?
Atletico esa bu vaziyatdan foydalanib, raqiblariga eslatma berdi: Alvarezning shartnomasida 431 million funt (500 million yevro) miqdoridagi tovon puli bandi bor. Ya’ni, klub rasmiy pozitsiyasi aniq – biz sotmaymiz, faqat bandni to‘lasangiz bo‘ladi.
Alvarez 2024 yilda Manchester City’dan 81 million funt evaziga kelgan, shartnomasi esa 2030 yilgacha amal qiladi. Qog‘ozda hammasi Atletico foydasiga. Ammo futbolchining ichki istagi boshqa yoqda.
“Qachon hal bo‘lishi noma’lum”
Shu paytda ham Alvarez kelajagi borasida aniq javob bera olmadi, lekin gaplari ortida kuchli bosim sezilib turibdi.
“Qachon hal bo‘lishi noma’lum”, – dedi u qisqa qilib.
Bu jumla hozirgi vaziyatni aniq tasvirlab turibdi: futbolchi Barcelona’ni xohlaydi, Atletico esa uni qo‘yib yuborishni xohlamaydi, Real Madrid chetga chiqib ketdi, Arsenal soyada kutib turibdi.
Atletico Madrid klubidan bu borada rasmiy izoh so‘ralgan, biroq hozircha javob yo‘q.
Endi savol bitta: kim yutadi – qog‘ozdagi 500 million yevrolik devormi yoki Alvarezning bolalik orzusi bo‘lgan Barcelona formasimi?






