Jeff Bezos boshchiligidagi konsortsium “Liverpool”ga yaqinlashmoqda
“Liverpool” atrofidagi pul oqimi yana kuchaymoqda. Klub egasi Fenway Sports Group (FSG) bilan yirik investorlar guruhi o‘rtasidagi muzokaralar yangi bosqichga o‘tdi. Gap taxminan 30 foizlik ulush haqida ketmoqda – bu to‘liq sotuv emas, lekin Anfielddagi kuch manzarasini sezilarli darajada o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan qadam.
Bu safar sahnada dunyoning eng boy insonlaridan biri bor. Amazon asoschisi Jeff Bezos boshchiligidagi konsortsium “Liverpool”ga strategik minoritar investor sifatida kirib kelish yo‘lida jiddiy harakat qilmoqda. BBC Sport ma’lumotiga ko‘ra, tomonlar o‘rtasidagi muloqot ancha ilgarilab ketgan.
Bosh rol – Amit Bhatia, lekin soyada Bezos
Rasmiy jihatdan guruhga britan-hindistonlik tadbirkor Amit Bhatia yetakchilik qilmoqda. U Hindistonning yirik biznes magnati Lakshmi Mittalning kuyovi sifatida tanilgan, shuningdek, uzoq yillar Angliya futbolida bo‘lgan odam. Bhatia 18 yil davomida Queens Park Rangersda direktor va hammulkiy egasi bo‘lib ishladi, faqat o‘tgan oy klubdagi ulushini topshirgan edi. Endi esa uning nigohi ancha yuksak – Anfield tomonga qaratilgan.
Ammo bu hikoyaning eng katta ismi baribir Jeff Bezos. Amazon asoschisi, elektron tijorat imperiyasining yaratuvchisi, Forbes bahosiga ko‘ra 256 milliard dollar (taxminan 192 milliard funt) atrofidagi boylik egasi. 62 yoshli biznesmen hozirda dunyodagi eng boy to‘rtinchi shaxs sifatida qayd etilgan. Shunday kapital fonida 30 foizlik ulush – bu faqat sarmoya emas, global brendlar o‘rtasidagi ittifoq bo‘lishi mumkin.
Konsortsium tarkibida yana bir yirik texnologiya nomi bor – Facebook hammuassisi Eduardo Saverin. U ham raqamli davrning eng muvaffaqiyatli investorlaridan biri sifatida tanilgan. “Liverpool” atrofidagi yangi loyiha, demak, faqat stadion va transferlar haqida emas, balki media, texnologiya va global bozorlar kesishgan nuqtada shakllanayotgan biznes modeli haqida ham bo‘lishi mumkin.
FSG uchun – sotuv emas, kuchaytirish
Fenway Sports Group o‘tgan oyda bu guruh klubga “strategik minoritar investitsiya kiritishga qiziqish bildirganini” tasdiqlagan edi. Ya’ni, FSG nazorat paketini qo‘ldan chiqarmaydi, lekin kapitalni kengaytirish, bozor qiymatini oshirish va kelajakdagi sport-loyiha ambitsiyalarini moliyaviy jihatdan mustahkamlash yo‘lini tanlamoqda.
FSG davrida “Liverpool” Premyer-ligani yutdi, Yevropa Chempionlar Ligasida g‘olib bo‘ldi, lekin so‘nggi yillarda transfer bozorida eng yirik raqiblar bilan raqobat qilish tobora qiyinlashdi. Saudiya Arabistoni klublarining agressiv chiqishi, Manchester City va boshqa superklublarning cheksizga yaqin resurslari fonida yangi sarmoya – bu nafaqat imkoniyat, balki ehtiyojga ham o‘xshaydi.
Bezos va hamkorlarining kirib kelishi “Liverpool”ga transfer bozorida qo‘lni bo‘shroq tutish, infratuzilmani yanada kengaytirish, global marketing va media loyihalarini keskin oshirish imkonini berishi mumkin. Ayniqsa, Amazon va boshqa texnologik gigantlar bilan sinergiya – translyatsiya huquqlari, kontent platformalari va raqamli muxlislar bazasi bo‘yicha yangi darajani va’da qiladi.
Savollar ko‘p, yo‘nalish esa aniq
Hozircha gap faqat minoritar ulush haqida ketmoqda. Biroq futbol bozorida ko‘p marta ko‘rilgan: bir paytlar kichik ko‘ringan sarmoya keyinchalik to‘liq nazoratga eltishi mumkin. FSG uzoq muddatda klubni qo‘lda ushlab turadimi yoki bu kelishuv kelajakdagi katta o‘zgarishlarga kirish eshigi bo‘ladimi – hozircha ochiq savol.
Bitta narsa ravshan: agar kelishuv yakunlansa, “Liverpool” egalar ro‘yxatiga texnologiya va moliya olamining eng og‘ir toifali ismlari qo‘shiladi. Bu Premyer-ligadagi kuchlar muvozanatiga qanday ta’sir qiladi? Anfielddagi bu yangi pul va ta’sir to‘lqini klubni yana bir bor cho‘qqiga olib chiqadimi yoki global biznes o‘yinida navbatdagi xavfli tajribaga aylanadimi?






