UZB sport

Jake Paul va Eddie Hearn ittifoqi: Ayollar boksini yangi darajaga olib chiqish

Ayollar boksi sahnasida kuchlar muvozanati o‘zgarib boryapti. Jake Paul’ning Most Valuable Promotions (MVP) kompaniyasi va Eddie Hearn boshchiligidagi Matchroom Boxing kutilmagan, lekin juda ta’sirli “strategik ittifoq” e’lon qildi. Maqsad bitta: ayollar boksini yanada yuksak bosqichga olib chiqish.

Bu shunchaki hamkorlik shartnomasi emas. Bu – bozordagi ikki eng faol o‘yinchining qo‘l berib ishlashi.

Kuchlar birlashuvi

MVP, Jake Paul va Nakisa Bidarian asos solgan kompaniya, allaqachon ayollar boksidagi eng yirik yulduzlarni to‘plab ulgurgan. ESPN reytingiga ko‘ra pound-for-pound bo‘yicha eng kuchli o‘ntalikdan oltitasi ularning qo‘l ostida: Amanda Serrano, Mikaela Mayer, Chantelle Cameron, Caroline Dubois, Alycia Baumgardner va Ellie Scotney.

Matchroom esa allaqachon dunyo miqyosida tan olingan promouterlik imperiyasi. AQSh va Buyuk Britaniyada katta ta’sirga ega, ikki vazn toifasida mutlaq chempion bo‘lgan Katie Taylor karerasini yo‘lga qo‘ygan, ko‘plab jahon chempionlarini ringga olib chiqqan.

Endi esa bu ikki yo‘nalish bitta chiziqqa tutashdi. Ular ayollar boksini targ‘ib qilish bo‘yicha “uzoq muddatli hamkorlik”ka kirishganini ma’lum qilishdi.

Rasmiy bayonotda bunday deyiladi: ikki kompaniya endi elit ayol bokschilar uchun karyera taqdirini belgilaydigan janglarni topish, jahon chempionlik darajasidagi raqobatni kengaytirish va sportni yangi auditoriyalarga olib chiqish uchun birga ishlaydi.

Taylor – Serrano trilogiyasidan tug‘ilgan ishonch

MVP va Matchroom ilgari ham bir ringda uchrashgan. Eng yorqin misol – Katie Taylor va Amanda Serrano o‘rtasidagi uch karra to‘qnashuv.

Ikkinchi jang Jake Paul – Mike Tyson kechasining undercard qismida bo‘lib o‘tdi va Netflix ma’lumotiga ko‘ra, taxminan 74 million tomoshabinni jalb qildi. Bu raqamlar ayollar boksi qanchalik katta sahnaga chiqa olishini aniq ko‘rsatdi.

Uchinchi jang esa tarixiy bo‘ldi: Madison Square Garden’da to‘liq ayollar karti, 19 mingdan ortiq tomoshabinlik sold-out eshik puli va 6 millionlik auditoriya. Bu nafaqat sport, balki bozor uchun ham signal edi – ayollar jangi endi yonma-yon qo‘yiladigan qo‘shimcha emas, kechaning markaziy voqeasiga aylana oladi.

Aynan shunday tajribalar ikkala kompaniyani ham bir stol atrofida o‘tirishga majbur qildi.

“Bu – kelajakga sarmoya”

Jake Paul va Nakisa Bidarian o‘z bayonotida Matchroom’ning tarixiy rolini alohida ta’kidladi. Ularning fikricha, Hearn kompaniyasi ayollar boksini global darajada ko‘tarishda asosiy dvigatellardan biri bo‘lgan, endi esa birgalikda sport va sportchilarga yanada katta lahzalar yaratish imkoniyati paydo bo‘lgan.

Ular bu ittifoqni “sport kelajagiga sarmoya” deb atashdi. Maqsad – dunyoning eng yaxshi ayol bokschilari uchun eng nufuzli manzilni yaratish, ularning karyerasini nafaqat jismonan, balki tijoriy va meros nuqtai nazaridan ham yuqori pog‘onaga olib chiqish.

Hearn: kutilmagan, lekin mantiqli qadam

Eddie Hearn bu hamkorlikni “ko‘pchilik kutmagan” deb tan oldi. Lekin uning so‘zlariga ko‘ra, aynan shunday ittifoq sportning o‘sishi uchun zarur bo‘lgan bo‘g‘in.

U Matchroom uzoq vaqt davomida ayollar boksida “bayroqni deyarli yolg‘iz ko‘targanini” eslatib o‘tdi. So‘nggi yillarda esa MVP ham bu yo‘nalishda katta ish qilgani, o‘z yulduzlarini yaratgani va tomoshabinni ekranga tortgani qayd etildi.

Endi esa Hearn nazarida navbatdagi bosqich boshlandi: ayol bokschilar meros uchun jang qilishi, eng yaxshilar faqat eng yaxshilar bilan to‘qnashishi uchun, bu yangi ittifoq “ajralmas” ahamiyatga ega. U Matchroom’ning MVP bilan birga ishlashga to‘liq sodiqligini ochiq aytdi.

Ayollar boksi qayerga boradi?

Bu hamkorlik shartlari mayda detallari bilan ochiqlanmadi, lekin yo‘nalish aniq: katta arenalar, katta raqamlar, katta janglar. Taylor – Serrano trilogiyasi ko‘rsatib qo‘ydi – to‘g‘ri qurilgan karta, to‘g‘ri targ‘ibot va to‘g‘ri raqiblar bilan ayollar jangi ham tarix yozishi mumkin.

Endi savol boshqa: MVP va Matchroom qo‘l berib ishlayotgan bir paytda, kim ularga ringdan tashqarida raqobatchi bo‘la oladi – va bu bosim ostida ayollar boksi yana qanchalik baland cho‘qqiga chiqadi?