Jahon chempionati savdoga qo‘yilyaptimi?
Futbolning yuragi bo‘lgan Jahon chempionati atrofida yevropaliklar keskin chiziq chizdi. FIFA yangi tijoriy kompaniya tuzib, turnirning bir qismini tashqi sarmoyadorlarga sotmoqchi. Bu g‘oya esa UEFA va Yevropa Ittifoqi uchun qizil chiroq bo‘ldi.
Yevrokomissiya: “Cheksiz tijorat futbolni yemiryapti”
Yevropa Ittifoqining sport bo‘yicha komissari Glenn Micallef X ijtimoiy tarmog‘ida ochiq yozdi: futbolning tinimsiz tijoratlashtirilishi “zaharli” tus olayotganini ta’kidladi. Uning fikricha, FIFAning tartibga solish vakolati bilan xususiy kapital manfaatlarining bir chiziqqa tushishi Yevrokomissiya uchun jiddiy xavotir.
Gap shundaki, FIFA 20 milliard dollarlik (taxminan 17,6 milliard yevro) sho‘’ba kompaniya tuzishni rejalashtirmoqda. U Jahon chempionati va boshqa musobaqalarni boshqaradi, ulushlarning 20 foizigacha bo‘lgan qismini tashqi investorlar sotib olishi mumkin. Rasmiy bayonotga ko‘ra, bu orqali a’zolikdagi har bir federatsiya bir martalik tarzda 20 million dollargacha kapital olish imkoniga ega bo‘ladi.
UEFA buni ko‘rishi bilan portladi. Yevropa futbol uyushmasi FIFAni o‘yin “ruhini” sotuvga qo‘yayotganlikda aybladi.
Micallef Yevrokomissiya bu takliflarni sinchiklab o‘rganishini ma’lum qildi. Yevroittifoq shartnomalariga ko‘ra, sport qoidalari Yevropa iqtisodiyotiga ta’sir ko‘rsatsa, ular ham YI qonunchiligiga bo‘ysunadi.
20 milliardlik loyiha va siyosat soyasi
FIFA bu mega-loyihada Nyu-Yorkdagi JP Morgan bilan ishlamoqda. Potensial sarmoyadorlar orasida Joshua Kushner asos solgan Thrive Eternal ham bor. Joshua Kushner — Jared Kushnerning ukasi, Jared esa Ivanka Trump bilan turmush qurgan, Ivanka — AQSh sobiq prezidenti Donald Trumpning qizi.
Shu sababli bu loyiha nafaqat sport, balki siyosiy maydonda ham shov-shuvga sabab bo‘ldi.
Yevropa bo‘ylab tanqidlar yog‘ildi. Buyuk Britaniya Bosh vaziri Andy Burnham keskin munosabat bildirdi: uning so‘zlariga ko‘ra, Jahon chempionati “mahsulot” emas, balki dunyo sportidagi eng buyuk musobaqa va uni hech kim sotuvga qo‘yish huquqiga ega emas.
Boykot xavfi va Infantino bosimi
Sky News xabariga ko‘ra, Yevropa futbol assotsiatsiyalari keyingi Jahon chempionatini boykot qilish variantini ham ko‘rib chiqyapti. Agar FIFA prezidenti Gianni Infantino rejani oxirigacha yetkazsa, bu tahdid real ssenariyga aylanishi mumkin. Masala shu hafta favqulodda onlayn yig‘ilishda muhokama qilinadi.
Hozircha FIFA Shveysariyada joylashgan, 211 milliy federatsiyani birlashtirgan notijorat uyushma bo‘lib qolmoqda. Har qanday yangi reja avvalo shu a’zolar tomonidan ma’qullanishi kerak.
Infantino assotsiatsiyalarga aniq muddat qo‘ydi: 19 sentabrgacha reja bo‘yicha qaror qabul qilishlari lozim. Britaniya OAVlari xabariga ko‘ra, ularni “ha” demoqqa undash uchun 40 million dollarlik (taxminan 35,1 million yevro) rag‘bat paketi taklif etilgan.
FIFA o‘z navbatida, uzoq muddatli sarmoyadorlar sinchiklab tanlanishini, ular faqat ozchilik ulushga ega bo‘lishini va nazoratni qo‘lga olmasligini ta’kidlaydi. Rasmiy pozitsiyaga ko‘ra, sof daromadning barchasi yana futbolning o‘ziga — butun dunyo bo‘ylab qayta yo‘naltiriladi.
Savol esa ochiq qolmoqda: futbol tarixidagi eng ulkan sahna — Jahon chempionati — global o‘yin uchun yangi davrni boshlab beradimi yoki sportning eng muqaddas ramzini bozor qoidasiga topshiradimi?






