UZB sport

Ispaniya kubogida Trumpning sahnada qolishi

Nyu-Jersidagi sovuq, tarang va sifatsiz final nihoyat o‘z yakuniga yetganda, sahnada yagona ravshan manzara bor edi: Ispaniya futbolchilari, oltin kubok va yonida ketishni istamagan Donald Trump.

Ispaniya Argentina ustidan 1:0 hisobida, qo‘shimcha daqiqalarda Ferran Torresning 106-daqiqadagi zarbasi evaziga g‘alaba qozondi. Maydonda hamma narsa hal bo‘lgandek tuyuldi. Ammo sahna ortida hali spektakl tugamagan edi.

Kubok, Rodri va yonidan ketmayotgan prezident

Kubok topshirish marosimi odatdagidek boshlandi. FIFA rahbari Gianni Infantino va AQSh prezidenti Donald Trump Ispaniya sardori Rodri bilan birga sovrinni topshirish uchun sahnaga ko‘tarildi. Rasmiy tabriklar, medal taqish, protokolga xos tabassumlar.

Shundan so‘ng Infantino sahnani tark etishga shaylandi. Rodri ham Trumpdan biroz chetroqqa surilishni iltimos qildi — bu daqiqalar butun jamoa uchun tarixiy suratga tushish onlari edi. Ammo prezident boshqa rejani tanladi.

U sahnani tark etish o‘rniga, qarama-qarshi tomonga o‘tib, Ispaniya futbolchilarining yonida turib oldi. Infantino yugurib qaytdi, uni yana chetga yo‘naltirishga urindi, lekin Trump qaroridan qayrmadi. Kubok baland ko‘tarilgan paytda u sahnada, g‘oliblar qatorida, qo‘l chalib turardi.

Bu manzara ko‘pchilikka tanishdek tuyuldi. O‘tgan yili u Chelsea Klub Jahon Chempionati kubogini ko‘targan paytda ham sahnani tark etmay, g‘oliblarning foniga aylangandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda — masxara va tanqid

X ijtimoiy tarmog‘ida voqea bir zumda portladi. Foydalanuvchilardan biri shunday yozdi: Trump kubok ko‘tarilayotganida sahnani tark etishni rad etgani, Infantinoning uni surib chiqarishga urinishi – “sirk”.

Boshqasi Rodrining uni sahnadan “haydashga” urinishini maqtadi, Infantino ham ojiz qolganini ta’kidladi. Yana bir foydalanuvchi voqea videosini joylab, Trumpning surat markaziga chiqishga urinib, Rodri tomonidan chetga chiqarilgani haqida yozdi. Izohlardan birida bu holat “egotsentrizmning grafik ta’rifi” sifatida tilga olindi.

Stadion ichida ham kayfiyat iliq emasdi. Trump va Infantino maydonga kirganida tomoshabinlarning bir qismi ularni hushtaklar bilan kutib oldi. Ular butun o‘yin davomida tribunadagi maxsus, himoyalangan sektor ortidan, Trump ma’muriyati vakillari va boshqa rasmiylar bilan birga kuzatib turdi.

Qizil kartochkalar, mushtlashuv va Torresning zarbasi

O‘yinning o‘zi esa ko‘ngilni uncha ochmadi. Nyu-Jersidagi final ko‘proq taranglik, kam ijodkorlik va ko‘p to‘xtashlar bilan esda qoldi. Yakunda esa bitta epizod hammasini hal qildi.

Qo‘shimcha bo‘limda, 106-daqiqada, Ferran Torres jarima maydoni ichida paydo bo‘lgan imkoniyatni qo‘ldan boy bermadi. Nico Williamsning pasidan so‘ng to‘pni darvozaga joylab, Ispaniyaga chempionlikni taqdim etdi.

Argentina uchun kecha yanada og‘ir kechdi. Enzo Fernandez qizil kartochka olib, jamoasini o‘n kishi bilan qoldirdi. Yakuniy hushtakdan so‘ng asablar butunlay taranglashdi: Leandro Paredes Eric Garcia bo‘g‘zidan ushlagani uchun maydondan haydaldi, maydonda mushtlar ishga tushgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Argentina alangada kuyib tugadi. Ispaniya esa sovrin bilan.

Trumpning “g‘oyasi” va Messi haqidagi gaplar

Finaldan oldin Trump kimga muxlislik qilayotganini yashirmadi: u Argentina tarafida ekanini, “Messiga qarshi pul tikish qiyin”ligini aytgan edi. Ammo yakunda kubokni ko‘targan jamoa boshqa bo‘ldi, sahnadagi asosiy diqqat esa yana uning o‘ziga qaytdi.

Marosim chog‘ida u hakamlar va futbolchilarga medallarni topshirdi, so‘ngra Infantino bilan kelajak haqidagi “g‘oyasi” haqida gapirib berdi. U o‘z davrida jahon chempionatini AQShga olib kelish jarayonini eslab, stadionlar bo‘sh qolishi mumkinligi haqidagi ogohlantirishi “muvaffaqiyatsiz chiqqanini”, arenalar deyarli to‘lib-toshganini ta’kidladı.

Shundan so‘ng Trump Infantino uchun “dahosona” deb ta’riflagan taklifini tilga oldi: jahon chempionatini ketma-ket ikki mamlakatga birdaniga berish, shunda qaror atrofidagi “shok va g‘azab” kamayishini aytdi. U raqamlar fonida AQSh yana mezbonlikka da’vo qilishi kerakligini urg‘ulab, Gianniga murojaat qildi: “buni yana qilishimiz kerak, eshitdingmi?”

Savol ochiq qoladi: keyingi safar bu sahnada bosh qahramonlar yana futbolchilar bo‘ladimi yoki yana bir bor siyosat kubok ko‘tariladigan podiumni egallaydimi?