Ispaniya g‘alabasi kechasi: Salamanca shahrida fojiaga aylangan hodisa
Ispaniya bo‘ylab Jahon chempionligi nishonlanayotgan paytda, Salamanca viloyatida bayram bir zumda motamga aylandi. Ciudad Rodrigo shahridagi tarixiy Árbol Gordo favvorasi ustiga chiqqan yoshlar quvonch bilan sakrab, qichqirib, yangi chempionlarni olqishlayotgan edi. Bir lahza ichida esa qiyqiriqlar o‘rnini vahima va faryodlar egalladi.
Kecha soat taxminan 00:30 atrofida, favvoraning bir qismi qulab tushdi. 13 yoshli o‘smir voqea joyida halok bo‘ldi. Yana ikki nafar yosh jarohat oldi, ulardan biri oyoq suyagi sinishi gumoni bilan shifoxonaga yetkazilganini Castilla y León favqulodda xizmatlari ma’lum qildi.
Shahar markazidagi bu favvora odatda mahalliy aholi va sayyohlar uchun uchrashuv nuqtasi, tinch maskan edi. Ispaniya terma jamoasining Jahon chempionati finalidagi g‘alabasi esa uni bir kechaga ulkan sahnaga aylantirdi. Yoshlar suvga kirib, konstruktsiyaga chiqib, bayroq va sharflarni hilpiratib, Ferran Torresning Argentina darvozasiga kiritgan hal qiluvchi goli haqida bahslashayotgan, chempionlikni kuylayotgan edi.
Bosim esa oxir-oqibat o‘z so‘zini aytdi. Bir necha kishi favvora tuzilmasiga chiqqanidan so‘ng, uning bir qismi chidamay, qulab tushdi. Mahalliy OAV xabariga ko‘ra, aynan shu ommaviy chiqishlar konstruksiyaning yiqilishiga turtki bo‘lgan.
Shahar hokimligi ijtimoiy tarmoqlarda qisqa, ammo og‘ir ohangdagi xabar bilan chiqdi: Ispaniya milliy terma jamoasining Jahon chempionatidagi g‘alabasi sharafiga o‘tkazilgan nishonlash fojiaga aylangani ta’kidlandi. Rasmiylar halok bo‘lgan bolaning oilasiga hamdardlik bildirib, jarohatlanganlarga tezroq shifo tilaydi.
Castilla y León favqulodda xizmatlari o‘sha daqiqalarda markazga bir necha qo‘ng‘iroq kelganini qayd etmoqda. Qisqa vaqt ichida tez yordam mashinalari va qutqaruvchilar Ciudad Rodrigo markaziga yetib borgan. Ammo 13 yoshli bolaning hayotini saqlab qolishning iloji bo‘lmadi.
Shahar kengashi hodisa tafsilotlarini o‘rganishni boshladi, xavfsizlik choralariga doir savollar esa allaqachon kun tartibiga chiqib ulgurgan. Bayram kechasi uchun mo‘ljallanmagan tarixiy inshootga ko‘plab odamlarning chiqishi, nazoratning yetarli bo‘lmagani va ommaviy nishonlashlar paytidagi xavfsizlik standartlari yana bir bor muhokama markaziga chiqishi aniq.
Bu orada butun mamlakat sport tarixidagi yirik yutuqni nishonlamoqda. Ispaniya terma jamoasi Argentina ustidan 1:0 hisobida zafar qozonib, Jahon chempionati finalida Ferran Torresning qo‘shimcha daqiqalardagi goli evaziga ikkinchi bor chempion bo‘ldi. Birinchi chempionlik 2010 yilda qo‘lga kiritilgan edi, endi esa bu avlod o‘z sahifasini yozdi.
Ammo Salamanca viloyatidagi bu kichik shahar uchun bu kecha boshqacha esda qoladi. Mamlakat bo‘ylab bayroqlar hilpirab, shodiyonalar davom etayotgan bir paytda, Ciudad Rodrigo ko‘chalarida bir oilaning yo‘qotish og‘rig‘i, butun jamoaning karaxt sukuti hukm surmoqda.
Ispaniya futbolidagi navbatdagi oltin bob yozilayotgan bir paytda, bu fojiadan keyin bitta savol havoda qoladi: chempionlikni nishonlash uchun maydon yetarli bo‘lmay qolgan kechalarda, xavfsizlik qachon his-tuyg‘ulardan ustun qo‘yiladi?






