Ispaniya g‘alabasi va Messi so‘nggi so‘zlari
MetLife Stadiumdagi kecha tugaganiga hali ko‘p bo‘lmay, Argentina yulduzlari allaqon kiyinish xonasidan maydonga emas, ijtimoiy tarmoqlar girdobiga “chiqib” bo‘lgandi. 0:1 hisobidagi mag‘lubiyat, qo‘ldan chiqargan chempionlik va shundan ham ko‘proq shov-shuvga sabab bo‘lgan narsa – Lionel Messining final oldidan aytgan so‘nggi nutqi aks etgan video.
TyC Sports tarqatgan qisqa lavha bir necha soat ichida butun dunyo bo‘ylab aylanishga ulgurdi. Unda Messi o‘ziga xos sokin ohangda, terma jamoaning rasmiy kurtkasi ustidan forma kiygancha, kiyinish xonasidan tashqariga chiqib, sheriklariga yuzlanadi: “Xo‘p, yigitlar. Tinchlaning. Eng muhimi – o‘zimizni qo‘lga olish.”
Shu paytgacha hammasi odatiydek tuyuladi. Futbol tarixidagi eng katta o‘yin oldidan sardordan kutiladigan, vazmin, barqarorlikka undovchi gaplar. Lekin keyingi jumla butun bahsni boshqa yoqqa burdi.
“Hammasini unuting. Faqat o‘ynang. Faqat yugurishni o‘ylang, yigitlar”, – deydi Messi.
Ana shu so‘zlar internetni portlatdi. Ko‘plab muxlislar darhol savolga tutdi: Argentina kiyinish xonasida final boshlanmasidan oldin nimadir “boshqacha” bo‘lganmidi? Rasmiy yoki aniq dalil yo‘q, ichki mojaro haqida hech narsa tasdiqlanmagan. Lekin ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari Messining odatdagidan ham ortiqcha bosiq, hatto g‘alati darajada xotirjam ohangini jamoa kayfiyati kutilganidan farq qilganining ishorasidek talqin qila boshladi.
Messining “xotirjam bo‘ling” degan da’vati qog‘ozda chiroyli eshitildi. Amalda esa Argentina finalda aynan shu fazilatni topa olmadi. MetLife Stadiumga ular Ispaniyani ustun o‘yin bilan bo‘ysundirish uchun emas, raqib ritmini buzish, o‘yinni parcha-parcha qilish, tana to‘qnashuvlari va mayda qoida buzishlar bilan raqibni izdan chiqarish uchun kelgandek ko‘rindi. O‘sha yo‘l esa ularni finalga olib kelgan asl futbol uslubidan uzoqlashtirdi.
Ispaniyaning erkin, oqib keladigan kombinatsion o‘yinidan toliqqan Argentina tobora ko‘proq soyalarni quvishga majbur bo‘ldi. Raqib to‘pni aylantirdi, ritmni belgiladi, vaqtni boshqardi. Chempionlar esa bunga javoban o‘yinni keskinlashtirish, tana bilan ishlash, raqibni asabiylashtirishga urinib ketdi. Oxiri bu yo‘l ularni chohga yetakladi: Enzo Fernández maydondan chetlatildi, yakunda esa uchrashuvdan keyin ham chiroyli manzara emas, asabiy tortishuvlar, xunuk sahnalar qoldi.
Ispaniya esa bir lahzaga ham o‘z yo‘lidan chekmadi. Qarshisida ketma-ket ikkinchi jahon chempionligini quvlayotgan, Messining o‘zi bosh bo‘lgan Argentina turgan bo‘lsa-da, Luis de la Fuente jamoasi rejasiga sodiq qoldi. Ular 120 daqiqa davomida raqibni nafas ololmaydigan darajada siqib qo‘ydi, pressing va to‘p nazoratini mukammal uyg‘unlashtirdi, bo‘sh zonalarni yopdi, Messining har bir qadamiga javob topdi.
Bosim baribir o‘z samarasini berdi. Qo‘shimcha bo‘limlarda Ferran Torres zarba berdi – bu zarba nafaqat o‘yinning, balki butun turnirning taqdirini hal qildi. Argentina izlayotgan ikkinchi ketma-ket kubok havoga uchdi, Ispaniya esa ikkinchi bor Jahon chempioni sifatida tarixga muhrlandi.
Bu g‘alaba ularning 2010-yildagi shon-shuhratiga qo‘shilgan navbatdagi oltin sahifa bo‘ldi. Qiziq jihati shundaki, o‘sha paytda ham, hozir ham Ispaniya turnirga amaldagi Yevropa chempioni sifatida kelgan edi. Ularning qo‘lida yana bir bor kuchli, izchil, o‘ziga ishongan jamoa borligini MetLife kechasi butun dunyo aniq ko‘rdi.
Argentina esa kiyinish xonasida aytilgan o‘sha bir nechta sokin jumlaning ortiga qaytib qarashga majbur bo‘ladi. “Hammasini unuting. Faqat o‘ynang. Faqat yugurishni o‘ylang.” Bu so‘zlar jamoani bo‘shatib yuborish o‘rniga, balki undagi ichki taranglikni yanada ochib qo‘ydimikan? Yoki bu shunchaki buyuk futbolchining so‘nggi final oldi nutqi bo‘lib qoladimi?
Javobni vaqt beradi. Ammo MetLife osmonida ko‘tarilgan kubok ranglari aniq: qizil va sariq. Ispaniya yana dunyo cho‘qqisida turibdi. Argentina esa o‘z yo‘lini qaytadan topishi kerak bo‘ladi.






