ISL va Sportradar: 2030-yilgacha yangi davrning poydevori
Hindistonning eng nufuzli futbol loyihalaridan biri bo‘lgan Indian Super League o‘zining klublar boshchiligidagi yangi davriga kirar ekan, maydondan tashqarida ham muhim g‘alabani qo‘lga kiritdi. Liga Shveytsariyaning sport texnologiyalari bo‘yicha yirik kompaniyasi Sportradar bilan 2030-yilgacha davom etadigan yangi kelishuvni imzoladi.
To‘rt yillik bitimning umumiy qiymati 6 million AQSH dollari, ya’ni taxminan 57 crore rupiy. Mavsumiga 1,5 million dollar. Bu esa 2024-25 yilgi to‘liq mavsum bo‘yicha avvalgi shartnomadan qariyb 21 foizga yuqori.
Yangi tuzilma, yangi pul oqimi
ISL uchun bu oddiy texnik yangilanish emas. Bu — klublar ligani o‘z qo‘liga olganidan keyingi tijoriy strategiyaning asosiy bo‘g‘ini.
Football Sports Development Limited va All India Football Federation o‘rtasidagi Master Rights Agreement yakunlangach, liga tijoriy va operatsion boshqaruvi klub tomonga o‘tdi. Endi har bir kelishuv — bu bevosita klublar daromadi, ularning infratuzilmasi, akademiyalari va tarkibga qilinadigan sarmoya demak.
Sportradar bilan yangi bitim — klub-led model ostida imzolangan ikkinchi yirik kelishuv. Avvalroq klublar EA Sports bilan to‘rt yillik litsenziya shartnomasiga erishgan, buning evaziga Indian Super League EA Sports FC o‘yinlarida yana bir necha yil davomida saqlanib qoladi. Endi esa ma’lumot, integritet va texnologiya frontida ham mustahkam tayanch paydo bo‘ldi.
Ma’lumot va halollik – liganing yashirin tayanchi
Sportradar 2001-yilda tashkil topgan va St. Gallen shahrida joylashgan. Bugun u sport, media va betting sanoatining eng yirik texnologik o‘yinchilaridan biri sifatida tanilgan.
Kompaniya real vaqt rejimidagi sport ma’lumotlari, betting va media yechimlari, live streaming xizmatlari, muxlislar uchun interaktiv mahsulotlar taqdim etadi. Eng muhim jihati – Integrity Services bo‘limi. Aynan shu bo‘lim turli ligalar va boshqaruv organlari bilan hamkorlik qilib, betting bozorlarini kuzatadi, o‘yin natijalariga ta’sir qilishga urinishlar, match-fixing va boshqa firibgarliklarni aniqlashga harakat qiladi.
Sportradar bugun FIFA, UEFA, NBA, NFL, NHL kabi yirik tashkilotlar bilan ishlaydi, 60 dan ortiq sport turida yiliga 1 milliondan ziyod sport voqeasini qamrab oladi. Endi bu ro‘yxatda Indian Super League ham o‘z o‘rnini mustahkamlaydi.
ISL uchun bu nimani anglatadi?
Yangi kelishuvga ko‘ra, Sportradar 2029-30 mavsumigacha liganing rasmiy Data and Integrity Partner maqomini saqlab qoladi. Bu degani:
- ISL uchrashuvlari bo‘yicha statistik ma’lumotlar yanada tizimli va tezkor ko‘rinishda taqdim etiladi;
- betting bozorlaridagi shubhali faolliklar chuqur monitoring ostida bo‘ladi;
- liga o‘zini global standartlarga mos, halollikni birinchi o‘ringa qo‘ygan turnir sifatida ko‘rsatish imkoniyatini kengaytiradi.
Klublar uchun esa bu – barqaror, aniq hisob-kitob qilinadigan yangi daromad oqimi. Tijoriy model qayta qurilayotgan paytda bunday to‘rt yillik kafolatli kelishuvlar strategik ahamiyatga ega.
2030-yilgacha bo‘lgan yo‘l xaritasi
2026-27 mavsumi erta oktabrda start olishi kutilmoqda. Ana shu start chizig‘iga kelib, liga allaqachon ikki muhim savolga javob topdi: virtual maydonda (EA Sports orqali) va ma’lumot hamda integritet frontida (Sportradar orqali) o‘z o‘rnini mustahkamladi.
Endi navbat uchinchi savolda: klub-led ISL ushbu tijoriy poydevor ustiga maydondagi sifat, stadionlardagi atmosfera va akademiyalardagi iste’dodlar bilan qanday bino quradi?






