Inter Milan Curtis Jones transferi bo‘yicha harakatga o‘tdi
Serie A chempioni Inter Milan yozgi bozorni kutib o‘tirmadi. Klub vakillari vositachilar orqali Liverpool bilan bog‘lanib, Curtis Jones transferi bo‘yicha ilk qadamni tashlagani haqida xabarlar tarqaldi.
James Horncastle’ning The Athletic’dagi ma’lumotiga ko‘ra, italiyaliklar 35 million yevro atrofida to‘lovga tayyor. Liverpool esa o‘z tarbiyalanuvchisini bundan biroz qimmatroq – qariyb 40 million yevroga baholamoqda. Hozircha raqamlar bir-biriga yaqin, lekin yetarlicha emas. Muzokaralar uchun eshik esa ochiq.
Jones bilan amaldagi shartnoma 2027-yil yozigacha mo‘ljallangan. Demak, Liverpool shoshmaydi. Inter esa vaziyatni hozir, hissiyotlar chulg‘agan paytda ishga solishga urinmoqda.
Wrexham o‘yini va kapitanlik bog‘ichi atrofidagi mojaro
Bu qiziqishning fonida bir epizod turibdi. Wrexham ustidan 1:0 hisobidagi g‘alabadan keyin Curtis Jonesning Dominik Szoboszlai va Kostas Tsimikas bilan bahslashayotgani aks etgan videolavha ijtimoiy tarmoqlarda tez tarqaldi.
Kadrda Tsimikas yerga tashlangan Liverpool kapitanlik bog‘ichini qo‘lidan chiqarib yuborgani ko‘rinadi. Shu lahza Jonesni yanada jahli chiqarganini sezish qiyin emas.
Mojaroning markazida aynan shu bog‘ich turgani ko‘rinib turibdi. Akademiya tizimidan o‘tgan, klubda yillar davomida ulg‘aygan futbolchi sifatida Curtis uchun kapitanlik va uning “zanjiri” oddiy atribut emas. Bu – o‘z o‘rni, hurmat va ichki ierarxiya masalasi.
Bu faqat o‘rtoqlik uchrashuvi edi. Natija jihatidan deyarli hech narsani hal qilmaydigan kecha. Shunga qaramay, Jonesning o‘zini tutib turolmagani ko‘pchilikni ranjitdi. Ammo uning hissiyotini tushunish qiyin emas: u bu klubni ichidan biladi, o‘zini bu libosga mas’ul deb his qiladi.
Yangi bosh murabbiy Andoni Iraola qo‘l ostida bu kichik mojaro ichkarida tezda yopilib, jamoa yana bir yo‘nalishda harakatlanishi klub ichkarisidagi ko‘pchilik kutayotgan ssenariy.
Inter Milan vaziyatdan foydalanmoqchi
Shu fon, aynan shu his-tuyg‘ular chulg‘agan pallada Inter Milan o‘z yurishini boshladi. Qizigan temirni urishadi.
Curtis Jones uchun Italiyaga, Serie A ga ko‘chish varianti yomon emasdek ko‘rinishi mumkin. U yerda asosiy tarkibda yanada markaziy rol, ko‘proq mas’uliyat, ko‘proq erkinlik va’da qilinmoqda. Bunday taklif har qanday ambitsiyali futbolchini o‘ylantiradi.
Liverpoolda esa hali ham savollar bor: Iraola uni qaysi pozitsiyada ko‘radi, qanchalik markaziy figura sifatida ko‘radi, qanday tizimda undan foydalanadi? Bu savollarga hali to‘liq javob yo‘q.
Shunga qaramay, yangi bosh murabbiy allaqachon Jonesga bo‘lgan munosabatini aniq ko‘rsatib qo‘ydi. U ochiqchasiga ingliz yarim himoyachisini juda yuqori baholashini, uni katta futbolchi deb bilishini, jamoada qolishini istashini aytdi. Uning Scouse ekanini, mahalliy ildizlarini, xarakterini alohida qadrlashini ta’kidladi.
So‘z – bir narsa. Amaliyot – boshqa. Ammo birinchi signallar ijobiy: Liverpool yana intensivlikka asoslangan futbolga qaytmoqchi, bu esa Curtis Jones kabi dinamika va pressingga mos futbolchilar uchun ayni muddao.
Endi sahnada bitta savol turibdi: Inter Milanning taklifi va yangi sahifa va’dasi kuchliroqmi yoki Anfield’dagi o‘z uyida, o‘z shahri va o‘z klubi markazida qolish istagi ustun keladimi?






