Ineosning Yozgi Rejasi: Kit Margetson Manchester Unitedga Qo'shildi
Yozgi rejani o‘zgartirmayotgan Ineos: navbat Kit Margetsonda
Manchester United yozni katta sarlavhalar bilan emas, uzoq muddatli reja bilan o‘tkazyapti. Andrey Santos va Youri Tielemans kelishi e’tiborni tortdi, lekin klub ichkarida boshqa, jimroq frontda ham ishlayapti. Kelajak posbonlari frontida.
Tottenham Hotspurdan Tynan Thompsonni tortib olish allaqachon o‘ziga xos zarba bo‘lgandi. Endi esa navbat Kit Margetsonga yetdi.
Cymru Premierdan Carringtonga
20 yoshli darvozabon Carringtonga erkin agent sifatida keladi. U avval Swansea City tizimida bo‘lgan, lekin haqiqiy katta futbolni o‘tgan mavsumda Cymru Premierdagi Connah's Quay safida tatib ko‘rdi.
Uels oliy ligasida 31 o‘yin, 37 ta o‘tkazib yuborilgan gol. Qog‘ozda bu raqamlar oddiy ko‘rinishi mumkin. Maydonda esa boshqa manzara bo‘ldi: Margetson tez orada Shimoliy Uels klubining asosiy tayanchlaridan biriga aylandi.
Uning o‘yini Manchester United muxlislariga yaxshi tanish bo‘lgan ism – skaut Tony Coton nigohini tortdi. O‘tgan mavsum Senne Lammensni topib, klubga olib kelgan ham aynan shu mutaxassis edi.
Sport direktori Jason Wilcox o‘sha paytda Lammens haqida gapirar ekan, Cotonning ismini alohida ta’kidlagandi. U Senne haqida bir yil oldin ogohlantirgan, o‘z fikridan qaytmagan, oxir-oqibat belgiyalik darvozabon Old Trafford sari yo‘l olgan.
Endi xuddi shu yo‘l Margetson uchun ochildi.
“Cymru Premier yulduzlaridan biri”
Y Clwb Pel-droed asoschisi Harrison Jones uchun Margetsonning Connah's Quayga kelishi allaqachon katta ish bo‘lib ko‘ringan.
“Kit Margetson Connah's Quayga qo‘shilganda, bu ular uchun yulduz darajadagi transfer sifatida qabul qilingandi, – deydi u Manchester Evening News bilan suhbatda. – U ilgari Uelsda, Swansea City bilan tajriba orttirgan, lekin hech qachon katta futbol darajasida emas.”
Shunga qaramay, bir mavsum ichida u butun ligadagi eng yorqin posbonlardan biriga aylandi.
“U o‘tgan mavsum Cymru Premierdagi eng ko‘zga ko‘ringan darvozabonlardan biri edi. Bu liga Cardiff City va Uels yoshlari ilk bor ko‘rinadigan maydon. Ko‘p narsa shuni ko‘rsatadiki, u ham xuddi o‘sha yo‘lni bosib o‘tishi mumkin”, – deydi Jones.
Coton ham aynan shuni ko‘rgan. U Flintshirega, The New Saintsga qarshi o‘yinni tomosha qilish uchun bordi. O‘sha kecha Margetson o‘zini yetarlicha ko‘rsatdi – bugun esa natijasi ko‘rinib turibdi.
Jones ta’rifiga ko‘ra, Margetson va Lammensni faqat scout emas, raqib hujumchilari ham chalkashtirib yuborishi mumkin.
“Tony Coton uni TNSga qarshi o‘yinda ko‘rdi va u avval ham Lammensni topgandi. Ularning bo‘yi, jarima maydonini boshqarishi, tezkor reaksiyalari o‘xshash. United qo‘lida haqiqiy iqtidor bor”, – deydi u.
Lammens ruhi va Margetson xotirjamligi
O‘tgan mavsumda Lammensning eng katta kuchlaridan biri – sokinligi edi. Belgiyalik darvozabon United rasmiy saytiga bergan intervyusida o‘zini “mudofa orqasidagi qoyatosh” bo‘lishga intilishini aytgan, xato qilsa ham bosim ostida sovuqqon qolishga harakat qilishini ta’kidlagan.
Jones Margetsonda ham shunga o‘xshash ruhni ko‘radi.
“Uni intervyu qilish imkoniga ega bo‘lganman, – deydi u. – U juda xotirjam, bo‘sh odam. Kameralar oldida bo‘lishga o‘rgangan tip emas. O‘zini ko‘rsatishni yoqtirmaydi, lekin maydonda juda bardam.”
Connah's Quay ham buni his qilgan. Ular bu ijarani yana bir yilga cho‘zib bo‘lmasligini bilishgan, baribir unga bog‘lanib qolishgan.
“Ayishadi-ku, ijaradagi o‘yinchiga oshiq bo‘lmang, deb. Ular aynan shuni qildi”, – deydi Jones.
Kutilmagan sakrash va keyingi qadam
Jones Margetsonning keyingi manzili Manchester United bo‘lishini kutmaganini tan oladi. U buni “ulkan kutilmagan holat” deb ataydi.
Uels ligasidan to‘g‘ri Old Trafford eshiklarigacha – bu odatiy yo‘l emas. Aynan shuning uchun bu transfer Cymru Premier uchun deyarli mislsiz voqea bo‘lib turibdi.
Shu bilan birga, Jones Margetsonning karerasi uchun keyingi bosqichni ancha yerga yaqin tasavvur qiladi.
Uning fikricha, Cymru Premier darajasi taxminan National League yoki National League North/Southning yuqori qismiga teng. Bu liga himoyachilar va hujumchilarning jismoniy kuchi bilan mashhur. Margetson allaqachon shunday futbolchilarga qarshi o‘ynab ulgurgan.
Shu sabab, agar u Manchester United akademiyasiga qo‘shilsa, navbatdagi mantiqiy qadam – ijaraga ketish bo‘lishi kerak.
“Menimcha, u League Two darajasidagi ijarani munosib ko‘radi, – deydi Jones. – U endigina o‘ynab chiqqan Cymru Premier raqobatbardoshligini hisobga olsak, bu tabiiy qadam.”
Margetson uchun bu transfer Uels ligasida deyarli eshitilmagan sakrash. Uels futbol jamoatchiligi unga omad tilayapti. Faqat bir toifa odamlar bundan xursand bo‘lmasa kerak – o‘tgan mavsum uni bir necha bor dog‘da qoldirgan hujumchilar.






