UZB sport

Ian Machado Garry: Vegan Jangchi Chempionlik Sari

Ian Machado Garry hayotidagi eng katta jang arafasida turibdi. U o‘zi bosib o‘tgan yo‘lni tahlil qilsa, besh yil avval qilgan bitta qaror hammasini o‘zgartirganini aytadi. Ovqatlanish tartibini. Aynan shu burilish uni UFC cho‘qqisiga olib chiqayotganiga ishonadi.

UFC’dagi debyuti g‘alaba bilan yakunlangandi. Jordan Williams ustidan ishonchli g‘alaba. Ammo oktagondan tashqarida boshqa jang ketayotgan edi. Machado Garry organizmi bilan kurashardi.

Vazn tushirish jarayonlarida u bir necha bor shamollash, infeksiya va turli “bug”larni boshdan kechirdi. Immun tizimi charchagan, tana toqat bermayotgandi. Har bir lager oldidan bir xil ssenariy: keskin parhez, o‘tkir vazn tashlash, keyin esa kasallik.

Shu payt irlandiyalik keskin burildi. Go‘shtni tark etdi, to‘liq o‘simlikka asoslangan vegan parheziga o‘tdi. 28 yoshli jangchi o‘sha qarorga qaytib qaragani yo‘q.

Natija ko‘p kuttirmadi. Keyingi 10 jangining 9 tasida g‘alaba. Endi esa UFC 330 galasida, 15 avgust kuni, Filadelfiyada welterweight kamar uchun jang. Raqib – Rossiya yulduzi Islam Makhachev.

Machado Garry bu bosqichga aynan veganga aylanishi olib kelganini ochiq aytadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, eski ovqatlanish uslubi vazn tushirish jarayonini vayron qilardi, jangga tayyorgarlikni yemirib tashlardi. U doimiy ravishda kasal bo‘lib qolaverardi.

Go‘sht yegan davrida, deydi u, tanasi ovqatni hazm qilish uchun ichkarida “ko‘proq ishlashga” majbur bo‘lgan. O‘simlik asosidagi parhezga o‘tgach esa dam olish va tiklanish jarayonida keskin farq sezgan.

Buni u ayniqsa qisqa muddatda qabul qilingan janglarda sinab ko‘rdi. Carlos Prates va Shavkat Rakhmonov bilan bo‘lgan bellashuvlar – shunday misollar. Har ikkisi ham atigi bir haftalik ogohlantirish bilan olingan janglar edi.

Uning fikricha, avval bu ishni uddalay olmasdi. Endi esa vazn nazorati – aniq, tiklanish – tez, mashg‘ulotlardagi intensivlik – eng yuqori darajada. Shu tufayli u qisqa muddatli takliflarni qabul qilib, reytingdagi eng kuchlilar bilan jang qilish imkoniga ega bo‘ldi.

Agar u Makhachevni mag‘lub etsa, UFC tarixida Conor McGregor’dan keyngi ilk irlandiyalik chempionga aylanadi. Bu nafaqat kamar, balki butun mamlakat uchun yangi sahifa bo‘ladi.

Machado Garry bugun vegan sportchilar safida. Formula 1 yulduzi Lewis Hamilton, tennis afsonasi Venus Williams, MMA’dagi Nick va Nate Diaz birodarlariga qo‘shilgan holda, u ham o‘simlikka asoslangan turmush tarzini targ‘ib qilmoqda.

Vegan parhezining foydasi ko‘p: tolaga boy, xolesterin past. Lekin bu yo‘l intizom talab qiladi. Protein, vitamin B12 kabi odatda go‘sht, baliq, tuxum va sut mahsulotlarida uchraydigan moddalarning o‘rnini to‘g‘ri to‘ldirish kerak. Machado Garry shuni tan oladi: kerakli moddalarning hammasi har doim qo‘l ostida bo‘lavermaydi, shuning uchun u ancha tartibli bo‘lib qoldi. Biroq bu qat’iyat uning sport formasiga juda mos tushdi.

U o‘zini shunday ta’riflaydi: vaznini doim kuzatib borishi kerak bo‘lgan sportchi, tanovul qilgan har bir luqmasi ahamiyatli bo‘lgan jangchi. Shuning uchun veganizmni hamma ham ko‘tara olmasligini aytadi. Bunday turmush tarzi qat’iylikni, o‘zini tiyishni talab qiladi. Lekin kim bunga tayyor bo‘lsa, uningcha, natija va mukofotini albatta ko‘radi.

Bu uning vegan sifatida oktagonga chiqadigan 11-jangi bo‘ladi. U o‘zini hech qachon bunchalik sog‘lom his qilmaganini ta’kidlaydi: jarohatlar yo‘q, yumshoq to‘qima shikastlari yo‘q, mushak muammolari yo‘q.

Boshlanishida bu qaror faqat UFC karerasini saqlab qolish uchun qilingan edi. Vaqt o‘tishi bilan esa u o‘z pozitsiyasini kengaytirdi. Endi Machado Garry hayvonlar huquqi va atrof-muhit himoyasi haqida ham balandroq gapiradi.

U hayvon huquqlarini himoya qiluvchi Peta xayriya tashkiloti bilan hamkorlik qiladi. Agar chempionlik kamarini qo‘lga kiritsa, o‘z minbarini yanada kengaytirishni, ekologiya va iqlim haqida ko‘proq gapirishni istaydi.

O‘simlikka asoslangan parhez, o‘rtacha hisobda, go‘sht iste’mol qilinadigan ratsionga qaraganda ancha kam karbonat gaz chiqindilarini keltirib chiqaradi. Bu raqamlar qog‘ozda qolmayapti – ular hayotning o‘zida sezilmoqda.

O‘tgan oy Zoom orqali bo‘lib o‘tgan suhbat chog‘ida Machado Garry Surreydagi bog‘da sayr qilib yurgan edi. Angliyada rekord darajadagi issiq to‘lqin kuzatildi, harorat ko‘tarilib ketdi. Mutaxassislar buni global isish bilan bog‘layapti va bu yil Angliyada issiqqa bog‘liq o‘limlar soni rekord darajaga chiqishi kutilmoqda.

Machado Garry ulg‘aygani sari har bir insonning sayyoraga qilayotgan ta’sirini boshqacha ko‘ra boshlaganini aytadi. U yozlar qanday o‘zgarganini eslatadi: avvallari Angliyada 20 daraja atrofidagi issiq “omad” sanalardi, endi esa 30 darajadan yuqori harorat odatiy holga aylanib bormoqda.

Uningcha, bizning har bir qarorimiz – hayvonlarga, qushlarga, asalari va boshqa hasharotlarga, butun dunyo bo‘ylab insonlarga, dengiz hayotiga ta’sir qiladi. Shuning uchun u har kuni qilinadigan tanlovlarga hushyor bo‘lishga chaqiradi.

Endi esa uning navbatdagi tanlovi oktagonda bo‘ladi. Filadelfiyada, UFC 330 kechasida, Makhachevga qarshi. U o‘z tanasini o‘simliklar bilan “yoqilg‘i” qilgan jangchi sifatida kamar sari yurmoqda. Savol bitta: bu yo‘l uni chempionlikka olib chiqadimi?