Hearts yangi murabbiy Wouter Vrancken bilan yangi davrni boshlaydi
Olti haftada tepasidan shamol o‘tdi. Scottish Premiership titulini so‘nggi nafaslarda boy bergan Heart of Midlothian shu qisqa muddat ichida sardorini yo‘qotdi, bir nechta asosiy futbolchilar bilan xayrlashdi, yetti yangi o‘yinchi oldi va endi Derek McInnes o‘rniga yangi bosh murabbiyga ega bo‘ldi.
Tynecastle atrofida butun yoz davomida tinchlik bo‘lmadi. Ammo 47 yoshli belgiyalik Wouter Vrancken ilk bor matbuot oldiga chiqqan payt – klub uchun yangi bobning ochilgan lahzasi bo‘ldi.
Ma’lumotlarga tayangan inqilob
Tony Bloom va uning analitik kompaniyasi Hearts tizimiga allaqachon bir yildan ortiq vaqt ta’sir ko‘rsatib keladi. Endi esa Vrancken kelishi bilan bu yo‘l orqaga qaytmaydigan darajada tezlashdi: klubning ma’lumotlarga tayangan rejasi to‘liq ishga tushmoqda.
Sport direktori Graeme Jones izlash jarayonini ochiq tasvirladi: sobiq Sint-Truiden va Genk bosh murabbiyi statistik ko‘rsatkichlarda “alohida ajralib turgan” nomzod bo‘lgan. Belgiyada jamoalarini imkonidan yuqoriga ko‘tarib kelgani ham shu tanlovni mustahkamladi.
Eng muhimi, Vrancken Heartsning strategiyasi va falsafasiga mos tushadi. McInnesdan farqli ravishda, u har doim o‘zini “bosh murabbiy” deb bilgan, transferlar va tarkibni shakllantirishda klub tuzilmasi bilan birga ishlagan. Bu yerda ham xuddi shunday bo‘ladi. Yoz bo‘yi u kelishidan oldin yetti futbolchi allaqachon imzo chekkan.
Vrancken Union Saint-Gilloise sport direktori Chris O’Loughlin bilan ham yaqin. Bu klub ham Bloom portfelidagi loyihalardan biri va belgiyalik murabbiy u bilan yillab raqobat qilgan.
“O‘sha parda ortida nimalar bo‘layotganini ko‘rishni doim xohlaganman, – deya tushuntiradi Vrancken. – Balki bu aynan shunday imkoniyatdir. Belgiyada bu tizim bilan to‘qnash kelganman, shu sababli skauting va transfer jarayoniga ishonchim katta. Endi esa ikkinchi tomonda turib, bu jarayonning bir bo‘lagi bo‘lishni istayman”.
To‘pni talab qiladigan futbol
Belgiyadagi jamoalari Vrancken qo‘lida tajovuzkor, hujumkor o‘yin bilan tanilgan. Endi u shu uslubni Edinburgga olib kelmoqchi. To‘rt hafta ichida jamoani birinchi o‘yin – Champions League saralashidagi Sturm Grazga qarshi bahsga tayyorlash kerak. Bu qisqa muddat. Lekin u tezlikni oshirishga tayyor.
“Men to‘pni o‘zimda bo‘lishini yoqtiraman, – deydi u. – Ijobiy, konstruktiv o‘yin tarafdoriman. Futbolda zavq bo‘lishi kerak. Futbolchi o‘z potensialiga yetishi uchun o‘yindan rohat olishi shart. Biz shuni yaratmoqchimiz: ijobiy, imkon qadar hujumkor futbol, yuqori pressing, katta intensivlik, energiya bilan”.
Hearts uchun bu faqat shior emas. Bloom kelganidan beri klubda tarkib almashinuvi tezlashgan, bu yoz ham bundan mustasno emas.
O‘tgan mavsumda titul uchun kurashgan jamoaning tayanchi bo‘lgan sardor Lawrence Shankland va Beni Beningime ketdi. Cammy Devlin esa yangi shartnoma borasida hanuz qaror qilgani yo‘q. Himoyachilar Michael Steinwender va Frankie Kent ham klubni tark etishdi, Craig Halkett mavsum startini o‘tkazib yuboradi. Xabarlar Claudio Braga va qanot futbolchisi Alexandros Kyziridis ham sotilishi mumkinligini aytmoqda.
Vrancken bu holatdan cho‘chimaydi. Katta tarkibga yana qo‘shimcha bo‘lishi ehtimolini ham inkor etmadi. Eng muhimi – u allaqachon qo‘l ostidagi jamoada o‘z uslubini qo‘llash uchun yetarli sifat ko‘rayapti.
“Bu allaqachon yaxshi, katta tarkib va ular o‘tgan yili juda yaxshi o‘ynashdi, – deydi u. – Shuning uchun men ko‘p narsani o‘zgartirishim shart deb o‘ylamayman. Balki menga kerak bo‘lgan ayrim xususiyatlarga ega o‘yinchilarni qo‘shish kifoya. Oldingi murabbiy bu yerda ajoyib ish qildi, bunga katta hurmatim bor. Lekin ikki murabbiy hech qachon bir xil bo‘lmaydi – boshqacha narsalarga urg‘u beramiz. O‘tgan yilgi tarkibni ko‘rib, mening o‘yinimga mos juda ko‘p sifatlarni topdim”.
Yara hali bitmagan, lekin maqsad o‘sha
Savol bitta: bunday o‘zgarishlar, qisqa tayyorgarlik va yangi falsafa fonida Hearts yana jadval tepasiga yopishib ololadimi?
Vrancken uchun vazifa aniq – yuqoriga intilish. Bu uning Belgiyadan tashqaridagi ilk ishi, lekin bosimdan zavq olayotgandek ko‘rinadi.
U klubning o‘tgan mavsumdagi og‘riqli yakunini yaxshi tushunadi. Hearts titulni kampaniyaning so‘nggi daqiqalarida qo‘ldan chiqardi. Xuddi shunday zarbani Vrancken ham boshidan kechirgan: 2023 yilda Gent bilan Royal Antwerp so‘nggi turda kech gol urib, chempionlikni tortib olgan.
“Bunday narsadan o‘tish uchun vaqt kerak, – deydi u. – Lekin yangi mavsum, yangi maqsadlarga qarab ishlash – bundan chiqib ketishning yagona yo‘li. Keyingi safar hikoyaning yaxshi tomonida bo‘lishimizni istayman. Energiya faqat oldinda turgan narsaga sarflanishi kerak, ortga ko‘p qarab o‘tirmaslik lozim”.
U uchun bitta mezon bor: ambitsiya.
“Eng yaxshi klublar – maqsadi bor klublar. Bu yerda maqsad aniq, diqqatni jamlash uchun zo‘r nuqta, yaxshi marradir. Endi ishlash, imkon qadar balandroqqa intilish kerak. Qayerda to‘xtashimizni esa mavsum o‘zi ko‘rsatadi”.
Savol shunda: Tynecastle bu safar oxirgi daqiqalarda yiqiladimi yoki nihoyat ma’lumotlarga tayangan bu jasur tajriba Heartsni marraga yetaklay oladimi?






