Hamza Abdelkarim: Flick qo‘l ostida yozgi tayyorgarlikdagi yutuqlar
Hansi Flickning ilk yozgi “Barcelona”si hali shakllanib ulgurmagan bo‘lishi mumkin, lekin bir futbolchi allaqachon o‘zini alohida ko‘rsatib bo‘ldi. Misrlik hujumchi Hamza Abdelkarim premyera tarkib uchun kurashni shunchaki boshlagani yo‘q, uni portlatib yubordi.
Angliyadagi o‘yinlar, ayniqsa “Birmingham City”ga qarshi bahs, bu jarayonning cho‘qqisi bo‘ldi. Ikki gol. Birinchisi – bosim ostida bajarilgan penalti, ikkinchisi – haqiqiy hujumchiga xos hushyorlik va texnika. Yozgi o‘rtoqlik uchrashuvlari uchun bu shunchaki statistika emas, murabbiy uchun signal.
Flick ishonchini qozongan yigit
Kataloniyaning “Sport” nashri xabariga ko‘ra, Hamza hozircha Flick qo‘l ostidagi eng yorqin yosh futbolchilardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Gap faqat gollarda emas. U yozgi tayyorgarlikning dastlabki ikki o‘yinini – “Europa” (4:1) va “Birmingham City”ga qarshi bahsni – asosiy tarkibda boshladi. Bu ishonch darajasiga har bir yosh futbolchi ham erisha olmaydi.
Flick tizimida hujumchi nafaqat gol urishi, balki butun chiziqni boshqarishi kerak. Hamza aynan shuni taklif qilmoqda.
To‘liq hujumchi portreti
“Birmingham”ga qarshi o‘yinda u klassik markaziy hujumchi sifatida nimaga qodir ekanini ko‘rsatdi. Orqa tomoni bilan to‘pni qabul qilish, raqib himoyachisini gavdasi bilan yopib olish, keyin esa to‘satdan yuzlanib hujumga o‘tish – bularning barchasini u ishonch bilan bajardi. Murabbiylar shtabi buni “ishontiruvchi” o‘yin sifatida qayd etgani bejiz emas.
Birinchi bo‘limda uning harakati to‘xtamadi. Tezlik, uzluksiz harakat, jarima maydonida bo‘sh hudud izlash – Hamza bir lahza ham to‘pni talab qilishdan charchamadi. Natija uzoq kutdirmadi: raqib himoyachisining harakatini o‘qib, penalti ishladi.
Bu yerda yana bir muhim detal bor. U darhol mas’uliyatni o‘z zimmasiga oldi. To‘pni qo‘liga oldi, nuqtaga bordi va chap oyog‘i bilan darvozabon James Beadleni aldab, pastdan aniq zarba yo‘lladi. Yozgi o‘yinlardagi ilk gol. Lekin uning qiymati oddiy “o‘rtoqlik” darajasidan ancha yuqori.
Kurashuvchanlik, Flick talab qiladigan ruh
Hamzaning ishtahasi faqat hujumda emas, himoyada ham sezildi. U “Barcelona”ning birinchi bo‘limdagi olti qoidasiz o‘yinining uchtasini sodir etdi. Oxirgisidan so‘ng sariq kartochka oldi. Raqamlar shuni ko‘rsatadiki, u old chiziqda bosim berishdan, to‘qnashuvga kirishdan cho‘chimaydi.
Bu Flick uchun muhim signal. Germaniyalik mutaxassis hujumchilardan faqat nozik texnika va gol emas, balki mehnat, pressing, raqibga tinchlik bermaydigan xarakterni talab qiladi. Sariq kartochka Hamzani to‘xtatmadi, aksincha, uning o‘yindagi ohangini belgilab berdi.
U markaziy hujumchi sifatida murabbiylar kutayotgan narsa – xarakter, tana bilan kurashish, jarima maydonida doimiy tahdid – barchasini olib kirdi.
Dubllni to‘ldirgan instinkt
Ikkinchi gol esa hujumchilik instinktining yorqin namoyishi bo‘ldi. Jarima maydoni atrofida Roony kuchli zarba yo‘lladi, darvozabon to‘pni qaytardi. Aynan shu lahzada Hamza hushyorlik bilan vaziyatni o‘qidi. Reboundga birinchi bo‘lib yetib bordi va zarbani aniq yakunladi.
Bu gol texnika bilan birga ichki refleksni ham ko‘rsatdi: to‘g‘ri joyda, to‘g‘ri vaqtda bo‘lish. Bunday fazilatlar transfer bozorida “sof” hujumchi qidirayotgan klub uchun ayniqsa qimmatli.
Qattiq raqobat fonida imkoniyat
Hamza Abdelkarim o‘tgan qish Al Ahly safidan “Barcelona”ga qo‘shilganida, bu ko‘pchilik uchun uzoq muddatli loyiha bo‘lib ko‘ringan edi. Bugun esa u har daqiqadan maksimal foyda olib, asosiy tarkibga yo‘l ochishga urinmoqda.
Katalon klubi yozgi oynada markaziy hujumchi izlayotgani sir emas. Bu esa raqobatni yanada keskinlashtiradi. Yakuniy qarorlar keyinroq qabul qilinadi, ro‘yxatlar qisqaradi, kimdir ijaraga ketadi, kimdir B jamoada qoladi.
Lekin ayni paytda bitta haqiqat bor: Hamza o‘z nomini Flick kayfiyatiga jiddiy ta’sir o‘tkaza oladigan futbolchilar ro‘yxatiga yozdirib bo‘ldi. U nafaqat “ko‘rib qo‘yiladigan” yosh iste’dod, balki birinchi jamoa uchun haqiqiy variant sifatida ko‘rilmoqda.
Endi savol shunday: “Barcelona” yangi hujumchini tashqaridan topadimi yoki Flick izlayotgan “sof to‘qqizlik” allaqachon o‘zini Angliyadagi yozgi kechalarda tanishtirib bo‘ldimi?





