Glazgoda yo‘qolgan bokschilar: Savollar tug‘ildi
Glazgoda yakunlangan Commonwealth Games atrofidagi shovqin hali bosilmay turibdi, ammo bu safar gap medallar yoki rekordlar haqida emas. Shotlandiya politsiyasi ma’lum qilishicha, musobaqadan so‘ng bir necha sportchi delegatsiyalariga qaytmagan va hozircha ular qayerdaligi noma’lum.
Shotlandiya politsiyasi rasmiy bayonotida “bir necha sportchi hisobdan chiqqani” haqida xabar berdi. Ayni paytda ularning aniq soni yoki ismlari ochiqlanmagan, tekshiruv davom etmoqda. Politsiya vakiliga ko‘ra, holatni o‘rganish ishlari boshlangan, Buyuk Britaniya Ichki ishlar vazirligi bilan ilk muloqotlar yo‘lga qo‘yilgan.
Ugandadagi sport nashri NBS Sport xabariga ko‘ra, mamlakat boks terma jamoasining to‘rt a’zosi Shotlandiyada g‘oyib bo‘lgan. Ular seshanba kuni Ugandaga qaytishi kerak bo‘lgan delegatsiya bilan birga aeroportga kelmagan. Shu paytga qadar ularning hech biri rasmiy ravishda topilgani haqida ma’lumot berilmadi.
Pakistan Today esa Pakistan delegatsiyasidan ham bir bokschi yo‘qolgani haqida yozdi. Demak, gap alohida hodisa haqida emas, balki bir necha terma jamoaga ta’sir qilgan umumiy muammo haqida ketmoqda.
Bu kabi voqealar Commonwealth Games tarixida yangilik emas. Avvalgi turnirlarda ham ayrim sportchilar musobaqadan so‘ng mamlakatda qolib, boshpana so‘ragan holatlar kuzatilgan. 2018 yilda Avstraliyadagi Gold Coast o‘yinlaridan keyin ham, 2014 yilda Glazgoda o‘tkazilgan turnir chog‘ida ham shunday voqealar ro‘yxatga olingan.
Shu fon’da turnir tashkiliy tomoni yana bir bor e’tibor markazida. Commonwealth Games bosh direktori Phil Batty bu yilgi o‘yinlar ko‘lami va xavfsizlik choralari haqida gapirar ekan, shunday dedi: shaharga 74 davlatdan qariyb 3 ming nafar sportchi kelgan, maqsad esa – xavfsiz va tartibli musobaqani ta’minlash. U o‘z nutqida Police Scotland, Border Force hamda UK visas and immigration bilan yaqindan hamkorlik qilinayotganini, barcha ishtirokchilar mamlakatga kirish va chiqishda belgilangan tartibga rioya qilishi kerakligini urg‘uladi.
Ammo hozirgi savol boshqa: rasmiylar qog‘ozdagi tartibni qay darajada nazorat qila oladi va bu yo‘qolishlar yana boshpana izlayotgan sportchilar to‘lqiniga aylanadimi?
Glazgoda o‘yinlar allaqachon yakuniga yetdi. Lekin ayrim delegatsiyalar uchun bu safar hali tugagani yo‘q. Ular endi medallar jadvaliga emas, aeroportdagi yo‘qlama ro‘yxatlariga qarab, kim qaytganini, kim esa yangi hayot izlab yo‘lga chiqqanini sanamoqda.





