Gianni Infantino va Afrika futbolining siyosiy o‘yinlari
Afrika futbolining eng yuqori doiralarida sokinlik yo‘q. Suhbatlar yopiq eshiklar ortida, telefon orqali, kichik guruhlar ichida ketmoqda. Markazda esa bitta ism turibdi: Gianni Infantino.
FIFA bosh kotibi Mattias Grafström bilan bir necha yirik afrikalik rahbarlar allaqachon gaplashib bo‘lgan. Maqsad — uning kelasi yili bo‘lib o‘tadigan FIFA prezidentlik saylovida Infantinoga qarshi nomzod sifatida maydonga tushishga qiziqishi bor-yo‘qligini bilib ko‘rish.
Bu shunchaki ehtimoliy ssenariy emas. Qit’adagi 15 gacha federatsiya Infantino qayta saylanishga urinayotgan paytda undan yuz o‘girishga tayyor ekani aytilmoqda. Bunga qaramay, CAF rasmiy bayonotida ijroqo‘mi prezidentni “bir ovozdan qayta qo‘llab-quvvatlaganini” da’vo qilgan.
Grafströmning keskin burilishi
Grafström yaqinda FIFA ichidagi eng bahsli loyihalardan biri – Fifa Forward Enterprise (FFE) bo‘yicha pozitsiyasi bilan e’tiborni tortdi. Jahon futboli boshqaruvida ikkinchi odam hisoblangan shvetsiyalik 45 yoshli rahbar dastlab Jahon chempionati tijoriy huquqlarining 20 foizini sotishga qaratilgan rejadan o‘zini keskin uzoqlashtirdi.
Reja bekor qilingach, u xodimlarga yuborgan xatida “shaxslar, beqaror lahzalar va noxush epizodlar keladi va ketadi” deb yozdi. Ya’ni, ichki norozilik kayfiyati aniq sezildi.
Ammo oradan atigi bir kun o‘tib, Grafström Infantino uchun “to‘liq qo‘llab-quvvatlash” xatini imzoladi. Ortidan xodimlarga jo‘natilgan yana bir xabarda FFE loyihasini keskin tanqid qilgan bosh operatsion direktor Kevin Lamour ishdan bo‘shatilgani ma’lum qilindi. Bir kun ichida yuz bergan bu burilish FIFA koridorlarida savollarni yanada ko‘paytirdi.
Shunga qaramay, aynan Grafströmning dastlabki qarshiligi Afrikadagi ayrim rahbarlarni hushyor torttirdi. Ular unda Infantino muqobiliga aylanish potentsialini ko‘ra boshladi.
Telefon qo‘ng‘iroqlari va sinchkov so‘rovlar
O‘tgan hafta ikki afrikalik federatsiya prezidenti Grafström bilan alohida telefon orqali gaplashgan. Muloqotlar siyosiy edi, ammo ochiqchasiga bosim shaklida emas. Ular uning keyingi yildagi saylovda nomzod bo‘lishga qay darajada tayyorligini paypaslab ko‘rdi.
Grafström bu murojaatlardan hayratda qolgani, hozircha aniq “ha” ham, “yo‘q” ham demagani aytilmoqda.
CAF ijroqo‘mi a’zolaridan biri bo‘lgan manba vaziyatni shunday tasvirlaydi: ular Grafströmni qit’alarni birlashtira oladigan figura sifatida ko‘rmoqda.
“U barcha qit’alarni bir joyga to‘plab, oldinga yurishi mumkin, deb o‘ylashmoqda. Uning ayni paytdagi pozitsiyasini bilmayman, lekin agar u odamlarni birlashtira olsa, ancha-muncha qo‘llab-quvvatlash oladi. Mattias juda ochiq fikrli, bizning gaplarimizni har doim eshitadi”, – deydi u.
Grafströmning o‘zi bu borada so‘rovga javob qaytarmagan. U 2024 yil may oyida vaqtinchalik lavozimdan doimiy bosh kotib etib tayinlangan va oxirgi ikki yil davomida CAF hamda bir qator afrikalik federatsiyalar bilan yaqindan ishlagan. Endi esa u haqiqatan ham prezidentlikka raqib sifatida maydonga tushadimi-yo‘qmi – ochiq savol bo‘lib turibdi.
Infantino tayanchi bo‘lgan qit’ada norozilik o‘smoqda
CAF uzoq yillar davomida Infantino uchun eng mustahkam tayanchlardan biri bo‘lib kelgan. Ammo kayfiyat o‘zgarib boryapti. Bir nechta mamlakatlarda norozilik ayniqsa Afrika Millatlar Kubogini ikki yilda bir emas, to‘rt yilda bir o‘tkazish qaroridan so‘ng keskinlashdi. Ko‘pchilik bu qaror FIFA bosimi ostida, deyarli ulardan so‘ramasdan qabul qilinganini aytadi.
7 avgust kuni bo‘lib o‘tgan so‘nggi ijroqo‘m yig‘ilishida 21 a’zodan atigi to‘rttasi ochiqchasiga Infantinoni qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda. Ular orasida CAF prezidenti Patrice Motsepe va Marokashdan bo‘lgan vitse-prezident Fouzi Lekjaa ham bor edi.
“Qolganlar jim qoldi”, – deydi yig‘ilishda qatnashganlardan biri. “Odamlar hozircha ochiqcha fikr bildirishni istamayapti, hamma voqealar qanday burilish olishini kutyapti”.
Jimlik – bu ko‘pincha eng baland signal. Ayniqsa saylovlar arafasida.
54 ovoz – taxtni larzaga keltirishi mumkin bo‘lgan blok
Afrika – 54 a’zoga ega. Bu – FIFA saylovlarida ulkan blok. Har qanday raqib Infantino qarshisiga chiqsa, 211 a’zodan kamida 106 tasini o‘z tomoniga og‘dirishi kerak bo‘ladi. Shunday paytda Afrika ovozi hal qiluvchi bo‘lib qolishi mumkin.
Osiyo futbol konfederatsiyasi prezidenti Sheikh Salman bin Ebrahim Al-Khalifa hamon Afrika ichida sezilarli ta’sirga ega ekani aytiladi. U 2015 yilgi saylovda Infantino qo‘lida yutqazgan, ammo hozir UEFA va Concacaf bilan birgalikda Infantino siyosatiga qarshi blokda ko‘rilmoqda.
“Agar Salman chiqsa, albatta saylanadi”, – deydi CAF ijroqo‘midagi manba. “Agar Yevropa uni qo‘llasa, Osiyodan ovoz oladi, Concacaf ham yonida bo‘ladi. Afrikadan ham ma’lum qismi unga ovoz beradi. Ishonchim komil, 10–15 federatsiya Salman uchun ovoz beradi”.
Bu raqamlar Infantino uchun xavfli signal. Ayniqsa, o‘zini Afrikadagi mustahkam tayanchga suyanib kelgan rahbar uchun.
FFE o‘rnini nima bosadi?
Biroq Infantinoga qarshi chiqishni o‘ylayotgan har qanday nomzodga aniq ogohlantirish berilgan: Afrika faqat siyosiy shiorlarni emas, qit’a futboli uchun aniq reja va mablag‘ talab qiladi.
FFE loyihasi doirasida har bir assotsiatsiyaga yiliga qariyb 20 million dollar ajratilishi kutilayotgandi. Bu esa ko‘plab kambag‘al federatsiyalar uchun infratuzilma, stadionlar, akademiyalar degani.
Shu sababli, CAF ichidagi ta’sirli shaxslar raqib nomzodlardan shunga teng yoki undan kuchliroq taklif kutmoqda.
“Istagan taraf – UEFA bo‘ladimi yoki boshqasi – agar bundan yaxshiroq reja bo‘lsa, stolga qo‘yishi kerak. Kim Infantinodan yaxshiroq taklif bersa, odamlar o‘sha tarafga ovoz beradi”, – deydi ijroqo‘m a’zosi. “Agar kimdir chiqib, ‘UEFA bilan shunday kelishuv qilamizki, kambag‘al mamlakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, u yerda zamonaviy infratuzilma quramiz’, desa – uni qo‘llashadi”.
Savol endi bitta: Afrika FIFA siyosatidagi eng katta burilishni boshlaydimi yoki yana bir bor jim ovoz bilan amaldagi prezidentni ushlab qoladimi? Qit’a ichidagi telefon qo‘ng‘iroqlari va yopiq uchrashuvlar javobni yaqinlashtiryapti. Taxt esa ilk bor jiddiy chayqalayotganga o‘xshaydi.






