UZB sport

Gabriel Jesusning Barcelona transferi: xavf yoki imkoniyat?

Yozgi oynada butun e’tiborini Julian Alvarez’ga qaratib, oxir-oqibat qo‘lga hech narsa kiritolmagan FC Barcelona yakshanba kuni yo‘nalishni keskin o‘zgartirdi. Klub tezkor harakat qildi va “9-raqam”dagi bo‘shliqni to‘ldirish uchun Arsenal hujumchisi Gabriel Jesus bilan kelishuvga erishdi.

Bu katta reja emas, lekin bejiz ham emas. Bu – zaruratdan tug‘ilgan, ammo aniq hisob-kitob qilingan tavakkal.

Uch yilga tikilgan karta

Dastlabki xabarlar Braziliya hujumchisi ikki yillik shartnoma va uchinchi yil uchun opsiya imzolashi haqida edi. Ammo Mundo Deportivo ma’lumotiga ko‘ra, Barcelona fikrini o‘zgartirdi: endi Jesus bilan kelishuv uch yilga kafolatlangan.

Demak, 29 yoshli forvard 2029-yil yozigacha “blaugrana” libosida bo‘ladi. Bu qisqa muddatli “ko‘prik” emas, balki klub o‘z hujum chizig‘ini qayta shakllantirishda unga jiddiy rol yuklayotganidan darak.

Dushanba kuni u Kataloniyaga yetib keldi, tibbiy ko‘rikdan muammosiz o‘tdi va eng ko‘p berilayotgan savolga o‘zi nuqta qo‘ydi: tizzasi haqida. 2025-yilda olgan og‘ir ACL jarohatidan so‘ng, Jesus tanasiga shubha bilan qaralayotgani tabiiy. U esa qisqa, lekin aniq javob berdi: tizza “ideal” holatda.

“Spotify Camp Nou”dagi birinchi kecha – tomoshabin sifatida

Rasmiy e’lon hali kutilyotgan bir paytda ham Jesus yangi jamoasining o‘yinini chetdan his qilib ulgurdi. U dushanba kuni “Spotify Camp Nou” direktorlari uchun mo‘ljallangan lojada o‘tirib, Barcelona’ning Rayo Vallecano ustidan yorqin g‘alabasini tomosha qildi.

U hali maydonga tushgani yo‘q, lekin atmosfera, bosim, bu klubdan nimalar kutilishini allaqachon ko‘rdi. Tez orada esa hammasi o‘zgaradi: shartnoma imzolanadi, La Liga’da ro‘yxatdan o‘tkaziladi va u Hansi Flick qo‘l ostida mashg‘ulotlarga kirishadi. Reja aniq – keyingi turda Valencia’ga qarshi o‘yinda u zayavkada bo‘lishi mumkin.

Raphinha uchyapti, Jesus esa chuqurlik qo‘shadi

Mavsum startida Flick kutilmaganda Raphinha’ni “soxta” emas, to‘laqonli 9-raqam sifatida sinab ko‘rdi va bu qaror hozircha o‘zini oqlayapti. Braziliyalik qanotchi markazda ham o‘zini erkin his qilayotgani ko‘rinib turibdi, murabbiy esa uni asosiy variant sifatida ko‘rishda davom etishi ehtimol.

Shu fon’da Jesus boshqa rolga tushadi: raqobat, rotatsiya, variant. Barcelona so‘nggi yillarda aynan shunda qiynaldi – asosiy hujumchi tushmasa, rejalar qulab tushardi. Endi Flickda kamida ikki xil “9-raqam” profili bor: Raphinha – dinamik, keskin, vertikal o‘yinchi; Jesus – kombinatsion, pressinga agressiv qo‘shiladigan, orqaga qaytib, zonalarni tozalashni biladigan forvard.

Uning o‘yini, ayniqsa, Hansi Flick falsafasiga mos tushadi: yuqori pressing, tez o‘tishlar, jamoaviy harakatda hujumchining ham himoyaga ishlashi. Nazariy jihatdan bu ideal juftlik. Amalda-chi?

Moliyaviy tomoni: arzon tavakkalmi yoki yashirin risk?

Bitimning raqamlari ham e’tiborga molik. Barcelona Arsenal’ga 10 million yevro to‘laydi, ustiga-ustak 4 million yevrogacha bo‘lgan bonuslar ham kelishuvga qo‘shilgan. London klubi esa kelajakdagi sotuvdan 20 foizlik ulushni o‘zida saqlab qoladi.

Bugungi bozorda 29 yoshli, yuqori darajadagi xalqaro tajribaga ega hujumchini bu summaga olib kelish – qog‘ozda juda oqilona ko‘rinadi. Lekin bu yerda ham “lekin” bor.

Jesus so‘nggi yillarda jarohatlardan aziyat chekdi, ritmni yo‘qotdi, mavsumni to‘liq, uzluksiz o‘ynash unga qiyin bo‘lib qoldi. Barcelona esa aynan barqarorlikka muhtoj. Shu sabab bu transferda risk yashirin emas, juda ham ko‘rinib turibdi.

Savol shunda: klub bu riskni boshqara oladimi?

Flick uchun mos qurol – to‘g‘ri ishlatilsa

Agar Barcelona uning yuklamasini ehtiyotkorlik bilan nazorat qilsa, o‘yin vaqtini to‘g‘ri taqsimlasa va undan doimiy “90 daqiqalik tank” sifatida emas, balki yuqori intensivlikdagi maxsus qurol sifatida foydalansa, bu bitim haqiqiy topilma bo‘lishi mumkin.

Jesus tajribali, yirik sahnani ko‘rgan, bosimdan qo‘rqmaydigan futbolchi. U “Camp Nou”dagi chiroqlardan cho‘chimaydi. Unga kerak bo‘ladigani – tana sog‘ligi va ishonch.

Barcelona esa aynan shuni taklif qilyaptimi? Yoki uch yillik shartnoma yana bir bor tibbiy bo‘lim va rotatsiya siyosatini sinovdan o‘tkazadigan omilga aylanadimi?

Javoblar tez orada maydonda ko‘rinadi. Hozircha esa bitta narsa aniq: Kataloniyada “9-raqam” atrofidagi bahs yana qiziydi va bu bahsda Gabriel Jesus markaziy figuraga aylanish imkoniyatiga ega.

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil