Finlay Tarling: 19 yoshli velosipedchining fojiali o‘limi
Britaniyalik yosh velosipedchi Finlay Tarling 19 yoshida, Volta a Portugal poygasining sakkizinchi bosqichi chog‘ida yuz bergan og‘ir baxtsiz hodisadan so‘ng vafot etdi. Portugaliya yo‘llaridagi navbatdagi bosqich, bir zumda motam sahnasiga aylandi.
U Netcompany-Ineos sportchisi Josh Tarlingning ukasi edi. Finlay Buyuk Britaniya sharafini ham shosse, ham trekda himoya qilgan, istiqboli porloq bo‘lgan iste’dodlardan sanalardi. Uelslik bu yosh sportchi so‘nggi paytlarda NSN Development Team tarkibida poygalashayotgan edi.
Fojia 166,8 kilometrga mo‘ljallangan Melgaco – Fafe yo‘nalishida sodir bo‘ldi. Peloton Portugaliya shimolidagi yo‘llarda navbatdagi burilishga kirar, ritm topilar, natijalar uchun kurash qiziyotar edi. Bir lahza ichida esa hammasi to‘xtadi.
NSN Development Team rasmiy bayonotida og‘ir so‘zlarni yozishga majbur bo‘ldi: ular Finlay Tarlingning Volta a Portugal davomida vafot etganini ma’lum qildi. Klub uni “jamoaning juda sevimli a’zosi, eng avvalo esa o‘g‘il, aka va ko‘plar uchun yaqin do‘st” sifatida ta’rifladi. Jamoa Tarlingning ota-onasi Michael va Dawn, akasi Josh hamda Finlayni do‘st deb bilgan barcha insonlarga samimiy ta’ziya izhor etdi.
Poyga tashkilotchilari va Portugaliya velosport federatsiyasi ham X ijtimoiy tarmog‘ida e’lon qilingan xabar orqali o‘zlarining chuqur hamdardligini bildirdi. Ular Finlay Tarling oilasi, jamoadoshlari, NSN Development Team hamda barcha yaqinlariga “eng samimiy ta’ziya” yo‘lladi.
Poyga yo‘li ustidagi hayot shu ondayoq o‘zgardi. Musobaqa to‘xtatildi, rejalashtirilgan podium marosimi bekor qilindi. Bu qaror sportdan ham yuqori turgan qadriyat – hurmat va motam ramzi sifatida qabul qilindi. G‘alaba sharafiga ko‘tarilishi kerak bo‘lgan sahna, bugun sukut va iztirob timsoliga aylandi.
Portugaliya prezidenti Antonio Jose Seguro ham so‘zga chiqib, Tarlingning o‘limi “butun pelotonni, turnirni va mezbon mamlakatni motamga cho‘ktirgani”ni ta’kidladi. Velosport ko‘p ko‘rgan, ko‘p eslagan poygalari bilan yashaydi, lekin shunday kunlar bor – natija, reyting va taktik hisob-kitoblarning bari bir zumda ma’nosiz ko‘rinadi.
Yevropa yo‘llarida endi Finlay Tarling nomi nafaqat yosh iste’dod, balki muddatidan oldin uzilgan umid ramzi sifatida ham tilga olinadi. Poyga davom etadi, peloton yana start chizig‘iga saf tortadi. Ammo bugundan boshlab, har bir burilishda, har bir balandlikda, har bir xavfli tushishda bir savol hamroh bo‘ladi: bu sport bizdan yana nimalarni so‘raydi?






