UZB sport

FIFA prezidenti Gianni Infantino: Tanqidchilarga nafrat ekmang

FIFA prezidenti Gianni Infantino o‘ziga va tashkilotga qarshi yo‘naltirilgan keskin tanqidlarga javobni to‘g‘ridan-to‘g‘ri, hatto biroz hissiyot bilan berdi. U “nafrat va yolg‘on mish-mishlar tarqatish” o‘rniga tanqidchilarni “tafakkur qilishga, ibodat qilishga yoki shunchaki futbol tomosha qilishga” chaqirdi.

Bu murojaat oddiy bayonot emas edi. U o‘zining shaxsiy Instagram sahifasida 15 slayddan iborat post joylashtirdi, keyin esa u FIFA’ning sakkiz milliondan ortiq obunachisi bor rasmiy akkauntida qayta ulashildi. Matn aniq manzilga qaratilgan edi: “qalam va qog‘oz ortida, ekranlar ortida o‘tirganlar”ga.

Infantino ularni “nafrat urug‘larini ekish” bilan bandlikda aybladi, o‘zi esa jahon chempionatini “sayyoradagi eng buyuk voqea” deb ta’rifladi.

“Insoniyatning eng yaxshi qiyofasi”

Infantino uchun bu turnir oddiy sport musobaqasi emas. U jahon chempionatini “insoniyatning eng yaxshi ko‘rinishi” sifatida ko‘rsatdi va 2026 yilgi mundialni “100 foiz xavfsiz, faqat quvonch va baxt” bo‘lgan turnir deb maqtadi.

U ayniqsa Eronning ishtirokini alohida yutuq sifatida ko‘rsatdi. Eron qo‘shma mezbonlardan biri bo‘lgan AQSh bilan keskin siyosiy ziddiyat fonida mundialga kelgan bo‘lsa-da, Infantino bu jarayonni FIFA uchun muvaffaqiyat deb taqdim etdi.

Uning ta’kidlashicha, FIFA “urush holatidagi ikki mamlakatni birlashtirish uchun tinmay ishlagan” va Eron terma jamoasi “hech qanday hodisa va to‘qnashuvsiz” mamlakatga kirib kelgan.

Bu tasvir Eron bosh murabbiyi Amir Ghalenoei aytganlariga butunlay zid. Ghalenoei jamoasini mundialdagi “eng ko‘p ezilgan” terma jamoa deb atagan edi.

Eron delegatsiyasi vizalar bo‘yicha kechikishlarga uchradi, shtabdagi bir qancha “ajralmas” mutaxassislar AQShga kiritilmadi, muxlislar uchun ajratilgan chiptalarning bir qismi bekor qilindi. Jamoa tayyorgarlik bazasini ham o‘zgartirishga majbur bo‘ldi: Tucson (Arizona) o‘rniga Tijuana (Meksika)ga ko‘chib o‘tdi. Bunga tayyorgarlik davridagi bir qator logistik muammolar sabab bo‘ldi.

Keyinroq ham eronliklar Los Angeles va Seattle o‘rtasida mashg‘ulot bazasi va o‘yinlar orasida qatnar ekan, harakatlanish bo‘yicha cheklovlarga duch kelishdi.

Vizalar, taqiqlar va chetlatilganlar

Muammolar faqat Eron bilan cheklanib qolmadi. Haiti, Senegal va Ivory Coast muxlislari ham AQSh ma’muriyati joriy etgan sayohat taqiqlari tufayli jahon chempionatiga borishda jiddiy to‘siqlarga uchradi.

Somalilik hakam Omar Artan esa diplomatik pasport va bir martalik AQSh vizasiga ega bo‘lishiga qaramay, “terror tashkilotlari a’zolari bilan aloqadorlik” haqidagi gumonlar bois mamlakatga kiritilmadi.

Infantino esa bunday misollarni kontekstdan uzib ko‘rmaslik kerakligini aytadi. U shunday deb yozdi: “Siz viza berilmagan bir necha kishini tilga oldingiz, lekin dunyoning har burchagidan kelgan millionlab odamlarga ruxsat berilganini inkor qildingiz. Chunki futbol dunyoni birlashtiradi va bu yozda bu juda kuchli ko‘rinish oldi”.

U xavfsizlik masalasida ham ohangini pasaytirmadi: turnirda “nol hodisa, nol zo‘ravonlik, faqat quvonch, his-tuyg‘ular, baxt, birlik va birdamlik” bo‘lganini ta’kidladi.

Rasmiy manzara esa biroz boshqacha. FIFA hozircha Argentina terma jamoasi bo‘yicha tekshiruv olib bormoqda: finalda Ispaniyaga yutqazgach, futbolchilar va shtab a’zolari raqib futbolchilari bilan to‘qnashuvlarga aralashgani qayd etilgan. Shuningdek, amerikalik bloger IShowSpeed’ga nisbatan irqchilik bilan bog‘liq haqoratlar bo‘yicha da’volar ham o‘rganilmoqda.

Bir nechta uchrashuvlarda, jumladan, Atlanta shahrida bo‘lib o‘tgan Angliya – Argentina yarim finalidan so‘ng ham muxlislar qo‘lga olingan. Stadionlarda Immigration and Customs Enforcement (ICE) xodimlarining borligi esa alohida bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi.

Balogun atrofidagi bo‘ron va hakamlik savollari

Infantino alohida bir blokda hakamlik sifati va siyosiy aralashuv haqidagi tanqidlarga ham javob qaytardi. Eng ko‘p bahs keltirgan epizodlardan biri – USA hujumchisi Folarin Balogun atrofidagi qaror bo‘ldi.

Balogun qizil kartochka olgach, avtomatik tarzda bir o‘yinlik diskvalifikatsiyaga duch kelishi kerak edi. Lekin FIFA uning jazosi to‘xtatilganini e’lon qildi va u pley-offning 1/8 final uchrashuvida maydonga tushishga ruxsat oldi. Buning ortida AQSh prezidenti Donald Trump aralashuvi turgani aytilmoqda.

Erkaklar jahon chempionati tarixida ko‘rsatilgan 191 ta boshqa qizil kartochkaning faqat bittasida futbolchi shunday tarzda diskvalifikatsiyadan qutulib qolgan. Shu bois qaror Yevropa futbol doiralarini larzaga soldi.

UEFA bu qarorni “qizil chiziqdan o‘tish” deb atadi, uni “mislsiz, tushunib bo‘lmaydigan va oqlab bo‘lmaydigan” deb baholadi. Norvegiya futbol federatsiyasi esa FIFA etik qo‘mitasiga rasmiy shikoyat tayyorlayotganini ma’lum qildi.

Infantino esa bunday tanqidlarni rad etadi. U bu turdagi qarorlar “eng yirik ligalarda ham muntazam qo‘llaniladigan, keng qabul qilingan amaliyot” ekanini aytib, o‘z pozitsiyasini himoya qildi. So‘ngra keskinroq ohangga o‘tdi: “Qizig‘i shundaki, aynan o‘sha amaliyotni o‘zi qo‘llaydigan mamlakatlar bugun bizni tanqid qilmoqda”.

Xalqaro Olimpiya Qo‘mitasi esa Infantino ustidan kelib tushgan siyosiy betaraflikni buzish haqidagi shikoyatni ko‘rib chiqmasligini bildirdi. Inson huquqlari bilan shug‘ullanuvchi FairSquare guruhi tomonidan berilgan murojaat IOC etik komissiyasi vakolatidan tashqarida ekani aytildi.

“Bizga nafrat emas, bayram kerak”

Infantino o‘z postining yakuniy qismida ohangni yumshatgandek bo‘ldi, ammo asosiy xabar qat’iy qoldi. U raqiblarini mundialga “biroz muhabbat” va “hurmat” ko‘rsatishga chaqirdi. Uning tasviricha, bu turnirda “odamlar oilalar bo‘lib, muxlislar sifatida, bir tan-bir jon bo‘lib birlashgan”.

U shunday deb yozdi: “Bizning go‘zal o‘yinimizni, his-tuyg‘ularni, bayramlarni, kulguni, yig‘ini, alamni va quvonchni sog‘inganlarning barchasiga. Bolalar, chaqaloqlar, buvilar va bobolar, ota-onalar futbol atrofida birlashganini tomosha qilishni sog‘inganlarning barchasiga… siz bularning barchasini ko‘rmadingiz, chunki nafrat va tanqid sizni butunlay egallab oldi. Afsus”.

U dunyo oldiga aniq qarama-qarshilik qo‘ydi: “Ular bayram qilayotgan paytda, siz nafrat urug‘larini ekish bilan band edingiz. Bizning dunyomizga nafrat emas, muhabbat; bo‘linish emas, bag‘rikenglik; motam emas, bayram kerak”.

So‘ngra yana bir bor tanqidchilarga yuzlandi: “Bizdan nafratlanishga vaqt va kuch sarflayotganlarga aytadiganim: bir lahza to‘xtang, o‘ylang, ibodat qiling yoki futbol o‘yinini tomosha qiling va chindan ham yuzlarga, ko‘zlarga, his-tuyg‘ularga qarang”.

Uningcha, bunday manzarani faqat futbol bera oladi: “Faqat bizning go‘zal o‘yinimiz shunday favqulodda tomoshani taqdim eta oladi, unda hamma birlashadi va inson sifatida qayta bog‘lanadi”.

Infantino postini shaxsiy hissi bilan yakunladi: FIFA prezidenti sifatida bu “tomosha”ga hech bo‘lmasa ozgina hissa qo‘shganidan “behad faxrlanishini” aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu “ajoyib tuyg‘u”.

Endi esa savol maydonda emas, siyosiy sahnada: bu keskin mudofaa va o‘zini oqlash ohangi futbol olamidagi ishonchni tiklay oladimi yoki yangi bo‘linishlar uchun start nuqtasiga aylanadimi?