UZB sport

FIFA ichida bo‘ron: Carlos Cordeiro iste’fo berdi

FIFA ichida yillar davomida pishib kelgan taranglik nihoyat ochiq sahnaga chiqdi. Oq Uydagi World Cup Task Force tarkibida FIFA vakili sifatida ishlagan, tashkilotning yuqori darajadagi maslahatchisi Carlos Cordeiro iste’fo berdi. Sabab bitta: Jahon chempionati kelajagi ustidan nazoratni xususiy investorlar qo‘liga topshirishga qaratilgan reja.

Cordeiro o‘z bayonotida ochiq matn bilan gapirdi: u Gianni Infantino olib borayotgan yo‘lni qo‘llab-quvvatlay olmaydi. FIFA prezidenti World Cup’ning o‘zida ulush sotishni, turnirga tashqi sarmoya kiritish uchun eshiklarni ochishni xohlaydi. Rejaning markazida — Joshua Kushner boshchiligidagi investorlar guruhi. U — AQSh prezidenti Donald Trump’ning kuyovi Jared Kushnerning ukasi.

Bu oddiy moliyaviy texnik loyiha emas. Bu — Jahon chempionati ustidan kim hukmron bo‘lishi masalasi.

Cordeiro yillar davomida Infantinoga eng yaqin shaxslardan biri bo‘lib kelgan, ko‘p marotaba u bilan birga Oq Uyga ishchi tashriflarda qatnashgan. Endi esa u aynan shu rahbarning g‘oyasiga qarshi ochiq pozitsiya oldi va FIFA ichkarisidagi boshqalarga ham sukut saqlamaslikka chaqirdi.

Infantino rejasiga ko‘ra, World Cup’ga xususiy kapital kiradi, investorlar esa turnirdan ma’lum ulushga ega bo‘ladi. Rasmiylar buni “rivojlanish imkoniyati” sifatida ko‘rsatishga urinayotgan bo‘lsa, futbol olamidagi qarshilik tobora kuchaymoqda.

Yevropa va Osiyo futbolini boshqaruvchi rasmiy konfederatsiyalar allaqachon chiziq chizib bo‘ldi: ular Infantino bu g‘oyadan voz kechmaguncha barcha FIFA tadbirlarini boykot qilishini e’lon qildi. Bu oddiy norozilik signali emas, balki markaziy hokimiyatga ochiq ultimatum.

Tanqidchilar xavotiri aniq: tashqi investorlar kirishi bilan Jahon chempionati avvalo moliyaviy loyiha, keyin sport bayramiga aylanib qolishi mumkin. Daromad, reyting, reklama — bularning bari futbolning ma’naviy og‘irligini, musobaqaning halolligini siqib chiqarishidan qo‘rqishmoqda. Infantino rejasi qanday taqdim etilayotgani, jarayonning yopiq va tor doirada olib borilayotgani ham ko‘plarni ranjitgan.

FIFA tarixida siyosat, biznes va futbol bir-biriga aralashib ketgan ko‘plab mojaro bo‘lgan. Ammo Jahon chempionati ulushini sotish masalasi — bu allaqachon boshqa daraja. Bu safar savol bitta: dunyoning eng yirik sport sahnasi kimga tegishli — muxlislargami yoki investorlar portfeligami?

Cordeiro iste’fosi shu savolni endi ichkaridan, FIFA devorlari orasidan berildi. Endi navbat boshqalarda.

FIFA ichida bo‘ron: Carlos Cordeiro iste’fo berdi