UZB sport

Evertonning transfer oynasi: kulfat va isyon

Transfer oynasining yakuniy kuni Everton uchun sharmandali spektaklga aylandi. Natija bitta: muxlislar ochiq isyon ko‘tardi, The Friedkin Group va bosh ijrochi direktor Angus Kinnear esa bevosita nishonda.

Bu portlash birdaniga kelgani yo‘q. Uch oydan beri qaynab turgan g‘azabning oxirgi tomchisi Harrison Armstrong atrofidagi mojaro bo‘ldi. Akademiyaning navbatdagi umidi, ko‘pchilik Wayne Rooneydan keyingi eng iste’dodli mahsulot deb biladigan 19 yoshli yigitni Nottingham Forestga sotish rejasi muxlislar orasida portlashga sabab bo‘ldi. Reaksiya shu qadar zaharli bo‘ldiki, klub kengashi bitimni to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Bir katta PR falokatidan zo‘rg‘a qutulishdi – lekin keyingisi darhol eshikni qoqdi.

Balogun sagasi: kechasi bilan cho‘zilgan fiyasko

Transfer oynasining so‘nggi kechasi Everton uchun hal qiluvchi bo‘lishi kerak edi. O‘rniga esa klub obro‘sini yuvib ketadigan voqealar zanjiri boshlandi.

AS Monaco hujumchisi Folarin Balogun uchun kelishilgan £40 millionlik transfer dastlab hamma tomonlar uchun hal bo‘lgandek ko‘rindi. Futbolchi 25 yoshda, hujum chizig‘iga kerakli profil, hujumdagi asosiy muammoni yopishi kerak edi. Everton, Monaco va o‘yinchining o‘zi bitim varag‘ini imzoladi, bu esa seshanba kuni 23:00 BST muddatidan keyin ham transferni yakunlashga ruxsat berardi.

Reja oddiy edi: ertalab soat 8:00 dagi reys, Balogun Merseysidega uchib keladi, tibbiy ko‘rik, rasmiy imzo – va Everton nihoyat hujumchi topadi. Ammo ertalabdan boshlab hammasi orqaga ketdi. Balogunning parvozi kechikdi, Monaco hujjatlarni yuborishda sustkashlik qildi, vaqt siqa boshladi.

Shu payt tibbiy ko‘rikda muammolar paydo bo‘ldi. Everton masalani yumshatish uchun shartlarni qayta ko‘rib chiqishga urinadi: kamroq boshlang‘ich to‘lov, keyinchalik o‘yinchi rivojiga qarab ishga tushadigan qo‘shimcha to‘lovlar. Shaxsiy shartlar o‘zgarmaydi. Hamma narsa so‘nggi daqiqalarda hamon stol ustida.

Ammo aynan shu jarayon Balogunning o‘zini ham chalg‘itdi. Finch Farmda kechgan notinch soatlardan so‘ng, u imzo chekishdan bosh tortdi va bazani tark etdi. Monaco sport direktori Thiago Scuro ertasi kuni matbuot anjumanida hujumchi Everton tibbiy ko‘rigi paytidagi munosabatdan “o‘zini noqulay his qilganini” aytib berdi.

Klub bunday talqinga rozi emas. Everton o‘zini Balogunni butun jarayon davomida qo‘llab-quvvatlaganini, tibbiy ko‘rikdagi masalalar bo‘yicha ochiq bo‘lganini ta’kidlaydi. Ular Monaco bilan birga transferni baribir amalga oshirish yo‘lini izlashga tayyor bo‘lganini ham o‘yinchiga bildirgan.

Ammo yakuniy natija bitta: hujumchi yo‘q, vaqt tugagan, klub esa yana bir bor masxara ostida.

Zirkzee va Abraham: yopiq eshiklar

Tibbiy ko‘rikdagi muammo chiqqach, Everton vahima tugmasini bosdi. Manchester United hujumchisi Joshua Zirkzee uchun ijaraga olish taklifi ishga tushirildi. O‘yinchi kelishga tayyor edi, lekin Old Trafforddan chiqishga ruxsat berilmadi.

Keyin navbat Aston Villa forvardi Tammy Abrahamga keldi. U bilan ham aloqa qilindi, lekin Abraham Villa Parkni tark etishni istamadi. Hech narsa oldinga siljimadi.

Shu orada soat yurishda davom etdi. Yakuniy daqiqalarda Monaco bilan yangilangan kelishuvga erishildi – kichikroq boshlang‘ich to‘lov, bosqichma-bosqich bonuslar, o‘sha-o‘sha shaxsiy shartlar. Qog‘ozda hammasi ishlayotgandek. Amalda esa Balogun ortga qadam tashladi va hammasini to‘xtatdi.

Buning fonida esa yana bir qaror chindan ham hayratga soladi: bir necha soat avvalgina Everton hujumchi Beto’ni £15.5 million evaziga Fiorentinaga sotishga ruxsat bergan edi. Hujum chizig‘i allaqachon yupqalashgan, asosiy nishon qo‘ldan ketgan, o‘rniga esa hech kim kelmadi.

Eng ijodkor futbolchi ketdi, hujumchi deyarli yo‘q

Bularning bari sodir bo‘layotganda, klubning eng ijodkor o‘yinchisi Iliman Ndiaye £65 million evaziga Manchester Cityga o‘tayotgan edi. Yozgi oynaning markaziy savdosi, lekin uning o‘rnini to‘ldiradigan, darhol ta’sir ko‘rsatadigan figura ko‘rinmaydi.

Natija: David Moyes ixtiyorida atigi bitta hujumchi – hali xom, tajribasi kam Thierno Barry. Atigi 18 nafar tajribali maydon o‘yinchisi. Premyer-liga marafoni uchun xavfli darajada qisqa tarkib.

Bu, ayniqsa, Kinnearning yaqinda BBC Radio Merseysidega bergan intervyusidan so‘ng yanada achchiq tuyuladi. U o‘shanda “squad in a good place” ekanini aytgan, transfer oynasi yopilgunga qadar har bir pozitsiya uchun “eng yaxshi variant” topilishini ta’kidlagan edi. Shuningdek, amerikalik egalar o‘tgan mavsumda Yevropa yo‘llanmasini qo‘ldan boy berishni “muvaffaqiyatsizlik” deb baholaganini ham yetkazgan.

Moyes bu so‘zlarni eshitib, buni “kutilmagan” deb atadi. Endi esa “muvaffaqiyatsizlik” so‘zi aynan egalar va bosh direktor nomi bilan yonma-yon tilga olinmoqda. Agar maydondagi natijalar chappasiga ketsa, TFG va Kinnear uchun panoh qolmaydi.

Himoya qanotlari ham yirtiq

Everton yozda muammolardan xoli qolmadi, hatto yillar davomida yechilmay kelgan o‘ng qanot himoyasi masalasida ham. Ashley Maitland-Niles Lyon’dan £3 million evaziga olib kelindi, bu pozitsiyadagi bo‘shliqni nihoyat to‘ldirgandek ko‘rindi.

Ammo bu ham silliq kechmadi. Klub avvaliga Fulham himoyachisi Kenny Tete uchun £9.4 millionlik kelishuvga yaqinlashdi. Cottagers o‘rnini bosadigan futbolchi topa olmagach, bitim bekor bo‘ldi. Shundan keyingina Maitland-Niles rasman e’lon qilindi – hammasi oynaning yopilishidan keyingi daqiqalarda.

Chap qanotda esa Vitaliy Mykolenko yolg‘iz qoldi. Yosh Adam Aznou Malaga’ga ijaraga berildi, o‘rniga hech kim kelmadi. Hujumda bitta Barry, o‘ng qanotda bitta Maitland-Niles, chapda bitta Mykolenko. Bu darajadagi risk Premyer-liga uchun emas, balki quyi ligadagi klubga xos ko‘rinadi.

Muxlislar sabr kosasi to‘ldi

Carabao Cup ikkinchi bosqichida Preston North End ustidan qozonilgan g‘alabadan so‘ng Moyes ochiqchasiga ogohlantirgandi: “Hali qiladigan ishimiz ko‘p. Yana futbolchilar kerak. Sklad yetarlicha katta emas, ayrim zonalarda sifatni oshirishimiz shart.”

Murabbiyning gaplari endi ancha keskinroq eshitilmoqda. U hozircha so‘zlarini ehtiyot qilayotgandek, lekin uning ichki fikirlari klub ichida qanchalik baland yangrayotgani tasavvur qilish qiyin emas.

Muxlislar esa tilini tiyishni xohlamadi. “The Everton Fans’ Forum” keng qamrovli bayonot bilan chiqdi, tarkibning “xavfli darajada qisqa” qolganini ta’kidladi. Ular klub rejalashtirishi, skautlik ishlari va qaror qabul qilish jarayonini keskin tanqid qildi.

Bayonotning asosiy nuqtasi aniq: bu beparvocha pul so‘rash emas. Muxlislar moliyaviy cheklovlarni tushunishini aytishdi, “shunchaki nomdor transferlar” talab qilmayotganini yozishdi. Ular atigi uch narsani so‘ramoqda: puxta tayyorgarlik, kompetentlik va javobgarlik.

Bunga qo‘shimcha ravishda, yangi Hill Dickinson Stadium atmosferasini yillar davomida rang-barang bayroqlar, bannerlar va tifo-shoular bilan bezab kelgan “The 1878s” ham keskin qadam tashladi. Ular “yaqin kelajak uchun faoliyatni to‘xtatishini” e’lon qildi. Bayonotda bu transfer oynasining, ayniqsa yakunining, ularni “butunlay hafsalasi pir va jirkanch” holatga keltirgani yozilgan.

Ular bayroqlarda haqoratli yoki keskin so‘zlardan foydalanish taqiqlangani, shuning uchun o‘z noroziligini stadion ichida ochiq ko‘rsatish imkoni yo‘qligini ham eslatdi. “Qo‘limizdan kelsa, bu g‘azabni bayroqlarda ko‘rsatgan bo‘lardik, lekin bunga ruxsat yo‘q”, degan mazmundagi murojaat klub va liga qoidasiga ishora bo‘lsa-da, kayfiyatni aniq ifodalaydi.

Kirganlar ham bor, lekin soyada qolgan

Everton yozgi oynada bir nechta transferlarni amalga oshirdi. PFA Championship Player of the Year sovrindori Hayden Hackney Middlesbrough’dan olib kelindi. Yoshi kattaroq, lekin tajribali Christian Norgaard Arsenal’dan transfer qilindi, u ketgan Idrissa Gueye o‘rnini bosishi kerak. Ammo 32 yoshli daniyalik hozircha jarohat tufayli safdan tashqarida, qaytish sanasi noma’lum.

Yosh nemis Merlin Rohl bilan bitim yakunlandi, o‘tgan mavsum ijarada bo‘lgan Angliya U-21 qanot o‘yinchisi Tyrique George bilan ham shartnoma tasdiqlandi. Dwight McNeil o‘rniga esa Crystal Palace’dan Brennan Johnson olib kelindi – to‘g‘ridan-to‘g‘ri almashuv asosida.

Shuningdek, Jack Grealish ijaraga qaytarildi – bu ham tarkibga ijodiylik qo‘shishi mumkin bo‘lgan qadam sifatida ko‘riladi.

Lekin bitta muammo bor: bularning barchasini bitta tungi fiyasko yutib yubordi. Balogun sagasi, Beto ketishi, hujumdagi bo‘shliq, qanotlardagi yetishmovchilik – hammasi boshqa transferlarni soyada qoldirdi. Yoz boshida Everton nisbatan kuchliroq bo‘lib ko‘ringan bo‘lsa, oynaning yakunida ular o‘zini ancha zaif holatda topdi.

Savollar ko‘paymoqda, javoblar esa yo‘q

Everton hanuz bu tanqidlar, muxlislar isyoni va TFG obro‘sining yemirilishiga sabab bo‘lgan voqealar bo‘yicha ommaviy bayonot bermadi. Klub atrofida ishonch devori yorilib ketgan, ichkarida esa tuzatish talab qiladigan juda ko‘p narsa bor.

Transfer oynasi yopildi. Tarkib qisqa, bosim katta, sabr esa deyarli tugagan. Endi savol bitta: bu klub bu qadar shov-shuvli xatolardan keyin o‘zini qayta tiklay oladimi – yoki bu yoz Evertonning butun mavsumiga tamg‘a bosadimi?

Pinco Avto Omad — 12 ta avto uchun sovrinli o‘yinga qo‘shil