Everton Hackney bilan kelajakka tikdi, Tottenham rekord transferni amalga oshirdi
Mersisayd yana markazga chiqdi. Uzoq cho‘zilgan muzokaralar, qayta-qayta rad etilgan takliflar va oxir-oqibat yon bergan klub – hammasi bir ism atrofida jamlandi: Hayden Hackney.
Hackney: Chempionship yulduzidan Goodisondagi yangi markazga
Chempionshipning o‘tgan mavsumdagi eng yaxshi futbolchisi deb topilgan yarim himoyachi nihoyat Everton futbolchisiga aylandi. Middlesbrough o‘z bahosidan qaynmadi: 24 yoshli futbolchi uchun 25 million funt talab qilindi, shartnoma muddati atigi bir yil qolgan bo‘lsa ham.
Everton esa oxirigacha bordi. Dastlabki to‘lov – 16,5 million funt. Qolgan qismi bonuslar orqali, jumladan Hackneyning Angliya terma jamoasida maydonga tushishi kabi bandlar hisobiga 25 milliongacha yetishi mumkin.
Crystal Palacening jiddiy qiziqishi Middlesbrough pozitsiyasini mustahkamlab qo‘ydi. Ammo bu hikoyaning hal qiluvchi nuqtasi bozordagi raqobat emas, futbolchining o‘zi bo‘ldi. Hackney tanlov qilib bo‘lgandi – u Evertonni xohladi.
Besh yillik shartnoma – bu shunchaki transfer emas, bu ishonch deklaratsiyasi. Klub ham, futbolchi ham xavfga bormoqda. Hackney hali Premer-ligada o‘ynamagan, lekin o‘zini to‘liq tayyor his qilmoqda: u o‘zini ham hujumda, ham himoyada ishlay oladigan, to‘pni olib yurib, jarima maydonchasiga kech kirib boradigan va gollar urishga qodir o‘yinchi sifatida ko‘radi. Uning so‘zlarida ikkilanmaslik bor, endi navbat maydonga.
Everton uchun bu transfer rejalashtirilgan yo‘lning bir bo‘lagi. Klub Chelseadan yosh vinger Tyrique George bilan ham kelishuvga juda yaqin. Bu, ayniqsa yangi stadion, yangi bosqich arafasida, jamoa o‘rtasini qayta qurish jarayonining bir bo‘lagi sifatida ko‘rinmoqda.
Qiziq tomoni shundaki, bosh murabbiy David Moyes Hackneyni allaqachon o‘tgan yozdayoq olib kelmoqchi bo‘lgan. O‘shanda ustuvorliklar o‘zgardi, boshqa pozitsiyalar yopildi. Endi esa vaqt keldi – Everton uzoqdan kuzatib yurgan o‘yinchini nihoyat qo‘lga kiritdi. Hackney 2025 yilda Yevropa U-21 chempionatida g‘olib chiqqan Angliya tarkibining bir qismi bo‘lgandi, bu esa uning tavakkal emas, hisoblangan investitsiya ekanini yana bir bor tasdiqlaydi.
Moyes uchun bu transfer aniq: yarim himoyada raqobatni kuchaytirish, Premer-liga ritmiga tez moslasha oladigan, yosh bo‘lsa-da, mentaliteti pishgan futbolchini olib kelish. Everton yillar davomida Chempionshipdan o‘yinchi topib, ularni yuqori darajaga olib chiqish bo‘yicha yaxshi obro‘ga ega. Endi bu ro‘yxatga Hackney ham qo‘shiladimi? Javobni yangi mavsum beradi.
Tottenham bozorni yorib kirdi: Fernandes uchun rekord 85 million
Londonda esa boshqa ohang. Tottenham birgina transfer bilan yozgi bozorni titratdi: West Ham yarim himoyachisi Mateus Fernandes uchun 85 million funt. Klub tarixidagi eng qimmatbitim.
21 yoshli Portugaliya terma jamoasi futbolchisi yo‘lini Sportingdan boshlagan, 2024–25 yilgi mavsumni Southamptonda o‘tkazgan, o‘tgan yil avgustida esa West Hamga qo‘shilgandi. Endi u Spursning markaziy figurasi bo‘lishi kutilmoqda.
Roberto De Zerbi bu transferni tasodifan qilmaydi. U o‘z falsafasiga mos o‘yinchi qidiradi: to‘p bilan sifatli ishlaydigan, yuqori intensivlikka chidaydigan, o‘yinni o‘qiy oladigan, qaror qabul qilishdan qo‘rqmaydigan futbolchi. Fernandes aynan shunday profilga tushadi.
De Zerbi uchun eng muhim jihatlardan biri – bosim ostida o‘ynash. U Fernandesni aynan shu fazilati uchun qadrlaydi: pressingdan chiqib ketish, to‘pni oldinga olib o‘tish, jamoa uchun ishlash va murakkab pallalarda tashabbus olish. Bunday xarakter murabbiyning keskin, jasur futboliga mos tushadi.
Fernandesning o‘zi ham tanlov sababini yashirmaydi: uning so‘zlariga ko‘ra, Spursning kattaligi bir tomoni bo‘lsa, De Zerbi bilan bo‘lgan suhbat hammasini hal qilgan. U murabbiy bilan futbolni bir xil ko‘rishini aytadi – maydonga har safar g‘alaba uchun, kurash va energiya bilan chiqish. Endi undan aynan shuni talab qilishadi.
Bu transfer Tottenhamning ambitsiyasini ham ochiq ko‘rsatadi. 85 million – faqat raqam emas, bu Premer-liga markazida hukmronlik qilish niyatining signali. Klub o‘rtadagi sifatni maksimal darajada oshirmoqda, Fernandesga esa katta sahnada o‘zini to‘liq ko‘rsatish vazifasi yuklandi.
Bozor harakati – mavsum taqdirini o‘zgartiradimi?
Bir tomonda Premer-liga sari sakrashga tayyor bo‘lgan, Chempionshipdan kelgan, ochko‘z, o‘zini isbotlashni istayotgan Hackney. Ikkinchi tomonda esa allaqachon liga ritmini his qilib ulgurgan, 21 yoshida 85 millionlik mas’uliyatni yelkasiga olgan Fernandes.
Everton va Tottenham turli yo‘ldan ketmoqda, lekin maqsad bitta: o‘yin markazini qayta qurish va kelasi mavsumni boshqa darajada boshlash. Endi savol bitta – bu jasur qarorlar maydonda o‘z samarasini beradi, yoki yozgi bozorning eng katta tavakkali sifatida esda qoladimi?






