Evertonning EFL’dan kelib Premyer-ligani zabt etgan yulduzlari
Evertonning Middlesbroughdan Hayden Hackney’ni tortib olishi shunchaki navbatdagi transfer emas. Bu Angliya futbolining eng qadimiy manbalaridan biri – English Football League’dan yulduz qidirish an’anasining davomidir. Premyer-liga ostidagi uch pog‘ona – Championship, League One va League Two – ko‘p yillardan beri katta sahnaga sakrash uchun tramplin bo‘lib kelmoqda. Kim ko‘ra bilsa, bu yerda tayyor yulduzlar yetishadi.
Hackney bu yo‘ldan birinchi o‘tgan futbolchi emas. Va, aniqki, oxirgisi ham bo‘lmaydi. So‘nggi yillarda ikkinchi, hatto uchinchi pog‘onadan kelib, elita darajasiga ko‘tarilib ketgan qancha futbolchini sanash mumkin. Quyida EFL’dan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Premyer-ligaga kelib, katta sahnada o‘zini isbot qilgan 12 nafar yulduz haqida.
Dele Alli – MK Donsdan kelgan portlash
2015 yil yanvarida Tottenham Hotspur Dele Alli’ni MK Donsdan olib kelganida, ko‘pchilik buni kelajak uchun sarmoya deb ko‘rdi. U esa kelajakni kutmadi. 2015/16 mavsumida Dele Premyer-ligada 10 ta gol va 9 ta golli uzatma bilan portlab chiqdi. Keyingi mavsum yanada yorqinroq bo‘ldi: yarim himoyachi 18 ta gol urdi va PFA Young Player of the Year mukofotini ketma-ket ikki yil qo‘lga kiritdi.
Uning o‘yinidagi dadillik, penaltidan tashqari zonalarga yugurishi va maydonni his qilish qobiliyati Tottenhamni yuqori pog‘onalarga ko‘tardi. Dele 2022 yilda klubni tark etdi, ammo o‘sha davr – MK Donsdan boshlangan ertak – uni Premyer-liganing eng yorqin sahifalaridan biriga aylantirdi. Keyin u Everton safida ham Premyer-ligada to‘p surdi.
Gareth Bale – chap qanotdan dunyo sahnasiga
2007 yilda Tottenham Hotspur Southampton’dan yosh, umidli chap qanot himoyachisini olib kelganida, uni dunyoning eng qo‘rqinchli vingerlaridan biriga aylanishini tasavvur qilish qiyin edi. Gareth Bale shimoliy Londonda sekin-asta o‘yinini o‘zgartirdi, pozitsiyasini oldinga surdi va raqiblar uchun halokatli qurolga aylandi.
Tottenhamdagi so‘nggi mavsumida u Premyer-ligada 21 ta gol urdi, shundan 9 tasi jarima maydonchasidan tashqaridan. Bu nafaqat statistik ko‘rsatkich, balki uning individual ustunligi, mas’uliyatni bo‘yniga olishga tayyorligini ko‘rsatdi. O‘sha cho‘qqi uni 2013 yilda Real Madridga olib bordi. Yo‘l esa Southampton orqali EFL’dan boshlangandi.
Jarrod Bowen – Hull Citydan kelib, tarix yozgan hujumchi
West Ham United 2020 yilda Hull Citydan Jarrod Bowen’ni olganida, bu aniq reja asosidagi transfer edi. Natija? London klubi uchun haqiqiy xazina. Bowen Premyer-ligada klub safida 65 ta gol urdi va 49 ta golli uzatma berdi, lekin uning nomi tarixga bir o‘yinda muhrlandi.
2023 yilda UEFA Conference League finalida Fiorentina darvozasiga urilgan g‘alaba goli – West Ham tarixidagi eng yorqin lahzalardan biri. U nafaqat g‘alaba, balki EFL’dan kelgan futbolchining yevropa sahnasini zabt etish ramziga aylandi. 2024 yilda u klub sardori etib tayinlandi – bu esa uning ta’siri qanchalik chuqur ekanini ko‘rsatib turibdi.
Tim Cahill – Millwalldan kelgan yurak va zarba
Everton EFL bozorini yaxshi biladi. Buni isbotlash uchun bitta ism kifoya: Tim Cahill. 2004 yil yozida u Millwalldan Merseysidega ko‘chib o‘tdi va tez orada Goodison Parkning ramziga aylandi.
Avstraliyalik yarim himoyachi Premyer-ligada Everton safida 226 o‘yinda 56 ta gol urdi. Ular orasida bosh bilan kiritilgan gollar alohida bo‘limga loyiq. Cahillning o‘yini texnik nafislikdan ko‘ra, intensivlik, yurak va vaqtni to‘g‘ri tanlashga tayanardi. 2012 yilda u New York Red Bulls safiga o‘tdi, ammo EFL’dan kelib, Everton timsoliga aylangan futbolchi sifatida xotirada qoldi.
Eberechi Eze – QPRdan Selhurst Parkni zabt etib, Wembleyda g‘olib bo‘lgan san’atkor
Eberechi Eze o‘z o‘yinini Queens Park Rangers safida sayqalladi. Championshipda u raqiblarni driblingi, ijodkorligi va dadil qarorlar bilan qiynab qo‘yardi. 2020 yilda u g‘arbiy Londondan janubga, Crystal Palacega ko‘chib o‘tdi – va moslashish deyarli bir zumda sodir bo‘ldi.
Selhurst Park tribunalariga u tezda yoqdi. Eze o‘yinga nafosat, tempni o‘zgartirish va kutilmagan yechimlar olib kirdi. Eng yirik sahna esa 2025 yilgi FA Cup finalida bo‘ldi: Manchester Cityga qarshi bahsda aynan Eze g‘alaba golini urdi. Keyin u chempion Arsenalga o‘tdi, lekin EFL’dan chiqqan ijodkor sifatida o‘z izini allaqachon qoldirib bo‘lgandi.
James Maddison – Norwichdan kelgan rejissyor
Leicester City 2018 yilda Norwich Citydan James Maddison’ni olganida, bu xavf va imkoniyat uyg‘unlashgan qaror edi. Championshipdagi yorqin mavsumdan so‘ng u King Power Stadiumga kelib, darhol o‘yin boshqaruvchisi rolini o‘z zimmasiga oldi.
Maddison Leicester safida 43 ta gol urdi va 32 ta golli uzatma berdi. U nafaqat raqamlar bilan, balki standart vaziyatlar, o‘tkir paslar va maydonni ko‘rish qobiliyati bilan jamoaning yuragiga aylandi. 2021 yilda FA Cupni qo‘lga kiritish – o‘sha avlodning cho‘qqisi bo‘ldi. 2023 yilda u Spursga o‘tdi, lekin uning Premyer-ligaga yo‘li Norwich orqali EFLdan boshlanganini hech kim unutmaydi.
Michael Olise – Readingdan boshlangan global sahna
Bugun Michael Olise Bayern Munich va Fransiya terma jamoasi bilan global darajadagi yulduzga aylangan. Ammo uning elita futbolga ilk qadami Crystal Palace bilan bog‘liq. Londonlik klub Hammersmithda tug‘ilgan, Reading safida to‘rt yil o‘ynagan bu iste’dodni 2021 yilda poytaxtga qaytardi.
Palace unga Premyer-liga darajasida birinchi imkoniyatni berdi. U esa tez orada o‘zining texnik mahorati, chap oyog‘ining aniqligi va o‘yin o‘qish qobiliyati bilan ajralib turdi. Bugun u dunyoning eng yaxshi futbolchilaridan biri sifatida tilga olinadi, ammo uning hikoyasi ham EFL maydonlaridan boshlanadi.
Morgan Rogers – Middlesbroughdan Aston Villaga kelib, tez yetilgan yulduz
2024 yil fevralida Aston Villa Middlesbroughdan Morgan Rogers’ni olib kelganida, bu transfer ko‘pchilik uchun nisbatan sokin o‘tgandek tuyuldi. Lekin tez orada hamma bu ismni yodlab oldi. U Villa Parkda hujumkor yarim himoyachi sifatida ochilib ketdi, raqib chizig‘ini yorib kiruvchi yugurishlar va to‘p bilan dadil yurishlar bilan Premyer-ligada eng hayajonli yosh futbolchilardan biriga aylandi.
Bugun Rogers Angliya terma jamoasi tarkibida ham muhim o‘rin egallagan. Atigi 23 yoshda bo‘lishiga qaramay, u allaqachon yuqori bosim ostida o‘ynashni o‘rgandi. EFLdan kelgan bu hujumchi uchun bu faqat boshlanishi bo‘lishi mumkin.
John Stones – Barnsleydan Manchester Citygacha bo‘lgan yo‘l
John Stonesning yo‘li ham EFL’dan boshlanadi. U Barnsley safida atigi 28 ta o‘yin o‘tkazgan bo‘lsa-da, Everton skautlari unda yetarlicha salohiyat ko‘rdi va 2013 yil yanvarida uni Merseysidega olib keldi.
Evertonda u tez orada asosiy tarkib futbolchisiga aylandi. To‘p bilan o‘ynashga moyil markaziy himoyachi, pozitsiyani to‘g‘ri tanlash va pressingdan chiqishdagi xotirjamlik – bularning barchasi uni zamonaviy markaziy himoyachilar avlodining timsoliga aylantirdi. 2016 yil avgustida u Manchester Cityga katta transfer amalga oshirdi. Bu yo‘lning ilk qadami esa Barnsleyda qo‘yilgandi.
Theo Walcott – Southampton’dan Arsenalga uchgan chaqmoq
2005 yilda futbol olami yangi ismdan shovqin ko‘rdi: Theo Walcott. U Southampton tarkibida paydo bo‘lgach, tezligi bilan hammani hayratda qoldirdi. Arsenal 2006 yil yanvarida, u atigi 16 yoshda bo‘lganida, uni qo‘lga kiritdi.
Walcott 12 yil davomida Arsenal safida Premyer-ligada 270 ta o‘yinda maydonga tushdi. Chap qanotdan, o‘ng qanotdan, markazdan – u raqib himoyachilarni tezligi bilan parchalab tashlardi. 2018 yilda u Evertonga, 2020 yilda esa yana Southampton’ga qaytdi. Ammo uning yuksalish hikoyasi EFLdagi ilk qadamlaridan boshlangan edi.
Ollie Watkins – Brentforddagi alamdan so‘ng Premyer-ligadagi barqarorlik
Ollie Watkins 2020 yilda Brentford safida 26 ta gol urdi, ammo klub playoff orqali Premyer-ligaga chiqa olmadi. Ko‘p futbolchilar uchun bu og‘ir zarba bo‘lardi. Watkins uchun esa bu yangi eshiklarni ochdi.
Aston Villa uni qo‘lga kiritdi va u keyingi mavsumdayoq Premyer-ligada to‘p sura boshladi. Shundan buyon har bir mavsumda ikki xonali gol ko‘rsatkichiga erishib kelmoqda. Bu – nafaqat iste’dod, balki barqarorlik, moslashuvchanlik va mental kuch belgisi. EFLdagi alamli yakun oxir-oqibat uni yuqori darajadagi hujumchiga aylantirdi.
Adam Wharton – Blackburndan kelib, sovrinlar markaziga tushgan yarim himoyachi
Crystal Palace 2024 yil fevralida Blackburn Roversdan Adam Wharton’ni olib kelish uchun kurashda g‘olib chiqqanida, klub muxlislari buni kelajak uchun katta sarmoya deb qabul qildi. U esa kelajakni tezlashtirdi. Janubiy Londonda u tezda asosiy tarkib futbolchisiga aylandi va Angliya terma jamoasiga ham yo‘l topdi.
Wharton Crystal Palace bilan FA Cup, Community Shield va UEFA Conference League sovrinlarini qo‘lga kiritishga hissa qo‘shdi. EFLdan kelgan “ipakdek yumshoq” yarim himoyachi qisqa vaqt ichida sovrinlar markazida paydo bo‘ldi va o‘zini eng istiqbolli ingliz futbolchilaridan biri sifatida ko‘rsatdi.
Evertonning Hayden Hackney bo‘yicha qilgan navbatdagi zarbasi shunday fon ustida ko‘rinadi: EFL – bu xavfli bozor emas, to‘g‘ri qarashni bilganlar uchun oltin koni. Dele, Bale, Bowen, Cahill, Eze, Maddison, Olise, Rogers, Stones, Walcott, Watkins va Wharton – bularning barchasi bitta savolni o‘rtaga tashlaydi: keyngi bo‘lib kim Premyer-ligani EFL’dan kelib zabt etadi?






