Eva Olid: Manchester United uchun yangi davrda jasorat zarur
Manchester United ayollar jamoasida yozgi inqilob allaqon boshlandi. Yangi bosh murabbiy Eva Olid o‘zining birinchi WSL uchrashuvi arafasida na ehtiyotkorlik, na orqaga chekinishni qabul qiladi. U faqat bitta so‘zni urg‘ulayapti: “jasorat”.
Juma oqshomi United London City Lionesses maydoniga safar qiladi. Soat 19:00 da boshlanadigan bu uchrashuv nafaqat yangi mavsum, balki Olid davrining ham ilk sahifasini ochadi.
Shubhalar fonida kelgan murabbiy
Yoz Manchester United uchun tinch o‘tmadi. Marc Skinner ketdi, transfer oynasi esa ko‘plab muxlislar kutgan darajada shov-shuvli bo‘lmadi. Natijada oddiy savol paydo bo‘ldi: bu jamoa haqiqatan ham kuchli uchlik uchun kurasha oladimi?
Olid bu shubhalarni yashirmaydi, ulardan qochmaydi ham.
“Bu normal holat, to‘g‘rimi? Odamlarning shubhalari bo‘lishi tabiiy. Men juda katta qo‘llab-quvvatlashni ham his qildim”, — deydi u.
Uning so‘zlari ortida tajriba turibdi. Hearts bilan qilgan ishlari hali ham esda: ko‘pchilik imkonsiz deb bilgan narsani u amalga oshirdi.
“So‘nggi yillarda Heartsni kuzatganlar biladi, men imkonsiz bo‘lganni mumkin qildim. Shuning uchun bu yerda nima qilmoqchiligimizga ishonaman. Bunday narsalar bir necha haftada olinmaydi, lekin ozgina vaqt bilan imkonsiz narsalarga ham erishish mumkin”, — deya qo‘shadi u.
“Biz raqibni og‘ritadigan jamoa bo‘lamiz”
Olidning futbol falsafasi bir necha jumlada jamlanadi: hujumkorlik, tashabbus va raqibni jazolash istagi.
“Men uchun ambitsiya — bu hujumkor futbol. O‘yin rejalari doimo raqibni qayerdan og‘ritishimiz mumkinligiga quriladi. Har bir jamoaning ekspluatatsiya qilishimiz mumkin bo‘lgan zaif nuqtalari bor”, — deydi u.
Pre-sezon unchalik ishontiruvchi bo‘lmadi, lekin murabbiy qarashlaridan qaygani yo‘q. U birinchi turdayoq o‘z izini ko‘rsatmoqchi.
“Bu jamoa ligadagi birinchi uchrashuvini o‘ynaydi va men bu o‘yin mening tasavvurimdagi futbolga imkon qadar yaqin bo‘lishini xohlayman. O‘tgan yilgi uslubdan farqli bo‘lgan o‘yin uslubini ko‘rasiz”, — deydi Olid.
Shu bilan birga u realistik ham. Bir mavsum ichida hammasini ostin-ustin qilish emas, birinchi qadamni to‘g‘ri qo‘yish muhim.
“Bu oson vazifa emasligini tasavvur qilishingiz mumkin. Birinchi o‘yinda raqobatbardosh bo‘lishimiz uchun o‘yin tamoyillaridan qaysilarini tezroq o‘zgartirish mumkin deb hisoblasam, o‘shalarini vaqtincha chetga surdim”, — deydi u.
Klub buyurtmasi: chiroyli futbol va jasorat
Manchester United rahbariyati yangi murabbiydan nimani xohlayotganini aniq aytgan: tomoshabop futbol. Va bu, Olid ta’kidlaganidek, faqat stadiondagilar uchun shou emas, balki xarakter masalasi ham.
“Klub chiroyli futbol o‘ynashni va jasur bo‘lishni xohladi. Buning xavflari borligini bilamiz, lekin klub bu borada meni qo‘llab-quvvatlayapti. Ular meni aynan shuning uchun imzolashdi”, — deydi murabbiy.
Demak, xavfsiz variantlar, ortga ko‘p paslar va faqat natijani asrashga qurilgan futbolni kutish kerak emas. Olid jamoasidan maydonning oldingi uchdan birida qaror qabul qilishni, pressingni, riskni talab qilmoqda.
Endi navbat o‘yinchilarda. Shubhalar, savollar va ehtiyotkor prognozlar fonida Manchester United juma oqshomida maydonga chiqadi. Bu faqat birinchi tur. Lekin savol allaqachon o‘rtada turibdi: Olid va uning “jasur” United’i bu mavsumda imkonsizdek tuyulgan marrani yana bir bor o‘zgartira oladimi?







