UZB sport

Enes Kanter Freedomning WNBA Draftidagi nomzodi va inklyuzivlik bahsi

Sobiq NBA yulduzi Enes Kanter Freedom 2027-yilgi WNBA Draftiga nomzodligini e’lon qildi. U buni shunchaki hazil sifatida qilayotgani yo‘q – bu ligadagi jinsiy identifikatsiya va “inklyuzivlik” atrofidagi tortishuvlarga ochiqcha siyosiy zarba.

Cunninghampan keyngi bo‘ron

Sophie Cunningham ayollar sporti faqat biologik ayollar uchun bo‘lishi kerakligini qat’iy aytgach, bahslar yanada qizidi. Ba’zi murabbiylar va o‘yinchilar esa aksincha, eshikni keng ochishga tayyorligini bildirdi.

Golden State Valkyries forvardi Gabby Williams: “Jamoamda ham, raqib sifatida ham trans sportchini xush ko‘raman”, degan fikrni ochiq aytdi. WNBA esa bu ziddiyatli mavzuda adolat masalasini aniq himoya qilmasdan, deyarli sukut saqlab turibdi. Aynan shu bo‘shliqdan Freedom kirib keldi.

Agar o‘zingni kim deb e’lon qilish kifoya bo‘lsa…

Freedom ijtimoiy tarmoqlarda studiya stolida o‘tirganicha, WNBA rangidagi to‘q sariq svitshotda, lekin Nike logotipi chizib tashlangan holda chiqish qildi. U shunday yozdi:

“Agar shunchaki kimligingni e’lon qilishning o‘zi yetarli bo‘lsa, WNBAda o‘ynash uchun barcha talablarni to‘liq bajarganman.”

Outkick sharhlovchisi Riley Gaines bu e’londan “genial” va “mukammal” deb baholab, kinoya bilan: “Qaysi WNBA jamoasi Enes Freedomni jalb qilishini kutyapman”, deb yozdi.

Freedom Houston Rockets tomonidan 2022-yilda waiversga qo‘yilgach, Boston Celticsdan kelgan savdo bitimidan so‘ng NBAda o‘ynamagan. Shunga qaramay, u hozir ham maydondan tashqarida markaziy figura bo‘lib qolmoqda.

U shunday deydi: “Jamoam bilan birga WNBAning huquqiy mezonlari va o‘zini o‘zi identifikatsiya qilish hamda inklyuzivlikka doir hukumat asoslarini sinchiklab ko‘rib chiqdik.”

Freedomga ko‘ra, amaldagi qoidalar unga 2027-yil may oyidagi WNBA Drafti uchun rasmiy ravishda o‘z nomzodini berish imkonini beradi. U buni alohida ta’kidladi: “Mavjud ko‘rsatmalarga ko‘ra, men WNBA Draftida qatnashishga rasmiy ravishda haqliman va o‘zimni shunga loyiq deb e’lon qilaman.”

Lia Thomas misoli va WNBAning sinovi

Freedom bu vaziyatni UPenndagi Lia Thomas holati bilan taqqoslaydi. U Will Thomas bo‘lgan paytda uch mavsum erkaklar jamoasida suzib, keyin ayollar jamoasiga o‘tgan edi.

Savol keskin: nima farqi bor?

WNBA yillar davomida o‘zini ochiq va “inklyuziv” liga sifatida ko‘rsatib keldi. Endi esa shu tamoyillarni haqiqiy, murakkab holatda qo‘llash vaqti keldi. Agar kimdir o‘zini ayol deb identifikatsiya qilsa, liga uni rad etishga qanchalik haqli? Ularning o‘zi targ‘ib qilgan qadriyatlarga qanchalik sodiq qoladi?

Freedom aynan shu nuqtani nishonga olmoqda. U: “Hech bir hamjamiyatni yoki shaxsiy tanlovni mazax qilish, ustidan kulish yoki hurmatsizlik qilish uchun bu yerda emasman”, deydi. “Faqat hozirgi qoidalar hamma uchun teng qo‘llanishini so‘rayapman – WNBA o‘yinchilari va murabbiylari omma oldida himoya qilib kelayotgan qadriyatlarni ifoda etadigan qoidalar.”

WNBA ichidagi “inklyuzivlik” fronti

Gabby Williams, Minnesota Lynx bosh murabbiyi Cheryl Reeve, Valkyries murabbiyi Natalie Nakase, Seattle Storm markazi Stefanie Dolson va ko‘plab WNBA muxlislari erkaklarning ayollar sportida ishtirokini ochiq qo‘llab-quvvatlab kelayotganini yashirmaydi.

Freedomning e’loni aynan shu kayfiyatni sinovdan o‘tkazadi. U yakuniy bayonotida shunday deydi:

“Jamoam va men ushbu ko‘rsatmalar hamma uchun teng, izchil va istisnosiz qo‘llanilishiga tayyormiz. WNBA o‘z prinsiplari va’dasiga sodiq qolishiga umid qilaman. Uchrashguncha – training campda.”

Endi WNBA ikki o‘t orasida qoldi: liganing adolat, xavfsizlik va musobaqa yaxlitligini himoya qilishmi yoki o‘zini progressiv siyosiy yo‘nalishiga butunlay bog‘lab qo‘yishmi?

Qanday qaror ham oson bo‘lmaydi

Agar liga Freedomni Draft uchun munosib deb tan olsa, lekin 2027-yil aprelida birorta jamoa uni tanlamasa, bu ham savollar tug‘diradi. Shunday holat diskriminatsiya sifatida talqin qilinishi mumkin.

Agar esa WNBA sport faqat biologik ayollar uchun, desa, bu safar o‘zining yillar davomida qurib kelgan liberal, “ochiq” imijiga zarba beradi. O‘yinchilar, murabbiylar va muxlislarning bir qismi bundan norozi bo‘lishi aniq.

Freedom esa aynan shu ichki ziddiyatni ko‘rsatishga urinmoqda. U uchun bu shunchaki basketbol emas, balki ligada ildiz otgan progressiv g‘oyalarning izchil yoki izchillikdan yiroq ekanini ochib berish usuli.

Endi navbat WNBAda. Ligaga savol aniq: qoidalarini kim uchun va qachon haqiqatan ham qo‘llaydi?