UZB sport

Eddie Hearn Fury shubhalarini rad etdi: Noyabrda kim ringda?

Tyson Fury yana shubha urug‘ini sochdi. Anthony Joshua bilan yillardan beri kutilayotgan superjang, uning fikricha, bu yil ham bo‘lmasligi mumkin. Lekkin Joshua promouteri Eddie Hearn bunga keskin javob qaytardi. Uningcha, bu safar kimdir ortga tisarilsa, u albatta Fury bo‘ladi.

Ikki britaniyalik og‘ir vazn yulduzi bu hafta ringga qaytadi. Fury Tailandning Pattaya kurortida polyak Mariusz Wachga qarshi xayriya tusidagi jang o‘tkazadi. Tomoshabinlar uchun jonli efir yo‘q, bu ko‘proq mashg‘ulotga o‘xshash kecha bo‘ladi. Ertasi kuni esa Jeddahda, Saudiya Arabistonida Joshua albaniyalik Kristian Prenga bilan to‘qnash keladi.

Bu ikkala jang ham shunchaki “razminka” emas. Noyabrga rejalashtirilgan, hali sanasi ham, manzili ham rasman e’lon qilinmagan “Battle of Britain” yo‘lida majburiy imtihon. Kim yiqilsa, orzudagi superjang yana yillar ortiga surilishi yoki butunlay yo‘qqa chiqishi mumkin.

Fury shubha soladi, Hearn esa raqamlarni eslatadi

Yaqinda Sky Sports bilan suhbatda Tyson Fury bu yil oxirida “boshqa birov”ga qarshi ringga tushishga tayyorligini aytdi. Bu gaplar darhol Joshua bilan bo‘ladigan jang atrofida savollar uyg‘otdi.

Eddie Hearn esa bunga javobni uzoq izlamadi. U Fury tarixiga ishora qildi.

“Tarixga qarang. Faktlarni tekshiring, rezyumeni ko‘ring. Qaysi bokschi ishonchliroq, degan savolda menimcha, bu juda ham yaqin bahs emas,” – dedi Hearn Sky Sports’ga.

U Joshua haqida qat’iy ohangda gapirdi: “AJ qaysi jangdan hech qachon chekingan? Unutmaylik, u nafaqat barcha da’vogarlar bilan jang qildi, balki avval Tyson Fury bilan shartnoma ham imzolagan. O‘sha payt jang bo‘lmay qolgan, chunki Fury Deontay Wilder bilan arbitraj qarori sabab ortga chekingan.”

Hearnning fikricha, noyabrni to‘xtatadigan yagona narsa – bu hafta oxiridagi janglarda mag‘lubiyat yoki jarohat.

Joshua uchun ringga qaytish – faqat sport emas

Anthony Joshua uchun Jeddahdagi jang – oddiy qaytish emas. U dekabr oxirida Nigeriyada sodir bo‘lgan dahshatli avtohalokatdan keyingi ilk professional chiqishi bo‘ladi. Lagos yaqinida 29 dekabr kuni yuz bergan avariya uning ikki yaqin do‘stining hayotini olib ketdi.

Joshua bu haqda gapirar ekan, hanuz ichidagi og‘riqni yashirmadi. BBC bilan suhbatda u har bir xotira, har bir surat uni larzaga solayotganini aytdi. U fikrlarini ish bilan band qilishga urinmoqda, chunki to‘xtab, bo‘lgan voqeani to‘liq his qilsa, bunga hali tayyor emasligini tan oldi.

Halok bo‘lganlardan biri Sina Ghami – Joshua bilan o‘n yildan ortiq vaqt birga ishlagan, uning sport va reabilitatsiya bo‘yicha doimiy murabbiyi edi. Ikkinchisi, Latif “Latz” Ayodele, shunchaki tanish emas, shaxsiy trener, yaqin do‘sti edi.

Shu fon’da Jeddahdagi jang oddiy reyting himoyasi emas. Bu Joshua uchun ham professional, ham shaxsiy sinov. Ringga faqat raqib emas, xotiralar ham hamroh bo‘ladi.

Dubois nokautidan keyingi birinchi qadam

Juma kuni Fury Pattayada, shanba kuni esa Joshua Jeddahda – ikkisi ham bosim ostida. Ayniqsa Joshua. Chunki bu uning sentabr 2024 yilda Wembley Stadium’da IBF chempioni Daniel Duboisdan olgan nokautdan keyingi ilk raqobatbardosh jangi bo‘ladi.

O‘sha mag‘lubiyat uning og‘ir vazndagi o‘rniga, merosiga, hatto kelajagiga savol belgisi qo‘ygandi. Endi esa u nafaqat Prenga ustidan g‘alaba, balki o‘zi haqida hikoyani qayta yozish imkoniga ega.

Fury uchun esa Wachga qarshi kecha – xavf darajasi past, lekin intizomni saqlab qolish uchun zarur jang. Ammo Hearn eslatganidek, tarix ko‘p narsani aytib turibdi. Rejalashtirilgan superjanglar, so‘ngra bekor bo‘lgan sanalar, sud va arbitrajlar – Fury nomi bilan birga tilga olinadigan sahnalar ko‘p.

Endi savol bitta: noyabrda haqiqatdan ham Fury va Joshua ring markazida qarama-qarshi turadimi yoki yana kimningdir ismi yoniga “bekor qilindi” degan satr qo‘shiladimi?