Dominik Livakovic: Barcelona'da yangi sahifa
Yozgi oynada ko‘plab yangi futbolchilarni olib kelgan Barcelona uchun Dominik Livakovic nomi sarlavhalarni yorib chiqqan transfer emasdi. U yulduzli hujumchi emas, jamoaning kelajagi sifatida ko‘rilayotgan Joan Garcia uchun zaxira darvozabon xolos. Ammo bu sokin transfer ortida katta shaxsiy qurbonlik yotibdi.
Dinamo Zagrebning rad etilgan taklifi
Livakovic yoz bo‘yi ikki yo‘l o‘rtasida qoldi. Biri — tanish, xavfsiz, moliyaviy jihatdan mukammal. Boshqasi — noaniq, lekin orzuga yaqin.
Xorvatiya nashri Jutarnji List xabariga ko‘ra, agar Barcelona uni ro‘yxatdan o‘tkazish bo‘yicha aniq kafolat bera olmaganida, Dominik jiddiy ravishda Dinamo Zagrebga qaytishni o‘ylagan. O‘tgan mavsumda u aynan shu klubda ijarada o‘ynab, rahbariyat va muxlislarni yana bir bor o‘ziga oshno qilgandi.
Dinamo Zagreb uni qo‘ldan chiqarishni istamadi. Klub Fenerbahce bilan to‘liq transferni yo‘lga qo‘yish niyatida edi va Livakovicni ko‘ndirish uchun mislsiz shartnoma taklif qildi: olti yillik kelishuv, jamoaning eng ko‘p maosh oladigan futbolchisi bilan teng darajadagi ish haqi. Darvozabon uchun bu nafaqat moliyaviy, balki hissiy jihatdan ham juda jozibali variant edi.
Buning sababi oddiy: Dominik bu klub bilan sakkiz yil yashadi. 2015 yildan 2023 yilgacha Dinamo Zagreb libosida maydonga tushib, keyin o‘tgan mavsum yana ijaraga qaytdi. 300 dan ortiq rasmiy o‘yin, chempionliklar, Yevropa kechalari — bu oddiy “sobiq jamoa” emas, futbolchi hayotining katta bo‘lagi.
Shunday bo‘lsa-da, u boshqa yo‘lni tanladi. Dinamodagi uzoq muddatli barqarorlik o‘rniga Barcelona’dagi noaniq raqobatni afzal bildi.
Barcelona’dagi yangi sahifa
Yoz boshida savol ko‘p edi. Barcelona moliyaviy cheklovlar girdobida yana bir futbolchini ro‘yxatdan o‘tkaza oladimi? Livakovic Camp Nou’da o‘ynash orzusini ro‘yobga chiqarish uchun bu xavfni o‘z zimmasiga oldi.
Oxir-oqibat, masala hal bo‘ldi. Klub uni ro‘yxatdan o‘tkazdi, endi Hansi Flick ixtiyorida yana bir ishonchli darvozabon bor. Ichki raqobatda hozircha vaziyat aniq: Dominik Wojciech Szczesny’dan oldinda turibdi va mavsum davomida kubok uchrashuvlarida maydonga tushish imkoniyatiga ega bo‘lishi kutilmoqda.
Bu, albatta, Dinamo Zagrebdagi rolidan keskin farq qiladi. U yerda u asosiy darvozabon, kiyinish xonasidagi yetakchilardan biri, uzoq muddatli shartnoma va yuqori maosh bilan ta’minlangan bo‘lardi. Barcelona’da esa u hozircha zaxira, yangi mamlakat, yangi liga, yangi talablar.
Ammo Livakovic uchun bu qaror ko‘p yillik orzuning mantiqiy davomi bo‘ldi. U xavfsiz portni tark etib, eng yuqori bosim ostidagi sahnani tanladi.
Endi savol bitta: u Camp Nou hayoti va Barcelona talablariga qanchalik tez moslashadi?







