De Zerbi Tottenhamni kuchaytirish yo‘lida yangi transferlar izlamoqda
Roberto De Zerbi Londonga kelganidan beri mudofaani qayta qurishga kirishib, uch nafar yangi himoyachini allaqchon qo‘lga kiritdi. Endi esa uning nigohi maydonning oldingi uchdan biriga qadalgan.
Tottenham rahbariyati italiyalik murabbiyga katta ishonch ramzi bo‘ladigan yulduz transferini taqdim etmoqchi. Klub allaqachon markaziy yarim himoyachi Sandro Tonali uchun Newcastle Unitedga 75 million funtlik taklif yo‘lladi, ammo bu taklif rad etildi.
Shu bilan cheklanib qolish niyati yo‘q. Spurs West Ham tarkibidagi yarim himoyachi Mateus Fernandes bo‘yicha ham harakatda, hujum chizig‘ida esa yozgi oynada Savinho borasida Manchester City bilan muloqotlar davom etmoqda.
De Zerbi hujumni ham yangilamoqchi
De Zerbi faqat orqa chiziqni emas, hujumni ham o‘zgartirishni xohlaydi. So‘nggi kunlarda paydo bo‘lgan yangi nom – Cody Gakpo. Tottenham endi Liverpool hujumchisini ham ro‘yxatiga qo‘shdi.
27 yoshli Gakpo o‘tgan mavsum Premier League bahslarida deyarli doim maydonda bo‘ldi. U faqat ikki uchrashuvni jarohat sabab o‘tkazib yubordi, qolgan o‘yinlarda esa Arne Slot uni 36 ta liga o‘yinining 32 tasida asosiy tarkibdan maydonga tushirdi. Natija yomon emas: yetti gol, besh golli uzatma va o‘rtacha har uchinchi o‘yinda bitta golli ishtirok.
Ronald Koeman uni Amerika, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan 2026 yilgi Jahon chempionati uchun Niderlandiya tarkibiga kiritdi. Turnir starti ham Gakpo uchun omadli boshlandi: Shvetsiyaga qarshi ikkinchi guruh uchrashuvida 5:1 hisobidagi g‘alabada u ikki bor raqib darvozasini ishg‘ol qildi va yana bitta golga uzatma berdi.
Anfielddagi kelajak savol ostida
Shu paytning o‘zida uning Anfielddagi kelajagi mavhumligicha qolmoqda. Bir qator xabarlarga ko‘ra, Liverpool yozda Gakpo bo‘yicha takliflarni ko‘rib chiqishga tayyor. Klub uni 2023 yil yanvar oyida 35–45 million funt oralig‘idagi summa evaziga sotib olgan va agar transferga ruxsat berilsa, kamida shu mablag‘ni qaytarib olish, ideal holatda esa foyda ko‘rishni maqsad qilgan.
Gakpo o‘tgan yozda shimoli-g‘arbda yangi shartnoma imzolagan, haftasiga 250 ming funt atrofida maosh olishi aytilmoqda. Bitimning yana to‘rt yili bor. Demak, muzokaralarda ustunlik to‘liq Liverpool qo‘lida.
Uning Jahon chempionatidagi ishtiroki ham narxini pasaytirmaydi, aksincha. Turnirdagi har bir yorqin o‘yin – klub uchun qo‘shimcha millionlar uchun dalil.
Tottenham qiziqishi va Romano ogohlantirishi
Transfer bo‘yicha taniqli insayder Fabrizio Romano Tottenhamning Gakpoga bo‘lgan qiziqishini tasdiqladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, London klubi yozda bu transferni amalga oshirish imkoniyatini o‘rganmoqda, biroq jarayon tez tugaydigan ko‘rinmaydi.
Romano o‘z YouTube kanalida shunday deya ta’kidlagan: Tottenham Gakpo bo‘yicha bitim yo‘lini izlayotgan bo‘lsa-da, Liverpool hali chiqishga “yashil chiroq” yoqmagan, klub hali ham uning xizmatidan mamnun. Qolaversa, qaror Jahon chempionati chog‘ida qabul qilinishi kutilmayapti.
Demak, De Zerbi qo‘l ostidagi hujum chizig‘i uchun kurash yoz bo‘yi davom etishi mumkin. Savol esa ochiq qoladi: Tottenham bu yozni Gakpo bilan belgilaydimi yoki Liverpool yulduzni yana bir muddat Anfieldda ushlab qoladimi?






