UZB sport

De Zerbi o‘zini akula deb atadi: Tottenhamda to‘xtash yo‘q

Roberto De Zerbi yozgi bozorni allaqachon larzaga keltirdi, lekin uning o‘zi aytganidek, bu faqat yo‘lning yarmi. Italiyalik murabbiy o‘z transfer falsafasini tasvirlash uchun keskin, hatto yirtqichona obrazni tanladi – va bu hozirgi Tottenham qiyofasiga juda mos tushadi.

“Transfer bozorida bir futbolchini xohlasam, akulaga aylanaman. Rad javobiga imkon yo‘q”, – dedi u Football London’ga.

Bu gaplar shunchaki balandparvoz shior emas. Klub allaqachon katta pul sarfladi, lekin De Zerbi o‘zini to‘xtatmoqchi emas. Uning hisobiga ko‘ra, loyiha hali tugamagan.

“Transfer bozori, albatta, hali yakunlanmadi, lekin transfer bozoridagi loyihamizning 60 foizini bajardik. Endi bizda yana bir bomba bor”, – deya qo‘shimcha qildi u.

“Bomba” – Savinho?

Murabbiyning shu “bomba”si deyarli hammaga tushunarli: gap Savinho haqida ketayotgandek. Braziliyalik qanot futbolchisi o‘zining shimoliy London sari yo‘lini ochish uchun Manchester City rahbariyatiga bosim o‘tkazayotgani xabar qilinmoqda. Agar bu bitim amalga oshsa, allaqachon juda qimmatga tushgan hujum chizig‘i yanada kuchayadi.

Yaqinda klub £85 million evaziga Mateus Fernandes’ni olib kelgan bo‘lsa, endi Savinho nomi atrofidagi shov-shuvlar De Zerbi rejasining naqadar tajovuzkorligini ko‘rsatib turibdi. U aynan o‘z taktik talablariga mos keladigan, ayniqsa qanot va qanot himoyachilari bilan o‘zaro o‘yinni tushunadigan futbolchilarni izlayapti.

“Qanotchi juda keng o‘ynaydigan bo‘lishi mumkin, ichkariga kirib keladigan bo‘lishi mumkin, qanot himoyachisisiz ham o‘ynay oladigan bo‘lishi mumkin, yoki qanot himoyachisi bilan birga o‘ynashga qodir bo‘lishi kerak”, – deb tushuntirdi u.

Shu yerda De Zerbi o‘zining eng katta qurolini alohida urg‘u bilan aytdi: to‘rt nafar qanot himoyachisi.

“Hozir bizda to‘rtta zo‘r qanot himoyachisi bor, ehtimol dunyodagi eng muhim to‘rt qanot himoyachisi. Chunki menimcha, Pedro Porro dunyodagi eng yaxshi o‘ng qanot himoyachisi. U bilan birga [Destiny] Udogie, [Andy] Robertson, va Djed Spence ham o‘ngda, ham chapda o‘ynay oladi.

Qanotchi olib kelishdan oldin biz qanot himoyachisini hisobga olishimiz kerak, chunki biz o‘yinni qanot himoyachisidan, allaqachon qo‘limizda bor futbolchidan boshlaymiz, to‘g‘rimi?”

Yangi bitim qachon yakunlanishi so‘ralganda, u qisqa javob bilan cheklandi: “Umid qilaman, lekin hali tugamadi, aniq.”

Kapitan ketmoqda: Romero bilan xayrlashuv

Yangi yuzlar kelayotgan bir paytda, kiyinish xonasida katta ismli futbolchilar xayrlashishga tayyorlanmoqda. De Zerbi kaptan Cristian Romero masalasida keskin qarshilik ko‘rsatmasligini ochiq aytdi. Markaziy himoyachi yana Serie A sari qaytishni xohlayapti, Inter sport direktori Piero Ausilio esa allaqachon San Siroga 2026 yilgi Jahon chempionati finalchisining transferi bo‘yicha faol muzokaralar ketayotganini tan oldi.

“Romero futbolchi sifatida dunyodagi eng yaxshi markaziy himoyachilardan biri, lekin oxir-oqibat men futbolchilarning irodasini hurmat qilmoqchiman”, – dedi De Zerbi.

U aprel oyida butun jamoa bilan o‘tkazgan individual suhbatlarini eslab o‘tdi: “Men ularga shunday dedim: ‘Menga ligada qolishga yordam bering, keyin men sizga ketishingizga yordam beraman’. Agar menga ligada qolishga yordam bermasangiz, men bilan birga suv ostida qolasiz!”

Murabbiyga ko‘ra, Romero bu chaqiriqqa javob bergan.

“Romero men bilan birga ajoyib bo‘ldi. Top. Xulqida, hurmatida. Oxirgi o‘yinda maydonga tushmagani uchun azob chekdi. U Argentina bilan Jahon chempionatiga tayyorgarlik ko‘rish uchun ketishni xohlagani haqidagi gaplar – haqiqat emas. Bu rost emas.”

Yoshlar va intizom: Bergvall, Spence va “qoidalar”

Klub ichida o‘z kelajagini o‘ylab turganlar faqat Romero emas. Lucas Bergvall va Djed Spence kabi yosh futbolchilar ham o‘tish davrida boshqa jamoalarning diqqat markazida turibdi. De Zerbi ularning qolishini istaydi, lekin bitta shart bilan: hamma murabbiyning qat’iy tartib-qoidalariga bo‘ysunishi kerak.

“Agar qolishsa, mening qoidalarimga, maydondagi qarorlarimga amal qilgan holda qolishlari kerak”, – deb ogohlantirdi u chekkadagi futbolchilarni. “Ikki o‘yin, uch o‘yindan keyin, agar kimdir o‘ynamasa va xafa bo‘lib, boshqa futbolchilarga, murabbiylarga, shtabga, klubga nisbatan to‘g‘ri bo‘lmasa, biz katta, juda katta xatoga yo‘l qo‘yamiz. Chunki o‘tgan mavsumdan hech narsa o‘rganmaganimiz bo‘ladi.”

Bu so‘zlar Tottenhamda yangi davr nafaqat taktikada, balki kiyinish xonasida ham boshlanayotganini ko‘rsatadi. De Zerbi nafaqat akuladek transfer qiladi, balki ichkarida ham temir intizom talab qiladi.

Hozircha esa, uning yangilangan jamoasi shanba kuni bo‘lib o‘tadigan Chelsea’ga qarshi mavsumoldi uchrashuviga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Shu o‘yinda De Zerbi loyihasining navbatdagi qaysi bo‘ligi ko‘rinish bera boshlaydi?