UZB sport

Cordeiro Infantino’ning World Cup’ga xususiy kapital kiritish rejasini rad etdi

Carlos Cordeiro Gianni Infantino davrasidan keskin chiqib ketdi. Sababi – jahon futbolining yuragi bo‘lgan World Cup’ni tijorat kompaniyasi orqali xususiy kapitalga ochish rejasi.

U uzoq yillik bankir, sobiq FIFA vitse-prezidenti, hozirgacha Infantino’ning eng yaqin maslahatchilaridan biri edi. Endi esa u FIFA rahbariyatiga qarshi ochiq pozitsiya oldi.

“Men buni qo‘llab-quvvatlay olmayman”

Cordeiro Sky News’ga bergan bayonotida so‘zini aylantirmadi: u World Cup’ga ulush sotish g‘oyasini “keskin rad etishini” aytdi.

Uning fikri qat’iy: bu bitim FIFA a’zolari, futbolning o‘zi va o‘yin kelajagi uchun yomon. U o‘zini bu loyihadan butunlay uzoq tutganini, qaror qabul qilish jarayonida ishtirok etmaganini alohida ta’kidladi.

Bu iste’fo tasodifiy emas. U FIFA tungi soatlarda tarqatgan, “hech kim futbolni sotmayapti” degan bayonotidan so‘ng e’lon qilindi. Tashkilot FIFA Forward Enterprise (FFE) deb nomlangan yangi tijorat tuzilmasiga xususiy investorlarni kiritish bo‘yicha “maslahatlashuv”ni davom ettirish niyatida ekanini bildirdi.

Ammo futbol siyosatida shamol allaqachon teskari esmoqda.

UEFA, CONCACAF va AFC – ochiq qarshilik

Avvaliga UEFA zarbani berdi. Yevropaning 55ta assotsiatsiyasi bir ovozdan pozitsiya bildirdi: bu rejalar bekor qilinmaguncha, hech bir UEFA terma jamoasi FIFA musobaqalarida qatnashmaydi.

Bayonot keskin: taklif to‘liq chekinmaguncha va FIFA boshqaruvi hamda musobaqalari hech qachon xususiy mulkka ochilmasligiga huquqiy kafolat berilmaguncha, hamkorlik bo‘lmaydi.

Shu bilan bir paytda CONCACAF ham o‘z so‘zini aytdi – Shimoliy va Markaziy Amerika hamda Karib havzasi vakillari taklifni “rad etganini” ma’lum qildi. Oradan ko‘p o‘tmay, odatda Infantino’ni qo‘llab kelgan Asian Football Confederation ham qarshi frontga o‘tdi.

AFC 47ta mamlakatni birlashtiradi. Ularning bayonoti nafaqat rejaga qarshi, balki FIFA boshqaruv tizimini “zudlik bilan qayta ko‘rib chiqish”ga chaqiruvchi siyosiy signal bo‘ldi. Matn ohangi Infantino uchun xavfli: bu endi shunchaki texnik e’tiroz emas, rahbarlik uslubiga ishonchsizlik ishorasi.

Bugunga kelib, FIFA’ning 211 a’zosidan 143tasini birlashtirgan konfederatsiyalar FFE rejasiga qarshi chiqqan.

FIFA: “Hech kim futbolni sotmayapti”

FIFA rasmiy bayonotida o‘zini himoya qildi. Tashkilot FFE’ni a’zo assotsiatsiyalar uchun “mamlakatlardagi tijorat imkoniyatlaridan mazmunli ulush olish” yo‘li sifatida taqdim etmoqda. Gap shundaki, bu jarayon go‘yoki FIFA ruhiyati va boshqaruv tamoyillariga putur yetkazmas emish.

Bayonotda: “Har bir a’zo assotsiatsiya taklifni ko‘rib chiqishi va o‘z kelajagini shakllantirishda so‘z aytishi kerak”, degan jumla bor. Tashkilot o‘zini “ochiq va demokratik maslahatlashuv” tarafdori sifatida ko‘rsatishga urinmoqda va tanqidlar uchun ommaviy axborot vositalarini ayblaydi – go‘yoki noto‘g‘ri xabarlar jarayonni buzgan.

Ammo sahna ortidagi asosiy fakt o‘zgarmagan: FFE’da xususiy investorlar paydo bo‘lishi kerak. Ularning orasida Thrive Eternal guruhi ham bor, uni Joshua Kushner boshqaradi – u AQSh siyosiy elitasiga yaqin, Donald Trump’ning kuyovi Jared Kushner’ning ukasi.

Infantino bu modelni ochiq himoya qilmoqda. Lekin Yevropa terma jamoalarisiz World Cup? Bunday ssenariyda va’da qilingan ulkan daromadlar qayerdan keladi? Bu savolga FIFA javob bera olmayapti.

Ligalar ham xavotirda

Masala faqat terma jamoalar bilan cheklanmaydi. Yevropa va jahon professional ligalari ham tashvishda. Ular bitta narsadan cho‘chimoqda: tijorat foydasi quvib, FIFA turnirlarni kattalashtirish va tez-tez o‘tkazishga o‘tadi, bu esa allaqachon siqilgan ichki taqvimni butunlay yorib yuboradi.

Infantino davrida bu xavotir asossiz emas. Musobaqalar soni oshdi, formatlar o‘zgardi, kalendar esa tobora FIFA markaziga tortilmoqda. Endi esa World Cup tijorat tuzilmasiga xususiy kapital kirishi mumkinligi haqidagi g‘oya ligalar uchun chiziqdan o‘tishdek ko‘rinmoqda.

AFC ohangi o‘zgardi

AFC bayonoti alohida e’tiborga loyiq. Ular “bu lahza institutsional islohotlarni kuchaytirish uchun katalizator bo‘lishi kerak” deb yozdi. Bu jumla diplomatik til bilan aytganda, FIFA’ning bugungi boshqaruv modeli ishonchni yo‘qotayotganini anglatadi.

AFC “mazmunli demokratiya”ni faqat ovoz berish bilan o‘lchamaslik kerakligini ta’kidlab, shaffof boshqaruv, o‘z vaqtida maslahatlashuv va haqiqiy ishtirokni talab qildi. Bu – markazlashgan, yuqoridan tushadigan qarorlarga nisbatan ochiq isyon emas, ammo ogohlantirish juda aniq.

Sheikh Salman 2016-yilda FIFA prezidentligi poygasida Infantino’dan keyin ikkinchi bo‘lgan edi. Bugungi ohang – o‘sha eski raqobatning siyosiy aks-sadosi kabi.

“Infantino chuqurga tushib bo‘ldi”

Sky Sports News sharhlovchisi Kaveh Solhekol FIFA kechasi tarqatgan bayonotini “umidsiz va ohangsiz” deb atadi. Uning ta’kidlashicha, matnda Infantino nomining tilga olinmagani ham e’tiborga molik: go‘yoki bu FIFA emas, aynan prezidentning shaxsiy siyosiy hujjati.

Solhekol fikricha, Infantino “chuqurga tushib bo‘lgan” va endi “kovlashni to‘xtatishi” kerak. U FIFA rahbarini futbol muxlislaridan tortib, konfederatsiyalar va 211ta assotsiatsiya prezidentlarigacha barchadan uzr so‘rashga chaqiradi. Eng keskin nuqta – Infantino’ning ommaviy axborot vositalariga qarshi obsesiyasi tanqidi. Sharhlovchi buni Donald Trump uslubiga qiyoslaydi.

U jurnalistik tekshiruvlar – xususan The Times va Financial Times nashrlarining surishtiruvlari – bo‘lmaganda, bugungi mojaro yuzaga chiqmasligini, faktlar ham oshkor bo‘lmasligini eslatadi. Ya’ni, FIFA ayblayotgan media aslida jarayonni yoritib, futbol hamjamiyatiga ma’lumot bermoqda.

Solhekolning xulosasi keskin: Infantino yo‘lini o‘zgartirmasa, o‘zini saqlab qolish imkonini ham yo‘qotishi mumkin.

Chiqish yo‘li bormi?

Infantino avval ham bir necha bor bosim ostiga tushgan, lekin har safar siyosiy manevrlar bilan vaziyatdan chiqib ketgan. Bu safar esa bosim ko‘lami boshqacha.

U o‘zini “hammasi shunchaki demokratik maslahatlashuv” deb ko‘rsatishga urinmoqda: go‘yoki 211ta assotsiatsiya ovoz beradi, agar reja o‘tmasa, hech narsa bo‘lmagandek davom etiladi. Ammo UEFA, CONCACAF va AFC pozitsiyasi bu ssenariyni deyarli imkonsiz qiladi.

Solhekol boshqa yo‘lni ko‘rsatadi: ochiq uzr, bir muddat sahnadan chekinish, bo‘ron bosilgach, kelasi yil martda yana saylovga borish. Ammo hozircha Infantino bunday yo‘lni tanlaganini ko‘rsatadigan hech narsa yo‘q.

U media bilan ziddiyatni davom ettiryapti, konsultatsiya jarayonini to‘xtatmayapti, qarshilik to‘lqinining qanchalik kuchli ekanini to‘liq his qilmayotgandek ko‘rinadi. Gap endi faqat FFE haqida emas. Bu – uning butun prezidentligi davomida to‘plangan noroziliklar, qarorlar, formatlar, siyosiy ittifoqlar haqida.

Savol endi bitta: World Cup’ni xususiy kapital soyasiga olib kirishga uringan bu reja Infantino davrini belgilab beradigan oxirgi xato bo‘lib qoladimi yoki u yana bir bor siyosiy maydondan tirik chiqib ketadimi?