UZB sport

Cody Gakpo: Niderlandiya yulduzi va Liverpooldagi savollar

Cody Gakpo Shvetsiya darvozasiga ikki bor zarba berib, Niderlandiya uchun yana bir bor bosh qahramonga aylandi. O‘yindan keyin esa savol keskinlashdi: u terma jamoada bir xil, Liverpoolda esa boshqacha ko‘rinish olishi nimadan darak?

«Yaxshi savol. Albatta, biroz boshqacha», — dedi u.

Bir oz sukut, keyin yana: «Murabbiy meni qayerda ko‘rishni istashi, menga berilgan erkinlik boshqacha». Shu yerda gapini to‘xtatdi. Ortig‘i oshkor bo‘lib ketishini o‘zi ham sezgandek.

Chap qanot to‘lib bormoqda

Aynan shu haftada Liverpool chap qanotga yana bir futbolchini olib keldi: Osasuna’dan 34,5 million funt evaziga Victor Munoz. Klub yana bir qanot-hujumchi, 19 yoshli Yan Diomande uchun RB Leipzig bilan 86 million funtlik paket ustida ishlayapti. U ham ikkala qanotda o‘ynay oladi.

Bu ikki kelishuv Gakpo uchun nimani anglatadi? Savol bejiz emas.

2024-25 yilgi Arne Slot davridagi chempionlik mavsumida Gakpo barcha musobaqalarda 49 o‘yinda 18 gol va 7 golli uzatma bilan yakunlagan edi. Kuchli raqamlar, shubhasiz. Shundan so‘ng u Anfield’da uzoq muddatli shartnoma imzoladi va bunga chin dildan mamnun edi.

Ammo o‘tgan mavsumda rasm boshqacha bo‘ldi. U uchta o‘yinni ko‘proq o‘tkazdi, lekin natija — atigi 9 gol va 6 assist. Butun jamoa qiynalgan kampaniya fonida bu faqat uning muammosi emasdi, lekin Gakpo raqamlar oshishi kerakligini juda yaxshi biladi.

Kerkez bilan sinovli mavsum

Gakpo tabiatan chap qanotda o‘ynashni yoqtiradi. 2025-26 yilda u yerda Milos Kerkez bilan aloqasi sinovdan o‘tdi. Ayniqsa, vengriyalik himoyachining ustma-ust hujumga qo‘shilishlarini to‘liq ishlata olmasligi ko‘zga tashlandi. Harakat bor, lekin sinxronlik yetishmadi.

Mavsum o‘tgan sari ular o‘rtasidagi tushunish yaxshilandi. Endi Kerkez o‘zining Bournemouth davridagi ustoziga — Andoni Iraola qo‘l ostiga qaytdi. Demak, uning rivojlanish sur’ati tezlashishi kutilmoqda. Bu esa, agar hammasi joyiga tushsa, Gakpo uchun ham qulay fon yaratishi mumkin.

Statistika baribir o‘z so‘zini aytadi: 180 o‘yinda 50 gol. Gakpo Liverpool tarixida Dirk Kuyt’dan keyin klub uchun yarim yuzlik dovonni zabt etgan ikkinchi niderlandiyalik. Sog‘lom bo‘lsa, deyarli doim asosiy tarkibdan joy olgan.

Klub uni hanuz Premier League uchun isbotlangan, turli rolni bajara oladigan hujumchi sifatida ko‘radi. Ayniqsa, Hugo Ekitike tovon payi uzilishi sababli 2027 yilgacha maydonga tusha olmasligi ehtimoli bor bir paytda, Gakpo’nng markazda ham o‘ynay olishi Iraola uchun muhim variant bo‘lib turibdi.

Salah ketdi, raqobat esa yangi bosqichda

Mohamed Salah bilan xayrlashuvdan so‘ng yozda Anfield’da kamida yana bitta hujumchi kelishi deyarli aniq. Diomande bo‘yicha harakatlar aynan shunday fon ostida kuchaymoqda.

Yana bir yo‘nalish — yoshlar. Iqtidorli Rio Ngumoha yanada ko‘proq o‘yin amaliyotiga ega bo‘lishi kutilmoqda. Florian Wirtz esa o‘tgan mavsumda ba’zan chapdan o‘ynadi, hozir esa Jahon chempionatida Germaniya uchun xuddi shu zonada harakat qilayapti.

Iraola Wirtz’ning eng yaxshi pozitsiyasini qanday ko‘rishi — Gakpo kelajagini belgilab berishi mumkin bo‘lgan savollardan biri. Agar nemis yulduzi doimiy ravishda chapdan o‘ynasa, Gakpo ko‘proq markazga siljishi yoki zaxira bilan ko‘proq yuzlashishi mumkin. Yoki butunlay boshqa yo‘lni tanlashi ham.

Raqobat esa uni ko‘tarishi ham mumkin. Luis Diaz davrida bo‘lgani kabi. O‘sha paytda Gakpo raqobat ichida o‘sdi, o‘zini qayta ko‘rsatdi.

Bozor jim emas

Shu bilan birga, 2022 yil dekabrida kelganidan buyon ilk bor uning ketishi haqidagi gap-so‘zlar jiddiy tus ola boshladi. Bir nechta klub, jumladan Tottenham Hotspur ham uning vaziyatini kuzatmoqda.

Transfer narxi arzon bo‘lmaydi. Liverpool 60 million funtdan yuqori summani kutmoqda. PSV Eindhoven’dan Jahon chempionatidan so‘ng 35 million funt evaziga olingan futbolchi uchun bu — katta foyda bo‘ladi.

Shvetsiyaga qarshi o‘yinda urilgan gollar esa uning qanchalik sifatli hujumchi ekanini yana bir bor eslatdi. Ayniqsa, maydonda klubdagi jamoadoshi Alexander Isak gol ura olmagan bir kechada.

Birinchi gol — orqa ustunga yetib kelib, oddiy ko‘rinadigan, ammo to‘g‘ri joy tanlashni talab qiladigan zarba. Ikkinchisi esa Gakpo uslubiga xos: chapdan ichkariga kirib, o‘ng oyog‘i bilan pastga kuchli zarba.

Niderlandiya terma jamoasi atrofidagilar jamoa ichida birlik kayfiyati haqida gapirishmoqda. Murakkab klub mavsumidan keyin Gakpo turnirni kuchli boshladi. Uning Jahon chempionati statistikasi ham buni tasdiqlaydi: 7 o‘yinda 5 gol. Umuman olganda, 5 yil ichida terma jamoadagi 52 o‘yinda 23 gol.

Maydondan tashqarida ham u o‘z o‘rniga ega. Xususan, xristian e’tiqodidagi futbolchilar uchun ruhiy tayanch sifatida. Crysencio Summerville buni qisqa qilib ifodaladi: «Cody bizning pastorimiz — u duolarni boshqaradi».

Iraola qo‘lida sinov

Niderlandiya va Liverpool sardori Virgil van Dijk esa uning maydondagi fazilatlari haqida shubhasiz fikrda: «U ajoyib futbolchi. Jamoa uchun juda ko‘p ishlaydi, intizomli va sifati darrov ko‘zga tashlanadi — krosslari, assistlari, gollari».

Jahon chempionatida davom etayotgan bu o‘yinlar Liverpool qarorini ham o‘zgartirib yuborishi mumkin. Yangi hujumchilar moslashishda qiynalayotgani bunga misol: Isak va Wirtz Anfield’dagi ilk mavsumlarida o‘z o‘yinini topib ketolmadi. Yangi kelganlar uchun bu liga va bu klub qanchalik murakkab ekani yana bir bor ko‘rindi.

Shu paytda esa Iraola va klubning skautlar guruhi sustlashgan hujum chizig‘ini qayta qurishga urinmoqda. Shunday bir pallada Gakpo masalasi — bu yozning eng qiziqarli jumboqlaridan biriga aylanib bormoqda.

U chap qanotdagi raqobatni yengib, yangi tizimda asosiy qurollardan biriga aylanadimi? Yoki Jahon chempionatida porlayotgan bu hujumchi uchun Anfield’dagi bob yakunlanib, yangi sahifa ochiladimi?