Carlo Ancelotti: Neymar davri tugadi, Braziliya yangi avlodga tayyorlanmoqda
Carlo Ancelotti Neymar atrofidagi shovqinlar pasaygan bir pallada, vaziyatni juda sodda qilib qo‘ydi: maydonda ko‘rilgan Neymar – u kutgan Neymar emas edi.
Italiyalik murabbiy braziliyalik yulduzning turnirga qanday holatda kelganini yashirmadi. Neymar guruh bosqichining dastlabki o‘yinlarini – Marokash va Haiti bilan bahslarni – 2-darajali boldir mushagi jarohati va yetarli o‘yin amaliyotining yo‘qligi sabab o‘tkazib yubordi. Shundan keyin ham u to‘liq quvvatda bo‘la olmadi.
Ancelotti bu borada ochiq gapirdi. U Neymarning texnik jihatdan kutilgan darajada ta’sir o‘tkaza olmaganini aynan shu holat bilan bog‘ladi. Uning ta’kidlashicha, bu “xohlamaganidan emas, qo‘lidan kelmagani” uchun shunday bo‘ldi.
Shu bilan birga, murabbiy kiyinish xonasidagi Neymarni butunlay boshqa rakursda ko‘rganini aytdi. U yulduz futbolchining kayfiyati, o‘zini tutishi, yetakchilik fazilatlarini alohida maqtadi. Ancelotti Neymarni 26 kishilik yakuniy ro‘yxatga kiritish qarorini ham shuning bilan oqladi: uning fikricha, bu to‘g‘ri tanlov bo‘lgan.
Ammo bir jihat Ancelottini baribir bezovta qildi.
Uning aytishicha, Neymar turnir oldidan o‘zini yaxshiroq tayyorlashi mumkin edi. Murabbiy aniq chizib berdi: u birinchi o‘yinga emas, to‘rtinchi o‘yinga kelibgina tayyor bo‘ldi – mana shu qism Ancelotti uchun eng ko‘ngilsiz tomoni bo‘lib qolgan.
Neymar ketdi. Endi-chi?
Endi esa, 10-raqamli ramziy figura sahnadan tushgan bir paytda, Ancelotti butun dastur bo‘yicha qayta qurilish haqida o‘ylamoqda. Maqsad – 2030 yilgi jahon chempionati.
Bu shunchaki tarkibni yangilash emas. Bu – Braziliya futbol falsafasining burilishi. 2010-yillar yulduzlariga tayanib yashash davri ortda qolmoqda, navbat yangi to‘lqinga kelmoqda.
Ancelotti buni ochiq aytdi: Neymar haqida gapirar ekan, u bir avlodning tugashi va yangi avlod kelishi zarurligini eslatdi. Uning fikricha, tarix shuni talab qiladi – har yangi avlod avvalgisidan yaxshiroq bo‘lishi kerak.
Katta ismli xayrlashuvlar ketma-ketligi
Neymar – yakka holat emas. Ancelotti terma jamoadagi boshqa ustun futbolchilarning ham xalqaro sahnadagi yo‘li yakuniga yaqinlashganini ko‘rsatib qo‘ydi.
Savol Casemiro, Danilo va Alex Sandro haqida bo‘lganda, u chekinmadi. Murabbiy bu davr yakunlanayotganini tan oldi. Bu futbolchilar Braziliya uchun ko‘p ish qilgan, ular hurmat va minnatdorchilikka loyiq. Lekin u 30 yoshdan oshgan futbolchiga bo‘lgan qarash ham o‘zgarishi kerakligini uqtirdi: kelajak haqida o‘ylash vaqti keldi.
Shunga qaramay, hammasi birdan kesib tashlanmaydi. Ancelotti ayrim tajribali futbolchilar hali ham rejada borligini aytib o‘tdi. Masalan, Marquinhos – hali ham asosiy tayanchlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Darvozabon masalasida esa u aniq nuqta qo‘ymadi: Alisson bo‘yicha “ko‘ramiz” deya eslatib o‘tdi.
Braziliya terma jamoasi endi qaysi yo‘lni tanlaydi – bu savolga javobni yaqin yillarda berishi kerak bo‘ladi. Chunki Neymar va uning avlodi ortga chekinar ekan, Maracana va butun mamlakat endi kimni yangi yuz sifatida qabul qiladi?






