BlueCo davrining yulduz transferlari: muvaffaqiyatsizliklar ro'yxati
Stamford Bridge so‘nggi yillarda shov-shuvli taqdimotlar, baland va’dalar va rekord summalarga to‘lib-toshdi. Lekin BlueCo davrining bir bo‘lagi boshqa bir haqiqatni ham aytib turibdi: qimmatbaho transferlar, shikastlanishlar, noto‘g‘ri qarorlar va hech qachon ochilmagan salohiyatlar.
Bu ro‘yxat shunchaki muvaffaqiyatsiz bitimlar jamlanmasi emas. Bu – yangi davrni portlash bilan boshlamoqchi bo‘lgan klubning qanday qilib ketma-ket chalg‘ib ketganining tirik hujjati.
Carney Chukwuemeka: va’da bor edi, sahna yo‘q
Carney Chukwuemeka uchun bu davr deyarli yo‘qdek o‘tib ketdi. 2022 yilda Aston Villa’dan 20 million funt evaziga kelgan, Angliyaning U-19 Yevropa chempionligida yaltiragan yigit Londonni zabt etishi kerak edi. Ammo Stamford Bridge’da u deyarli ko‘rinmay qoldi.
Shikastlanishlar, murabbiylar ishonchining yo‘qligi – natijada ikki yarim yilda atigi 32 o‘yin. Hech bir mavsumda asosiy figura bo‘la olmadi, hech bir davrda jamoaning ritmini o‘zgartirmadi. Oxiri esa, dastlab ijaraga, so‘ng butunlay Borussia Dortmund tomon yo‘l oldi. “Chelsea”dagi davri esa, deyarli iz qoldirmagan qisqa epizod bo‘lib qoldi.
Christopher Nkunku: pre-sezon shikasti hammasini o‘zgartirdi
Christopher Nkunku transferi boshqacha bo‘lishi kerak edi. RB Leipzigda Bundesligani larzaga keltirgan, 2023 yilda 52 million funtga kelgan fransiyalik hujumchi “Chelsea” hujumini yillar davomida boshqaradi, degan tasavvur bor edi.
Ammo hammasi pre-sezondagi og‘ir tizzadan olgan shikast bilan boshlanib, aynan shu bilan chippakka chiqdi. 2023-24ning yarmi maydondan tashqarida o‘tdi. Qaytganida ham avvalgi portlashi ko‘rinmadi. 2024-25 mavsumida u ko‘proq chetdan kuzatuvchiga aylandi, Cole Palmer esa hujumdagi haqiqiy yulduzga aylandi.
Nkunku 27 ta Premier League o‘yinida ko‘rinish berganicha, erta kelgan umidlar so‘ndi va u oxir-oqibat AC Milan’ga sotildi. Bu transfer “nima bo‘lganida edi?” degan savolni ochiq qoldirdi.
Alejandro Garnacho: Old Trafforddagi uchqun, Londonda so‘nib qoldi
Alejandro Garnacho kelishi esa bozorda “imkoniyatni qo‘ldan boy bermaslik” sifatida talqin qilindi. Manchester United’dan 40 million funt evaziga olingan, Ruben Amorim qo‘l ostida chetlatilgan argentinalik qanot futbolchisi “Chelsea”da o‘zini qayta kashf etishi kerak edi.
Biroq u Stamford Bridge’da o‘sha eski ishonch, o‘sha jasoratni topa olmadi. Old Traffordda uni alohida qilib ko‘rsatgan beparvo driblinglar, keskin yugurishlar yo‘qoldi. Enzo Maresca ham, Liam Rosenior ham uni asosiy tarkibning ajralmas bo‘lagi sifatida ko‘rmadi. Chap qanotdagi o‘yinlari bir-biridan farqsiz, tez unutiladigan bo‘lib qoldi.
Klub endi allaqachon zararni kamaytirish haqida o‘ylayapti, ammo 43–45 million funt atrofidagi so‘ralayotgan summa uchun xaridor topish – oson bo‘lmaydi.
Pierre-Emerick Aubameyang: murabbiy ketgan kun – transfer ham tugadi
Pierre-Emerick Aubameyang hikoyasi esa deyarli ssenariysi oldindan yozilgan melodramaga o‘xshab ketdi. 2022 yil yozida Thomas Tuchel iltimosiga ko‘ra Barcelona’dan olib kelingan hujumchi, atigi bir kundan keyin o‘sha murabbiydan ayrildi.
Tuchel ketishi bilan Aubameyangning “Chelsea”dagi istiqboli ham so‘ndi. Graham Potter uni hech qachon to‘liq ishonch bilan qabul qilmadi, u asta-sekin tarkibdan siqib chiqarildi. Oxiri esa, kutilganidek, erkin agent sifatida Marseille’ga ketdi.
21 ta o‘yin, 3 ta gol – va shuncha. Bir mavsumlik, ko‘ngilsiz, hech kim kutgan darajaga yetmagan tajriba.
Kalidou Koulibaly: kechikkan transfer, qisqa muddat
Kalidou Koulibaly kelganida, ko‘pchilik “Chelsea” himoyasi endi boshqa darajaga chiqadi, deb ishondi. Napoli’da yillar davomida yuqori saviyada o‘ynab, obro‘ orttirgan senegallik markaziy himoyachi BlueCo davrining ilk transfer oynasida olib kelingan asosiy figura edi.
Ammo klubdagi notinchlik, murabbiylar almashinuvi, tizimlar o‘zgarishi fonida Koulibaly ham o‘z o‘rnini topa olmadi. Bir nechta yirik xatolar, muhim pallalarda ishonchsizlik – va u hech qachon tayanch ustuniga aylanmadi.
“Chelsea” bir yil o‘tib qarorini o‘zgartirdi. Koulibaly Saudiya Arabistonidagi Al-Hilal’ga sotildi va Yaqin Sharqqa yo‘l olgan ilk yirik ismlardan biriga aylandi. Stamford Bridge’dagi davri esa kutilgan “transformatsiya” emas, balki qisqa tajriba bo‘lib qoldi.
Raheem Sterling: yulduz nomi, ammo so‘nib boruvchi karera
Raheem Sterling transferi BlueCo uchun ramziy bo‘lishi kerak edi. Manchester City’dan 47,5 million funtga kelgan, ko‘p martalik chempion, Premier League’da isbotlangan to‘purarga stavka qo‘yildi.
Lekin “Chelsea”dagi ikki mavsum uning obro‘sini ko‘tarish o‘rniga, pasaytirdi. Gol va assistlar soni kutilgan darajaga yetmadi, o‘yiniga hamon beqarorlik yopishib oldi. Oxiri esa, u Enzo Maresca qo‘l ostida mashhur “bomb squad” – keraksizlar guruhiga yuborildi.
2024-25 mavsumidagi Arsenal ijarasi ham uni qayta jonlantira olmadi. 2025 yozida qaytgach ham, Sterling jamoaga qaytarilmadi. 2026 yil yanvarida shartnomasi bekor qilindi. Oxirgi o‘yini o‘tkazilganiga qariyb 18 oy bo‘lgandi.
Joao Felix: ikki bor sinov, ikki bor hafsalasi pir bo‘ldi
BlueCo Joao Felix’ni shunchalik xohladiki, uni ikki marta imzoladi. Orqaga qaraganda, balki bir marta ham kerak emas edi.
Atletico Madrid’dan 2023 yil yanvaridagi qishki transfer oynasida ijaraga kelgan Felix allaqachon Ispaniyada ham to‘liq ishontira olmagan edi. Fulham’ga qarshi debyutida olgan qizil kartochkasi esa, xuddi ogohlantirishdek ko‘rindi.
Shunga qaramay, 2024 yilda Barcelona’dagi samarali davridan so‘ng “Chelsea” uni yana qaytarishga qaror qildi. Ammo Enzo Maresca qo‘l ostida yarim mavsum ham chiday olmadi. Maydonda iz qoldira olmadi, o‘yin taqdirini hal qiladigan figura bo‘lmadi. Keyin AC Milan’ga ijaraga, 2025 yozida esa Al-Nassr’ga to‘liq transfer.
Ikki bor berilgan imkoniyat. Hech birida haqiqiy javob bo‘lmadi.
Facundo Buonanotte: ko‘z ochib yumguncha yakunlangan tajriba
Facundo Buonanotte nomi ko‘pchilikning xotirasida ham qolmagan bo‘lishi mumkin. 2025 yil yozining oxirida Brighton’dan kutilmaganda ijaraga olindi. Maresca tarkibiga chuqurlik qo‘shish, o‘yin ichida variant yaratish uchun.
Ammo u bu roldan ham foyda chiqara olmadi. Atigi 8 ta o‘yin, Premier League’da esa bor-yo‘g‘i bitta uchrashuv. Ko‘pincha umuman zayavkaga ham kiritilmadi. Yanvarda ijara muddati muddatidan oldin bekor qilindi.
Keyingi yarim mavsumni Leeds’da ham shu tarzda o‘tkazdi – xuddi fon futbolchisi sifatida.
Deivid Washington: uzoq shartnoma, qisqa xotira
Deivid Washington haqida eshitmagan bo‘lsangiz, ayblash qiyin. Santos’dan 17 million funt evaziga kelgan hujumchi 2023-24 mavsumida atigi uchta birinchi jamoa o‘yinida ko‘rinish berdi, xolos.
U ham BlueCo davrining o‘ziga xos ramzlaridan biri: juda yosh, juda uzoq muddatli shartnoma, lekin aniq rejasiz. Ko‘p vaqtini rivojlanish jamoasida o‘tkazdi, 2025 yilda esa yana Santos’ga ijaraga qaytdi. U yerda ham unchalik taassurot qoldirmadi va tezda ortga chaqirib olindi.
Endi 21 yoshda. “Chelsea”da kelajagi yo‘qligi aniq ko‘rinib turibdi. Uning keyingi qadami deyarli muqarrar: doimiy transfer va yangi boshlanish.
Mykhailo Mudryk: yirik summa, yanada yirik qulashi
Mykhailo Mudryk hikoyasi esa bu ro‘yxatdagi eng dramatiklaridan biri. 2023 yil yanvarida Shakhtar Donetsk’dan 89 million funt atrofidagi ulkan summa evaziga kelganida, Stamford Bridge’da shov-shuv ko‘tarilgan edi. Yosh, tez, beomon driblingchi – kelajakning qanot yulduzi sifatida ko‘rilgan.
Ammo u “Chelsea” libosida deyarli hech qachon o‘sha erkin, jasur, ishonchli yigitga o‘xshamadi. Murabbiylar almashdi, tizimlar o‘zgardi, Mudryk esa baribir tarkibga mahkam o‘rnasha olmadi. Ba’zan asosiyda, ba’zan zaxirada, ba’zan butunlay chetda.
2024 yil noyabrida u doping qoidalarini buzganlik gumoni bilan vaqtincha chetlatildi. Shundan beri maydonga qaytmadi. 2026 yil aprelida Futbol Assotsiatsiyasi unga maksimal – to‘rt yillik diskvalifikatsiya berdi. Mudryk apellyatsiya berdi, 2026-27 mavsumida qaytish umidini saqlab qolgan, degan xabarlar bor.
Ammo bir savol ochiq qoladi: u yana hech qachon “Chelsea” libosini kiyadimi?
BlueCo davri hali yakuniga yetgani yo‘q. Lekin bu transferlar ro‘yxati bir narsani aniq ko‘rsatib turibdi: katta pul – kafolat emas. Stamford Bridge endi shu xatolardan saboq oladimi yoki navbatdagi shov-shuvli taqdimot yana bir “hech narsaga aylanib qolgan” hikoyaga aylanadimi?






