Beckhamlar oilasi va MetLife finali: Brooklynning yo‘qligi
MetLife Stadium tribunalarida butun dunyo ko‘z tikkan final kechasi. Maydonda Ispaniya va Argentina, VIP-lojalarda esa yulduzlar safida odatdagidek Beckhamlar oilasi. Faqat bitta bo‘sh joy ko‘zga tashlanardi – oila suratlarida katta o‘g‘il yo‘q.
Brooklyn Beckham yakshanba kechasi finalni uyida yolg‘iz tomosha qildi. Buni uning rafiqasi Nicola Peltz Instagram’da ulashgan surat ochiq ko‘rsatdi: ekran qarshisida Brooklyn, atrofida esa shovqin-suronsiz xonadon. MetLife’dagi shovqin undan minglab chaqirim narida edi.
Stadionda esa Beckhamlar to‘liq tarkibda ko‘rinish berdi – faqat Brooklynsiz. Romeo va Cruz, singlisi Harper ota-onasi David va Victoria bilan birga tribunada o‘tirib, final atmosferasidan bahra olishdi. Oila yana bir bor katta turnir sahnasida ko‘rinish berdi, lekin bu safar ichida chiziq chizilgan edi.
Ispaniyada tug‘ilgan Cruz Beckham uchun bu kecha alohida edi. Otasining Real Madrid davrida dunyoga kelgan 21 yoshli “budding musician” Ispaniya terma jamoasini jo‘shqin qo‘llab-quvvatladi. U “seeing red” deb imzolangan karuselda suratlar ulashdi: qizil liboslar, tribunadagi shodiyona, yonida sevgilisi Jackie Apostle.
Suratlar orasida yana bir detal: Cruz Ispaniya sobiq himoyachisi Sergio Ramos bilan birga bayram qilayotgani aks etgan kadr. MetLife’dagi finalga Timothée Chalamet va Kylie Jenner, Beyoncé va Jay-Z kabi yulduzlar ham tashrif buyurgan bir paytda Beckhamlar oilasi odatdagidek diqqat markazida edi.
Bu turnir davomida ularning ishtiroki muntazam bo‘ldi. Angliya terma jamoasi safida umidlar baland bo‘lgan pallalarda Beckhamlar tribunadan qo‘llab-quvvatlab turdi, taqdir ularni yarim finalda Argentina qarshisida og‘riqli tarzda to‘xtatguncha. Iyun oyidayoq ular AQShning ochilish uchrashuvida ham maydonda paydo bo‘lib, Tom Cruise bilan bir lojalarda ko‘ringan edi.
Televizion kameralar muhim lahzalardan keyin ko‘pincha Beckhamlar lojasiga qaytdi. Aynan shunday lahzalardan biri Victoria Beckham’ni yana bir bor ijtimoiy tarmoqlarning “meme-qirolligi”ga olib kirdi. Angliyaga Norvegiya ustidan chorak finalda kelgan dramatik g‘alaba, Jude Bellinghamning qo‘shimcha daqiqalardagi goli – hammasi Beckhamlar qutisida portlashga sabab bo‘ldi.
David o‘rnidan irg‘ib turdi, havoga musht siltadi, atrofda quvonch, quchoqlashish. Victoria esa o‘ziga xos “Posh Spice” ohangini yo‘qotmadi: o‘tirgan joyidan turmadi, yuzida kamtarona ifoda, so‘ng xotirjamlik bilan telefoniga qo‘l uzatib, kadrga tushirishni boshladi. Ana shu beparvo lahza ijtimoiy tarmoqlarda hazil va memlarga sabab bo‘ldi.
David Beckham keyinroq bu sahnaga o‘zi ham kulib munosabat bildirdi. U Instagram’dagi postlardan biriga kulgi emojilari qatorini qoldirib, shunday deb yozdi: “U ichida bayram qilayotgan edi, ishonaman. Uning reaksiyalari menikiga qaraganda biroz sekinroq xolos”.
Shu paytda tribunalar va ijtimoiy tarmoqlar Beckhamlar atrofida aylanganda, Brooklyn boshqa sahnani tanladi – uy, ekran va reklama syujeti. U AQShda yashayotgan bo‘lsa-da, turnir davomida birorta o‘yinga shaxsan bormadi. Buni u o‘zi ham hazil bilan reklama kampaniyasida tan oldi.
Food delivery xizmati DoorDash uchun ishlangan rolikda Brooklyn kamera qarshisida shunday deydi: “You’re probably wondering why I’m watching the FIFA World Cup 2026 from home… It’s a long story”. So‘ng stol ustidagi jahon chempionati chiptalarini yig‘ib, paketga soladi va DoorDash xodimiga uzatadi: “These can go to someone... else. Put them somewhere fun”.
Reklama syujeti endi ancha og‘ir fon bilan o‘qilmoqda. Chunki Beckhamlar oilasidagi ziddiyat rasman tasdiqlangan. Yil boshida Brooklyn Instagram’da yozgan postida ota-onasi bilan endi gaplashmasligini ochiq e’lon qildi.
“Men oilam bilan yarashishni xohlamayman”, deb yozdi u. “Meni boshqarishmayapti, men hayotimda birinchi marta o‘zim uchun o‘zim turibman”.
Bu so‘zlar yillar davomida jamoatchilik ko‘z o‘ngida ideal oilaning ramzi bo‘lib kelgan familiya uchun qattiq zarba bo‘ldi. David va Victoria esa mojaro haqida deyarli lom-mim demayapti. Aprel oyida bergan intervyusida Victoria savolga qisqa, ammo aniq javob qaytardi.
“Biz har doim imkon qadar eng yaxshi ota-ona bo‘lishga harakat qilganmiz. Bilasiz, biz 30 yildan ko‘proq vaqt davomida omma ko‘z o‘ngidamiz. Qilgan ishimiz faqat bolalarimizni asrash va sevish bo‘lgan”, dedi u. “Va bilasiz, bu haqda aytadiganlarim shunchaki shu”.
MetLife tribunalarida bu gaplar eshitilmadi, albatta. U yerda faqat futbol, final, shovqin, chiroqlar bor edi. Ammo kamera har safar Beckhamlar tomon burilganda, kadrlarda ko‘rinmayotgan bitta yuz, bo‘sh qolgan bitta o‘rin yana bir savolni uyg‘otdi: bu oilaviy sovuqlik qachon tugaydi – va u tugaydimi o‘zi?






