Aston Villa Rafael Leao uchun jiddiy harakatda
Aston Villa yozgi bozorning eng shov-shuvli hujumkor transferlaridan birini amalga oshirishga jiddiy kirishdi. Klub AC Milan yulduzi Rafael Leao bo‘yicha rasmiy tarzda harakatni boshlagan, Italiyadagi manbalarga ko‘ra, tomonlar allaqachon aloqaga chiqqan va 1-sentabr, transfer oynasi yopilishidan oldin kelishuvga erishishga urinmoqda.
Eng qiziq jihati – Leao bu g‘oyaga ochiq. Portugaliyalik vinger Angliyaga ko‘chish ehtimolini rad etmayapti, bu esa muzokaralarga alohida sur’at beradi.
Watkins kelajagi savol ostida, hujum chizig‘i bo‘shab qolyapti
Villa uchun bu transfer shunchaki “yulduz qo‘shish” emas, zarurat darajasiga chiqqan ehtiyoj. Klubda Ollie Watkins atrofidagi noaniqlik tobora chuqurlashyapti. Saudiya Arabistonidan Al Hilal uni qo‘lga kiritish uchun bosimni kuchaytirgan, kamida bitta taklif rad etilgani ma’lum, ammo qiziqish so‘nmagan.
Brighton ga qarshi 0:4 hisobidagi og‘ir mag‘lubiyatda Watkins umuman zayavkaga kiritilmadi. O‘yindan keyin Unai Emerydan buning sababi so‘ralganda, u qisqa javob bilan hammaning e’tiborini tortdi: “Uni o‘zidan so‘rang. Men bunga faqat sukunat bilan javob bera olaman”.
Keyinroq ingliz hujumchisi dushanba kuni mashg‘ulotlarga qaytgani va jamoa oldida o‘z yo‘qligi uchun uzr so‘ragani haqida xabarlar paydo bo‘ldi. Lekin bu voqea atrofidagi soya tarqalgani yo‘q. Aynan shunday pallada Leao nomi paydo bo‘lishi bejiz emas.
Brighton ga qarshi o‘yinda Villa hujumda naqadar ojiz ko‘ringani hammasini yanada yaqqol ko‘rsatdi. Emi Buendia va Ross Barkley majburan “soxta” hujumchi sifatida maydonga tushdi. Tammy Abraham va 17 yoshli Brian Madjo jarohat tufayli yo‘q edi. Bu – yuqori ambitsiyali klub uchun mutlaqo qabul qilib bo‘lmaydigan manzara.
Emery jamoasi parchalanmoqda, Leao esa bo‘shagan taxtni egallashi mumkin
Yoz bo‘yi Unai Emery o‘zining Yevropa Ligasini yutgan yadrosi qanday asta-sekin tarqab ketayotganini tomosha qildi. Youri Tielemans, Morgan Rogers, Lucas Digne, Ezri Konsa – ketganlar ro‘yxati allaqachon xavotirli ko‘rinishga ega. Endi Watkins va Emiliano Martinez ham chiqib ketishi mumkin bo‘lgan nomlar qatorida turibdi.
Shunday vaziyatda klubga oddiy “chuqurlik” emas, darhol asosiy tarkibni ko‘tarib yuboradigan figura kerak. Rafael Leao ana shunday nom.
27 yoshli portugaliyalik o‘tgan mavsumda Serie A doirasida 29 uchrashuvda 9 ta gol urdi va 3 ta golli uzatma berdi. U markaziy hujumchi sifatida ham, chap qanotda ham, ikkinchi hujumchi rolida ham o‘ynay oladi. Aynan mana shu ko‘p qirralilik Aston Villa uchun Morgan Rogers ketganidan keyin paydo bo‘lgan bo‘shliqni to‘ldirishi mumkin bo‘lgan asosiy omilga aylanmoqda.
Leao to‘p bilan tezlikda raqib himoyasiga yopirilishi, jarima maydoni tomon keskin kirib borishi, turli nuqtalardan darvozani nishonga olishi bilan tanilgan. Rogers jamoaga bergan elastiklik va dinamikani u o‘z uslubida qayta tiklab berishi mumkin.
Uning obro‘si so‘nggi yillarda biroz pasaygani rost, lekin bu yerda bitta savol paydo bo‘ladi: Emery Marcus Rashford kariyerasiga qanchalik ta’sir qilganini eslaymizmi? To‘g‘ri qo‘ldagi to‘g‘ri futbolchi ko‘pincha ikkinchi nafas ochadi.
Champions League, asosiy tarkib va yangi sahna
Aston Villa hozir Leao uchun uchta juda kuchli dalil taklif qila oladi: Champions League, asosiy tarkibda markaziy rol va Premier League sahnasida o‘zini qayta isbotlash imkoniyati.
Emery tizimida Leao faqatgina rotatsiya o‘yinchisi bo‘lib qolmaydi. Unga hujum chizig‘ining asosiy yuzlaridan biriga aylanish uchun maydon beriladi. Klub esa ketgan yulduzlar qoldirgan bo‘shliqni aynan shunday kalibrdagi futbolchi bilan to‘ldirishga umid qilmoqda.
Agar kelishuv amalga oshsa, bu ikki tomon uchun ham mantiqan mukammal ko‘rinadigan bitim bo‘ladi: Villa yulduz darajasidagi hujumchini qo‘lga kiritadi, Leao esa o‘z karerasini qayta yuklab, eng ko‘zga ko‘rinadigan ligalardan birida yana bir pog‘ona yuqoriga chiqish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Begovic: “Bu shunchaki yaxshi emas, ajoyib xabar bo‘ladi”
Sobiq AC Milan va Chelsea darvozaboni Asmir Begovic bu transfer ehtimolini eshitib, shubhasiz, hayratini yashirmadi. U Leao bilan bir jamoada o‘ynagan, uni ichidan biladi.
Uning fikricha, bu Aston Villa muxlislari uchun “yaxshi” emas, “zo‘r” xabar bo‘ladi. U Leao ning salohiyati, tezligi, jismoniy qudrati va texnik mahoratini alohida ta’kidlab, aynan shu fazilatlar Premier League uchun juda mos kelishini aytdi. Milan davrida u tajribali futbolchilar yonida o‘sdi, biroq murabbiylar almashinuvi va turli uslublar uning barqarorligiga xalaqit berganini eslatib o‘tdi.
Begovic nazarida, Emery qo‘lida bu muammo hal bo‘lishi mumkin. U Aston Villa da Morgan Rogers va Ollie Watkins kabi futbolchilarning o‘yinini yangi darajaga olib chiqqanini misol qilib keltiradi. Leao uchun ham bunday murabbiy bilan ishlash va jamoada “asosiy yulduz” maqomini olish imkoniyati ulkan qadam bo‘ladi.
Endi navbat kelishuvda
Hozir hammasi muzokaralarga bog‘liq. Aston Villa vaqt bilan poygada: 1-sentabr yaqinlashmoqda, tarkib esa kuchaytirishni talab qilmoqda. Milan o‘z yulduzini qo‘yib yuborishga tayyormi? Villa Leao uchun zarur bo‘lgan moliyaviy va sportiy kafolatlarni bera oladimi?
Bitta narsa aniq: agar bu transfer amalga oshsa, Birminghamdagi futbol manzarasi butunlay o‘zgarishi mumkin. Aston Villa hujumi yangi qiyofa oladi, Premier League esa yana bir yirik sahna futbolchisini qo‘lga kiritadi. Endi esa hamma bitta savolga javob kutyapti – Rafael Leao yangi uyini Angliya deb ataydimi?







