Arsenal va Chelsea: Morgan Rogers transferidagi peshqadamlar
“Arsenal” yoz bo‘yi “Aston Villa” hujumkori Morgan Rogers transferida peshqadamdek ko‘rinyotgandi. Shaxsiy shartlar bo‘yicha kelishuvga erishilgani haqida mish-mishlar aylangan, Mikel Arteta esa o‘zi futbolchi bilan bir necha oy davomida bevosita gaplashgani aytilmoqda. Londonning shimoliy qismida uni old chiziqning istalgan nuqtasida, hatto hujumchi ortida ham o‘ynay oladigan universal yechim sifatida ko‘rishardi.
Ammo yakshanba kuni sahna keskin o‘zgardi. “Chelsea” kutilmaganda zarba berdi.
“Chelsea”ning keskin hujumi
Fabrizio Romano ma’lumotiga ko‘ra, “Stamford Bridge” rahbariyati ikkilanmadi: “Chelsea” Morgan Rogers uchun 117 million funt to‘lashga rozi bo‘ldi va olti yillik shartnomani kelishib qo‘ydi. Bitimga yana bir yilga uzaytirish opsiyasi ham kiritilgan.
Hamma narsa shunchaki tez kechdi. Romano o‘z kanalida bu kelishuvni “kelgusi 24 soat – Morgan Rogersning “Chelsea” futbolchisiga aylanish soatlari bo‘ladi” deya ta’rifladi. Uning aytishicha, “Chelsea” va “Aston Villa” allaqachon hujjatlarni almashishni boshlab yuborgan, imzolar esa dushanba kuni qo‘yiladi.
“Villa” buni ajoyib biznes deb bilmoqda. Londonning ko‘k tomonida esa ular o‘zlariga yana bir “fantastik futbolchi” qo‘shilganiga ishonishmoqda.
Eng qattiq zarba esa “Arsenal”ga tegdi.
“Arsenal”ning chegarasi va kechikkan qarori
Romano ta’kidlaganidek, shimoliy londonliklar uchun bu “katta syurpriz” bo‘ldi. Arteta rejalarida Rogers jiddiy nishon sifatida turardi, murabbiy futbolchi bilan shaxsan muloqot qilgan, loyiha tushuntirilgan, rol belgilangan. Biroq bitta omil hammasini buzdi – narx.
“Arsenal” “Aston Villa” bilan muzokara qilib, summani tushirishga umid qilgan. Romano ma’lumotiga ko‘ra, ularning niyati 90 million funt atrofida taklif yuborish, eng ko‘pi bilan 100 milliongacha chiqish bo‘lgan. 117 million? Bu chiziqni kesib o‘tish rejalashtirilmagan.
“Chelsea” esa boshqacha yo‘l tutdi. Ular darhol maksimal rejimga o‘tdi. Romano aytganidek, “Arsenal”ning qarshi hujumi va bitimni qayta tortib olishiga yo‘l qo‘ymaslikning yagona yo‘li – hammasini 24 soat ichida yopish edi. Ular aynan shunday qilishdi.
Natija aniq: Rogers – “Chelsea” futbolchisi, “Arsenal” esa bozor rejasini qayta chizishga majbur.
Endi kim? Diomande atrofidagi poyga
Endi “Arsenal” nigohi boshqa tomonga burildi. Romano ma’lumotiga ko‘ra, klub “RB Leipzig” qanot futbolchisi Yan Diomande bo‘yicha so‘rov yuborgan. Ammo bu yerda ham raqobat kuchli.
“Paris Saint-Germain” allaqachon futbolchining o‘zi bilan shaxsiy shartlar bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishgan. Romano bu kelishuv uch-to‘rt haftadan beri mavjudligini aytmoqda. Demak, futbolchi Parij loyihasiga “ha” degan, lekin bitta muammo bor – klublar hali kelisha olmagan.
“RB Leipzig” va “PSG” o‘rtasidagi munosabatlar yomon emas, ayniqsa Xavi Simons transferi va boshqa bitimlardan so‘ng. Lekin yaxshi aloqalar o‘zi yetarli emas – moliyaviy kelishuv ham topilishi kerak. Shaxsiy shartlar bor, lekin transfer summasi bo‘yicha yakuniy nuqta qo‘yilmagan.
Romano eslatadi: bu holat yaqinda ko‘rilgan ssenariyga juda o‘xshash. “Arsenal” ham Morgan Rogers bilan shaxsiy kelishuvni muammo qilmagandi, lekin klub bilan narx borasida kelisha olmay turgan paytda “Chelsea” kelib, hammasini bir zarbda yopib qo‘ydi.
Diomande bo‘yicha hozircha favorit – “PSG”. Lekin bozorga har kuni yangi qo‘ng‘iroqlar tushmoqda. Romano aytishicha, Diomande transferi atrofida ko‘plab klublar faollashgan, “Arsenal” ham so‘nggi kunlarda ular qatoriga qo‘shilgan.
Savol endi bitta: bu safar “PSG” bitimni tezda yopadimi yoki Rogers ssenariysi takrorlanib, yana bir top-klub oxirgi daqiqalarda poygani buzib kiradimi?
“Arsenal” uchun esa bu yozning asosiy sinovi shundek ko‘rinadi – ular o‘z nishonlarini qo‘ldan boy berayotgan klub sifatida tilga olinadimi yoki bozor ritmini o‘zgartira oladigan qat’iy qarorlar bilan javob qaytaradimi?






