Arsenal yozgi transfer bozorida Bruno Guimaraes uchun kurashmoqda
Arsenal yozgi bozorni qizdiryapti. Klub rahbariyati ko‘zini mavsumning eng yirik bitimlaridan biriga tikkan: Newcastle United sardori Bruno Guimaraes.
Bruno Guimaraes atrofidagi katta jang
Angliyaning “The Sun” nashri xabariga ko‘ra, London klubi Braziliya terma jamoasi yarim himoyachisi uchun rasmiy 70 million funtlik taklif tayyorlamoqda. Bu shunchaki navbatdagi qiziqish emas, balki Mikel Arteta loyihasining markaziga qo‘yilayotgan asosiy bo‘lak.
Yangi markaziy yarim himoyachi bu yozda Arsenal uchun birinchi raqamli vazifa. Shu ro‘yxatning eng yuqori pog‘onasida aynan Bruno turibdi.
Newcastle esa pozitsiyasini aniq bildirgan: sardor sotilmaydi. Klub rahbariyati Guimaraesni jamoaning sportiy yuragi deb biladi va uni qo‘yib yuborishni istamayapti. Lekin Arsenal bu qat’iylikni sinab ko‘rishga tayyor – 70 million funtlik taklif aynan shuning uchun stolga qo‘yiladi.
Avvalroq vositachilar orqali bilvosita muloqot bo‘lib o‘tgan. O‘sha paytda London klubi 60 million funt atrofidagi taklifni ko‘rib chiqqan, keyin esa Newcastle’ni ko‘ndirish uchun summani oshirishga qaror qilgan.
“The Sun” ma’lumotiga ko‘ra, Bruno Guimaraes klub rahbarlariga Emirates Stadium’ga ko‘chib o‘tish istagini bildirgan. Agar bu pozitsiya o‘zgarmasa, yaqin kunlarda ikki klub o‘rtasidagi muzokaralar ancha tezlashishi kutiladi. Newcastle sardorini ushlab qola oladimi yoki yo‘qmi – yozgi oynaning eng keskin savollaridan biri aynan shu.
Sokin startdan faol hujumga
Arsenal transfer oynasini sokin boshlagandek tuyulgandi, lekin so‘nggi kunlarda ritm keskin o‘zgardi. Kecha, payshanba kuni, London klubi Club Brugge qanot hujumchisi Christos Tzolis uchun 34 million funt to‘lab, bitimni yakunladi.
Shu bilan birga, o‘tgan mavsumni ijarada o‘tkazgan himoyachi Piero Hincapie ham xuddi shunday – 34 million funt evaziga to‘liq sotib olindi. Darvozaga esa bozor imkoniyatidan foydalanib, erkin agent maqomidagi Illan Meslier olib kelindi.
Demak, uchta pozitsiya allaqachon yopildi. Biroq reja bundan kattaroq.
Morgan Rogers qo‘ldan chiqdi
Arsenal yozgi rejasidagi muhim nishonlardan birini boy berdi. Morgan Rogers – Arteta juda yuqori baholagan, hujum chizig‘ini yangilash uchun asosiy nomzodlardan biri edi.
Ammo poygada Chelsea g‘olib chiqdi. Londonning ko‘k klubi hujumchi uchun 117 million funt to‘lashga rozi bo‘ldi. Arsenal rahbariyati bunday miqdorni takrorlashni istamadi, Aston Villa esa aynan shu ulkan taklif tufayli futbolchini sotishga rozi bo‘ldi. Natijada Rogers boshqa yo‘lni tanladi, Arsenal esa rejasini qayta chizishga majbur bo‘ldi.
Reja tugamagan: uch pozitsiya ochiq
“The Sun” xabariga ko‘ra, Arsenal rahbariyati transfer oynasi yopilguncha yana kamida uchta pozitsiyani mustahkamlash ustida ishlamoqda: himoyachi, yarim himoyachi va hujumchi.
Orqa chiziqda Ezri Konsa asosiy nomzodlardan biri sifatida ajralib turibdi. William Saliba belidagi jarohat tufayli bir necha oyga safdan chiqqani fonida, ishonchli markaziy himoyachiga ehtiyoj keskinlashdi. Konsa bu bo‘shliqni to‘ldirishga mos variant sifatida ko‘rilmoqda.
Yana bir nom – John Stones. Uning Manchester City bilan shartnomasi o‘tgan oy oxirida yakuniga yetdi va bu Arsenal uchun tajribali, yuqori darajadagi himoyachini erkin olish imkonini beradi. Agar muzokaralar ijobiy kechsa, Arteta qo‘liga universal, to‘p bilan o‘ynashni yaxshi biladigan futbolchini oladi.
Yarim himoyada esa asosiy nishon ma’lum – Bruno Guimaraes. Uning kelajagi bo‘yicha qaror Arsenalning butun yozgi strategiyasiga bevosita ta’sir qiladi.
Hujum chizig‘idagi katta savol
Oldingi chiziqda Arsenal hali ham Julian Alvarez bilan jiddiy qiziqmoqda. Argentina hujumchisi yuqori pressing, mehnatsevarlik va texnik mahoratni birlashtira oladigan noyob profil sifatida baholanadi.
Ammo bu yerda to‘siq katta: Atletico Madrid ham ommaviy, ham ichki muloqotlarda futbolchi sotilmasligini qat’iy ta’kidlamoqda. Klub Alvarezni loyihaning markaziy figuralaridan biri deb ko‘radi va hozircha bir qadam ham chekinmayapti. Arsenal esa kutadimi, bosimni oshiradimi yoki boshqa variantga o‘tadimi – bu hali noma’lum.
Yevropa bozoridagi boshqa harakatlar
Yevropada yozgi bozor faqat Arsenal atrofida aylanayotgani yo‘q. Fransiyalik yosh qanot Bradley Barcola ham bu oynada klubini o‘zgartirishi mumkin bo‘lgan nomzodlar safida. Paris Saint-Germain uni sotishga tayyormi yoki yo‘qmi – yakuniy qaror hali ko‘rinmayapti, lekin hozircha eng yaqin da’vogar sifatida Liverpool tilga olinmoqda.
Arsenal esa o‘z yo‘lidan qaynayotgani yo‘q. Christos Tzolis, Piero Hincapie va Illan Meslier bilan kuchaygan tarkib, qo‘ldan chiqib ketgan Morgan Rogers, orqa chiziq uchun Ezri Konsa va John Stones, markaz uchun Bruno Guimaraes, hujum uchun Julian Alvarez – bularning barchasi Emirates Stadium atrofida bir savolni keskin qo‘yadi:
Arteta qo‘lidagi bu loyihani yoz yakuniga qadar qanchalik darajada mukammallashtira oladi?






