Arsenal Bruno Guimaraes uchun 55 million funtlik taklif qildi
Chempionlar yoz bozorini shov-shuvsiz ochmayapti. Arsenal allaqon o‘zining eski orzularidan biriga – Newcastle United yulduzi Bruno Guimaraes’ga qo‘l cho‘zdi. Birinchi urinish esa darhol to‘xtatildi.
55 million funtlik taklif va darhol rad javobi
So‘nggi kunlarda London klubi braziliyalik yarim himoyachini qo‘lga kiritish uchun jiddiy harakat boshlagani ma’lum bo‘ldi. Yevropasiz qolgan Newcastle tarkibidagi ko‘plab futbolchilar bilan bir qatorda Bruno ham ketishi mumkin bo‘lgan nomlar ro‘yxatida turibdi, Arsenal esa aynan markaziy yarim himoyachi va chap qanotga kuchli futbolchi izlayapti.
Mahalliy xabarlarga ko‘ra, Mikel Arteta jamoasi dastlabki qadamni tashlab, Bruno uchun taxminan 55 million funt atrofida bitimni ko‘zlagan. Bu summa London tomonida “boshlang‘ich nuqta” sifatida ko‘rilgan bo‘lishi mumkin, ammo Newcastle uchun bu darajada gap bo‘lishi ham qiyin.
Insayder Fabrizio Romano o‘z kanalida tasdiqlaganidek, Arsenal nafaqat futbolchining atrofidagilar bilan, balki bevosita klub bilan ham aloqaga chiqqan. Ammo javob qisqa bo‘ldi: eshik yopiq.
Newcastle bu miqdorga Bruno’ni sotish niyatida emas. Klub taklifni eshitdi, baholadi va darhol “yo‘q” dedi. Hozircha shunday.
“Eksploratsion yondashuv” va Bruno’nng pozitsiyasi
Yoz oynasi ochilishidan avvalroq jurnalist Ben Jacobs Arsenalning Bruno lageri bilan “eksploratsion yondashuv” qilganini ma’lum qilgandi. Xuddi shunday uslubni avvalroq Manchester United ham qo‘llagan edi.
Jacobs ma’lumotiga ko‘ra, payshanba oqshomiga qadar Newcastle bilan rasmiy aloqaning o‘zi bo‘lmagan, klub esa futbolchini sotish istagida emasligini aniq bildirgan. Oradan ko‘p o‘tmay, Romano ushbu aloqalar bosqichi klub darajasiga ham ko‘tarilganini aytdi – demak, Arsenal jiddiy.
Bruno esa hozircha sukut bilan ish ko‘ryapti. Romano ta’kidlaganidek, braziliyalik barcha qarorni Newcastle qo‘liga topshirgan, klubga hurmat ko‘rsatmoqda va o‘zi bosim o‘tkazmayapti. Futbolchi atrofida shov-shuv katta, lekin uning tomoni jim. Bu esa muzokaralardagi kuch markazini hozircha Newcastle qo‘lida qoldiradi.
Arsenal qaytadimi?
Savol endi bitta: Arsenal qay darajada jiddiy? 55 million funtlik taklif rad etildi. Endi London klubi chegarani oshiradimi yoki boshqa yo‘nalishga o‘tadimi?
Braziliyalik nashr GeGlobo xabariga ko‘ra, Arsenalning 55 million funtlik rasmiy taklifi rad etilgan, ammo londonliklar yangi, yaxshilangan taklif bilan qaytishni rejalashtiryapti. Bu esa Arteta Bruno’ni markaziy rejalarining yuragi sifatida ko‘rayotganidan darak beradi.
Newcastlening moliyaviy muvozanat, Yevropasiz mavsum va tarkibni qayta qurish zarurati fonida qanchaga chidashi – hozircha ochiq savol. Bir narsa aniq: 55 million funt bu chegaradan juda uzoq.
Parallel front: Jeremy Monga operatsiyasi
Arsenal faqat Bruno bilan band emas. Klub bozorning boshqa nuqtasida ham tezlikni oshirdi. Leicester City iste’dodi Jeremy Monga ham London chempionlarining nishonida.
Yosh futbolchi uchun ham dastlabki “uyatli” darajadagi, sinov ma’nosidagi taklif allaqachon rad etildi. Biroq Football Insider ma’lumotiga ko‘ra, Arsenal bu bitim borasida ancha ishonchli kayfiyatda.
Ikki klub hozircha tribunalga borib qolmaslik uchun kelishuv yo‘lini izlayapti. Eng muhim nuqta – Monga o‘zi ham chempionlarga o‘tishga tayyor. Bu esa muzokaralarda Arsenal qo‘lini ancha kuchaytiradi.
Yozgi reja: markazga Bruno, kelajakka Monga?
Arteta va uning shtabi yozgi bozorni aniq kontur bilan boshladi. Markazga – tayyor yulduz, yuqori darajadagi Bruno Guimaraes. Kelajak uchun – Jeremy Monga kabi istiqbolli nom.
Newcastle hozircha o‘z yulduzini mahkam ushlab turibdi. Lekin bozor endigina qiziyapti. Savol shunda: Arsenal qancha uzoqqa borishga tayyor va Newcastle qachon narxni “haqiqiy” chegaraga qo‘yadi?






