Argentina terma jamoasi va Malvin banneri: FIFA qoidalari to‘qnashuvi
Argentina terma jamoasi yana bir bor maydondan tashqaridagi siyosiy bo‘ron markazida qolishi mumkin. Sabab bitta: “Las Malvinas son Argentinas” mazmunidagi banner.
Bu safar bahs markazida na taktik sxema, na Lionel Messi, balki Janubiy Atlantikadagi kichik orollar – futbol maydoniga kirib kelgan yirik geosiyosiy mojaro turibdi.
Banner va FIFA qoidalari to‘qnashuvi
Argentina futbolchilari o‘yin oldidan Malvin orollari (Britaniya nazoratidagi Falkland Islands)ga ishora qiluvchi, siyosiy mazmundagi banner ochib, FIFA qoidalariga to‘g‘ridan-to‘g‘ri zarba berdi. Aynan shunday materiallar – banner, bayroq, libos yoki boshqa atributlar – 2026 yilgi Jahon chempionati uchun tasdiqlangan stadion ichki tartib-qoidalarida aniq taqiqlangan.
FIFA nizomida bu juda keskin yozilgan: siyosiy, haqoratomuz yoki kamsituvchi mazmundagi, biror davlat, shaxs yoki guruhni irq, teri rangi, millati, ijtimoiy kelib chiqishi, jinsiy identifikatsiyasi, dini, siyosiy qarashi yoki boshqa istalgan belgi asosida nishonga oladigan har qanday yozuv va ramzlar taqiqlanadi.
IFAB tomonidan belgilangan o‘yin qoidalari ham shunday qat’iy: futbolchi jihozlarida siyosiy, diniy yoki shaxsiy shior va tasvirlar bo‘lishi mumkin emas. Bunday holat qayd etilsa, futbolchi va/yoki jamoa musobaqa tashkilotchisi, milliy assotsiatsiya yoki FIFA tomonidan jazoga tortiladi.
Shu fon’da Argentina futbolchilari ko‘targan banner FIFA nazari ostiga tushishi deyarli muqarrar ko‘rinadi. Endi savol bitta: bu safar jazo qanchalik og‘ir bo‘ladi?
Malvin – maydonga sig‘maydigan mojaro
Malvin yoki Falkland masalasi Argentina va Buyuk Britaniya o‘rtasida bir asrdan ko‘proq vaqt davomida tinmayotgan siyosiy chiziq. Arxipelagga tarix davomida turli da’vogarliklar bo‘lgan, ammo 1883 yildan buyon amalda Britaniya nazorati ostida. Faqat 1982 yilning ikki oylik istisnosini hisobga olganda.
O‘sha yili harbiy xunta boshqaruvidagi Argentina qo‘shin yuborib, orollarni egalladi. Buenos-Ayres buni “o‘z hududini qaytarib olish” deb talqin qildi. London esa javoban harbiy flotini yo‘lga chiqardi. Natija – Falkland urushi.
Urush 1982 yil iyunida Argentina taslim bo‘lishi va Britaniya qo‘shinlarining orollarni qayta egallashi bilan yakunlandi. Narxi og‘ir bo‘ldi: 649 nafar argentinalik askar, 255 nafar britaniyalik harbiy va orollarda yashovchi uch nafar tinch aholi halok bo‘ldi.
Harbiy mag‘lubiyatga qaramay, Argentina siyosiy pozitsiyasidan qaynmadi. 1994 yilda mamlakat konstitutsiyasiga Malvin orollari bo‘yicha da’vosini mustahkamlovchi o‘zgartirish kiritildi. Orollar aholisi esa urushdan keyin ikki marta – 1986 va 2013 yillarda – suverenitet bo‘yicha referendum o‘tkazdi. Har ikki safar ham natija deyarli bir ovozdan Britaniya foydasiga bo‘ldi: 1986 yilda 96,45 foiz, 2013 yilda esa 99,8 foiz saylovchi Britaniya suverenitetini qo‘llab-quvvatladi.
Futbol esa bu fon’da doimiy ramzga aylangan. Argentina tribunasida “Las Malvinas son Argentinas” shiori – oddiy banner emas, milliy og‘riqning qisqa formulasi.
Tarix takrorlanishi: 2014 yildagi jarima
FIFA bunday holatni ilk bor ko‘rayotgani yo‘q. 2014 yilda Argentina Futbol Assotsiatsiyasi xuddi shunday banner fonida jamoa suratga tushgani uchun 20 ming funt sterling miqdorida jarimaga tortilgan. O‘shanda FIFA buni “siyosiy harakat” va jamoaviy intizom buzilishi sifatida baholagan.
Demak, presedent bor. Qoidalar o‘zgarmagan. Banner matni ham deyarli o‘sha. Shunday vaziyatda FIFA tomonidan yangi intizomiy ish ochilishi – futbol siyosatsiz bo‘lishi kerak, degan tamoyilning mantiqiy davomi bo‘lib ko‘rinadi.
Siyosatchilarning tili – futbolning fon musiqasi
Mavzuni siyosat ham tezda egalladi. Argentina vitse-prezidenti Victoria Villarruel ijtimoiy tarmoqlarda 1982 yilda orollarga tushayotgan argentinalik askarlar tasviri tushirilgan eski videoni ulashdi va “bu shunchaki navbatdagi o‘yin emas edi” deb yozdi.
Keyingi postida u yana bir bor shiorni takrorladi: Malvin orollari argentinaligini ta’kidladi, stadionga bu shiorni olib kirishga ruxsat berilmagani, ammo “uni qonimizda va yuragimizda olib yurishimizni unutishganini” yozdi.
Bu so‘zlar futbolchining oyog‘idagi to‘pga emas, FIFA intizom qo‘mitasiga qarata aytilgandek yangradi.
Endi navbat FIFAda
Hozircha FIFA rasmiy munosabat bildirmadi. Argentina terma jamoasiga nisbatan tekshiruv ochiladimi, yo‘qmi – noma’lum. Shuningdek, bu borada Angliya Futbol Assotsiatsiyasi rasmiy shikoyat kiritadimi, degan savol ham ochiq qolmoqda.
Har qanday qaror jiddiy e’tiborni tortishi aniq. So‘nggi yillarda FIFAning Argentina va ayniqsa Lionel Messi atrofida “imtiyozli munosabat” ko‘rsatayotgani haqidagi fitna nazariyalari futbol olamida allaqachon muhokama qilinib kelmoqda. Endi esa Malvin banneri bo‘yicha har qanday yumshoq yoki keskin jazo bu shubhalarga yangi o‘tinqo‘yishi mumkin.
Futbol maydonida esa bitta savol qoladi: qoidalar hamma uchun bir xilmi yoki siyosiy ramzlar va yulduzlarning og‘irligi chindan ham tarozini og‘diradimi?






