Arbeloa Fulhamda Palaciosni ko‘rishga harakat qilmoqda
Alvaro Arbeloa Angliyaga kelgan bo‘lsa-da, ko‘zi hanuz Valdebebasda. Yangi bosh murabbiy sifatida Fulham tarkibini qayta qurishga kirishgan ispaniyalik mutaxassis Real Madrid akademiyasiga yana bir bor murojaat qilmoqda. Bu safar uning asosiy nishoni – yosh hujumkor yarim himoyachi Cesar Palacios.
AS xabariga ko‘ra, Arbeloa allaqachon Fulham rahbariyatidan Palacios bo‘yicha shartnoma imkoniyatlarini o‘rganishni so‘ragan. U London klubini o‘z falsafasiga mos, texnik jihatdan yetuk, bosim ostida to‘pni yo‘qotmaydigan futbolchilar bilan to‘ldirmoqchi. Palacios esa bu profilga juda mos keladi.
Palacios uchun Madridda eshiklar ochiq, lekin yo‘l – tashqariga
21 yoshli futbolchi yozgi tayyorgarlikni Real Madrid birinchi jamoasi bilan boshladi. Bu – ishonch belgisi. Ammo Bernabeuda qolish kafolati emas.
Klub ichkarisidagi kayfiyat aniq: Palacios kelasi mavsumni Santiago Bernabeuda emas, boshqa jamoada o‘tkazishi kutilmoqda. Raqobat haddan tashqari kuchli, asosiy tarkibda muntazam daqiqa topib berish deyarli imkonsiz.
Yoz boshida u allaqachon chiqib ketishga juda yaqin kelgan edi. Palacios Como bilan og‘zaki kelishuvga erishdi, o‘zi ham, uning vakillari ham transfer yakuniga yetishiga ishongan, hattoki hammasi “tugadi” degan kayfiyat paydo bo‘lgan paytlar bo‘ldi. Ammo hujjatlar imzolanishidan oldin bitim quladi. Sabablar ichkarida qoldi, natija esa bitta – Palacios yana bozoriga qaytdi.
Shundan so‘ng FC Porto va Osasuna kabi klublar qiziqish bildirdi. Ammo hozircha birortasi muzokaralarni real yakun bosqichiga olib chiqa olmadi. Takliflar bor, lekin hal qiluvchi qadam yo‘q.
Natijada Palacios Valdebebasga qaytdi. U Real Madrid bilan birga variantlarni sinchiklab o‘rganmoqda, keyingi qadamini shoshmasdan tanlamoqda. Uning uchun bu transfer oddiy ijaradan ko‘ra ko‘proq – karerasining burilish nuqtasi bo‘lishi mumkin.
Arbeloa bilan qayta uchrashuv?
Bu yerda sahnaga yana Arbeloa chiqadi. U Palaciosni boshqalardan ko‘ra yaxshiroq biladi. Uni Castilla tarkibida ham, Real Madrid birinchi jamoasida ham boshqargan.
Yanvar oyida aynan Arbeloa Palaciosga “Los Blancos” safida katta futbolga yo‘l ochib bergan murabbiy bo‘ldi. 21 yoshli yarim himoyachi o‘sha paytdan buyon birinchi jamoa safida yettita o‘yin o‘tkazishga ulgurdi. Kichik raqam, lekin katta sahna.
Shu bilan birga, Real Madridning hozirgi tarkibi va ichki raqobatini hisobga olsak, Palacios uchun muntazam o‘yin amaliyoti topish oson emas. Uning shartnomasi 2027 yilgacha amal qiladi, bu esa klubga moliyaviy bosim bermaydi, ammo futbolchining o‘zi uchun vaqt ishlamayapti. Yana uch yil zaxira va ijaralar girdobida qolish – uning darajasidagi iste’dod uchun xavfli ssenariy.
Shu bois chiqib ketish tobora mantiqiy ko‘rinmoqda. Ayniqsa, murabbiyi ishonadigan, o‘yin falsafasini biladigan, unga markaziy rol berishga tayyor inson – Londonning o‘zida kutib turgan bo‘lsa.
Arbeloa endi Fulham rahbariyatidan aynan shuni so‘ramoqda: Palaciosni olib kelish va unga Premier League sahnasida o‘zini ko‘rsatish imkonini berish.
Fulham uchun Madrid yo‘li: faqat Palacios emas
Palacios – bu Arbeloaning Madrid bilan bo‘lgan yagona bog‘lanishi emas. U Londondagi yangi loyihasini eski tanishlar atrofida qurmoqchi.
Murabbiy Fulham skautlariga Gonzalo Garcia va Franco Mastantuono nomlarini ham alohida belgilab qo‘ygan. Ular bilan ishlagan, ularning potentsialini biladi, qanday sharoitda ochilishi mumkinligini tasavvur qiladi. Arbeloa yangi klubini tasodifiy transferlar emas, o‘zi sinab ko‘rgan, ishonadigan yoshlar bilan boyitmoqchi.
Biroq bu yerda yana bir kuchli figura paydo bo‘ladi – Jose Mourinho. Aynan u Real Madridda Arbeloaning o‘rnini egalladi va hozircha boshqa yo‘l tanlagan: u pre-sezon davomida barcha bu yoshlarni yaqindan ko‘rib chiqmoqchi.
Mourinho qaror qilmaguncha, Gonzalo Garcia ham, Franco Mastantuono ham, ehtimol Palacios ham Madrid eshiklaridan to‘liq chiqib ketmaydi. Ular hali o‘zlarini ko‘rsatish uchun bir necha hafta vaqtga ega.
Savol esa o‘tkirligicha qoladi: Arbeloa Fulhamda yangi, “Madridcha” yadro yaratishga ulguradimi yoki Mourinho Valdebebasdagi navbatdagi avlodni o‘z qo‘lida ushlab qoladimi?






