Al-Hilal la’natni sindira oladimi?
Saudi Roshn League yettinchi turida Buraida shahri yana bir marta markazga aylanadi. Maydonga esa o‘ziga xos ruhiy yuk bilan kelayotgan jamoa chiqadi – Al-Hilal.
Riyod gigantlari ertaga mehmon sifatida Al-Taawoun maydoniga yo‘l oladi. Oddiy safar emas bu. “The Boss” ilk marta mavsumda mag‘lubiyat totini tatib ko‘rgancha kelmoqda: o‘tgan dushanba Neomga qarshi 0:2 hisobidagi yutqazish, oltinchi turdagi sovuq zarba bo‘ldi.
Shu mag‘lubiyat bilan bir savol havoda muallaq: Al-Hilal besh yillik barqarorlikni buzadigan, ko‘pdan beri ko‘rinmagan la’natga qaytib qoladimi?
Ikki o‘yinlik qora chiziq
Gap oddiy statistik ketma-ketlik haqida emas. Gap ketma-ket ikki ligadagi mag‘lubiyat haqida, Al-Hilal muxlislari bu holatni yaxshi eslaydi. So‘nggi marta bunday sinov 2021-yil dekabrida kelgan edi.
O‘shanda Al-Hilal avval Al-Nassrga 0:2 hisobida yutqazdi. Keyingi turda esa Al-Fatehga qarshi o‘yinda ham yiqildi – 2:3. Qisqa muddat ichida ketma-ket ikki zarba. O‘sha davr Riyod klubi uchun og‘ir saboq bo‘lib qolgandi.
Shundan buyon liga sahnasida bir narsa qat’iy saqlanib kelmoqda: Al-Hilal ikki o‘yinni ketma-ket boy bermayapti. Birinchi mag‘lubiyatdan keyingi maksimal yomon natija – durang. Ya’ni jamoa doim javob qaytarishga, zarbadan so‘ng darhol tiklanishga odatlangan.
Endi esa Neomga qarshi yutqazishdan keyin yana o‘sha eski manzara esga tushdi. Statistik la’nat qaytadimi yoki bu faqat bir kunlik chalg‘ish bo‘lib qoladimi?
Turnir jadvali bosimi
Hozircha raqamlar Al-Hilal foydasiga ishlayapti. Klub Saudi Roshn League peshqadami, 15 ochko bilan tepada turibdi. Ammo ustunlik faqat to‘plar nisbati hisobiga. Orqadan Al-Nassr va Al-Qadsiah bir xil ochko bilan bosib kelmoqda, ikkinchi va uchinchi pog‘onani egallab turibdi.
Demak, Al-Taawoun bilan o‘yin nafaqat ruhiy, balki turnir taqdiri nuqtai nazaridan ham o‘ta muhim. Birgina xato – va uchlikdagi joy almashishi, hatto peshqadamlikdan ayrilish ehtimoli bor. Ayniqsa, an’anaviy raqib Al-Nassr soyada poylab turgan bir paytda.
Buraidadagi kecha shunchaki yettinchi tur o‘yini emas. Bu Al-Hilal uchun xarakter testi, o‘tgan haftadagi mag‘lubiyat tasodif bo‘lganini isbotlash imkoni. Yoki besh yildan buyon yo‘q bo‘lgan la’nat yana qaytib keladimi? Savolga javobni endi faqat maydon bera oladi.







