Pirlo va Italiya terma jamoasi: Fonbet mojaro
Andrea Pirlo Italiya terma jamoasini boshqarish orzusi bilan allaqachon xayolan Coverciano yo‘liga tushib bo‘lgandek edi. Ammo bitta shartnoma hammasini ag‘dar-to‘ntar qilib yubordi.
U Instagram’da yozgan qisqa, ammo og‘ir jumla bilan buni tasdiqladi: u kecha kechqurun Italiya terma jamoasi bosh murabbiyligiga “endi nomzod emasligini eshitdi”. Shundan so‘ng hammasi rasman yakunlangani ayon bo‘ldi: Pirlo – endi variant emas.
Rossiya bukmekerlik kompaniyasi bilan shartnoma – hal qiluvchi omil
Mojoroning markazida Pirlo va rossiyalik bukmekerlik kompaniyasi Fonbet o‘rtasidagi homiylik kelishuvi turibdi. U Fonbet’ning elchisi sifatida chiqishi bir necha kundan beri Rimdagi siyosiy maydonda keskin bahsga sabab bo‘lib kelayotgandi.
Bir qator italiyalik siyosatchilar fikricha, urush davom etayotgan paytda Italiya terma jamoasi bosh murabbiyi Rossiya bilan bog‘liq tijoriy hamkorlikka ega bo‘lishi mamlakatning Ukraina borasidagi pozitsiyasiga zid ko‘rinadi. Gap faqat futbolda emas, davlat ramziga aylangan lavozimda kim o‘tirishi haqida ketmoqda.
Pirlo esa o‘z pozitsiyasini qat’iy himoya qildi. U Fonbet bilan shartnoma Birlashgan Arab Amirliklaridagi murabbiylik faoliyati bilan bog‘liqligini, hamkorlik “faqat tijorat va sport maqsadlarida” ekanini ta’kidladi. Uningcha, bu kelishuvga siyosiy ma’no yuklash – u hech qachon bildirmagan va o‘ziga tegishli deb hisoblamaydigan qarashlarni bo‘yniga qo‘yish bilan barobar.
Ammo bu izohlar siyosiy bosimni yumshatmadi. Aksincha, tortishuv kuchaydi.
Maldini qo‘llab-quvvatladi, siyosatchilar qarshi chiqdi
Yangi texnik direktor Paolo Maldini Pirlo nomzodini ochiqchasiga qo‘llab-quvvatlagan edi. Futbol olamida bu juftlik ko‘pchilikka yoqdi: sobiq “Azzurri” yulduzlari, maydondagi intellekt va xarizma, endi murabbiylik lavozimida birlashishi mumkin edi.
Ammo siyosiy sahnada kayfiyat boshqacha bo‘ldi.
Yevropa Parlamenti vitse-prezidenti Pina Picierno ijtimoiy tarmoqlarda keskin chiqish qildi. U Italiya ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionati yo‘llanmasidan quruq qolganini eslatib, futbol tizimiga “madaniy, axloqiy va boshqaruviy inqilob” zarurligini aytdi. Uning fikricha, Pirlo tanlovi bu yo‘nalishga mutlaqo zid.
Senat rahbari Ignazio La Russa ham intervyuda shubhasini yashirmadi. U Pirlo’ni futbolchi sifatida “buyuk chempion” deb e’tirof etgan bo‘lsa-da, murabbiy sifatida uning tayinlanishini “zulmatga sakrash” deb atadi. Bu so‘zlar Italiya futbol federatsiyasi (FIGC) ichida ham, jamoatchilik orasida ham aks-sado berdi.
Azione partiyasi yetakchisi Carlo Calenda esa yanada keskinroq pozitsiyani tanladi. Unga ko‘ra, 2022 yildan keyin Rossiyani targ‘ib qilgan yoki qilayotgan har qanday kishi milliy lavozimni egallamasligi kerak. Bu jumla Pirlo nomzodligi atrofidagi siyosiy eshiklarni deyarli yopib qo‘ydi.
FIGCning murabbiy qidiruvi: katta nomlar, katta rad javoblar
Pirlo aslida FIGCning birinchi tanlovi emas edi. Federatsiya Gennaro Gattuso bilan yo‘llar ajrashganidan so‘ng – u Italiya ketma-ket uchinchi bor Jahon chempionatiga chiqolmagach, aprel oyida o‘zaro kelishuv bilan iste’foga chiqqan – darhol eng yirik nomlarga yuzlandi.
Pep Guardiola va Carlo Ancelotti – orzu darajasidagi variantlar. FIGC avval shu ikki murabbiy bilan yo‘l topishga urindi, ammo bu urinishlar samara bermadi. Shundan keyingina Pirlo nomi real kun tartibiga chiqdi.
Pirlo hozirgi klubi Dubai United’dan ketishga tayyor edi. Yangi avlod murabbiyi sifatida terma jamoaga boshqa nafas olib kirish imkoniyati paydo bo‘layotgandi. Lekin Fonbet bilan bog‘liq mojaro bu rejani bir zumda chippakka chiqardi.
Natijada FIGC siyosiy bosim, jamoatchilik fikri va ichki muvozanat o‘rtasida qolib ketdi. Yakuniy qaror Pirlo zarariga bo‘ldi.
Endi kim? Mancini va Conte yana kun tartibida
Pirlo chetga surilgach, tanish ismlar yana qaytdi. Roberto Mancini va Antonio Conte haqida yana gapira boshlashdi.
Mancini – Yevro chempioni, lekin keyinchalik natijalar pasayib, tizim inqirozi fonida iste’foga ketgan murabbiy. Conte – intizom va talabchanlik timsoli, ammo xarakteri va keskin uslubi bilan hamisha hamma joyda ham uzoq qolavermaydigan mutaxassis.
Italiya futboli esa burilish nuqtasida turibdi. Ketma-ket uchta Jahon chempionati chetlab o‘tilgan, ichki tizim tanqid ostida, siyosat va sport chizig‘i tobora aralashib bormoqda.
Savol endi bitta: FIGC bu safar haqiqiy burilish yasaydimi yoki yana bir “leap in the dark”ga qo‘l uradimi?






