Marco Antonelli: Haydovchilik va omadning ahamiyati

2026-yilgi mavsum boshida hamma bitta savolga javob izlayotgandi: Mercedes’ning yangi davrini kim boshlab beradi – tajribali George Russellmi yoki hali 20 yoshga ham to‘lmagan Kimi Antonellimi?
Javob allaqachon berib bo‘lindi. W17’ni chempionlik darajasida ishlatgan – Antonelli. Va bu natija, uning otasi Marco Antonelli fikricha, “faqat omad” bilan tushuntirilmaydi.
“Russell ko‘proq g‘alaba qozonadi, deb o‘ylashgan”
Marco Antonelli avtosport olamida yangi ism emas. U yillar davomida GT seriyalarida start olgan, AKM Motorsport jamoasini boshqaradi, Italiyaning GT, Formula 4 va karting toifalarida ishtirok etadi. Ya’ni, paddokdagi shov-shuvlardan ko‘ra, trekdagi haqiqatni yaxshi biladigan odam.
“Hammaning kutgani – Russell o‘g‘limdan ko‘ra ko‘proq poyga yutishi edi”, – deydi u AutoHebdo’ga bergan intervyusida.
Mavsum boshida bu mantiqli fikr edi. Russell tajribali, Mercedes esa unga chempionlikka yaroqli mashina berdi. Lekin taqvim o‘rtalariga kelib, kuchlar nisbatini raqamlar aniq ko‘rsatib qo‘ydi: birinchi bo‘lib chempionlikni qo‘lga kiritgan, to‘rt poyga oldin unvonni kafolatlagan – Antonelli.
20 yoshli italiyalik bu bilan nafaqat birinchi titulini oldi, balki Sebastian Vettel rekordini ham yangiladi – tarixdagi eng yosh jahon chempioni endi u.
Omadmi yoki mas’uliyat?
Russellning mavsumi esa og‘riqli nuqtalarga to‘la bo‘ldi. Xitoydagi muvaffaqiyatsiz saralash, Kanadadagi va Malayziyadagi DNF’lar, Mercedes dvigatelining ishlatilishi bo‘yicha doimiy shikoyatlar – bularning bari uning “omadsiz mavsum” haqidagi hikoyasini oziqlantirdi.
Russell o‘zi ham raqamlarga tayanib gapirdi: 19 hafta oxiridan 14 ta muammo, keyinroq bu ro‘yxat São Paulo Grand Prix’dagi balans muammolari bilan 15 taga chiqdi.
Lekin aynan shu poygada muammolar faqat unga tegishli emasdi. Antonelli ham mashinada nosozlik bor deb o‘yladi, bir paytlar osma tizimi sinib ketdi, deb o‘ylagan lahzalari bo‘ldi.
Shu yerda Marco Antonelli chizig‘ini aniq tortadi: “Russellning biroz omadsizligi bo‘ldi, lekin u ham, o‘g‘lim ham bir xil darajada qiyinchiliklarga duch kelishdi. Kimi ham saralashlarda qiynaldi, ikki marta poygada chetlatildi.”
Keyingi zarba esa yanada aniqroq: “George bir nechta avariyaga uchradi, bu rost. Lekin avariya har doim ham faqat omadsizlik emas, ba’zan bu – haydovchilik xatosi.”
Bu gap bilan u bahsni yopadi: “Shuning uchun menimcha, o‘g‘lim bu titulga to‘liq loyiq.”
Antonellining ham “yo‘qolgan” poygalari bor edi
Russellning omadsiz epizodlari ko‘p muhokama qilindi, lekin Antonelli ham texnik xiyonatni his qildi. Silverstone’da deyarli qo‘lida turgan g‘alaba texnik nosozlik tufayli uchib ketdi. Barcelonadagi P2 ham shu yo‘sinda boy berildi.
Shunga qaramay, u har haftada baland tempni ushlab turdi, xatolarni minimal darajaga tushirdi va aynan shu barqarorlik uni chempionlikka olib keldi. Mavsum hikoyasi ham shu: bir tomonda tez-tez muammo tilga olayotgan, ba’zan haddan tashqari chekkada haydayotgan Russell, ikkinchi tomonda esa xotirjam, hisob-kitobli, lekin tez Antonelli.
Mercedes’da ikki frontdagi kurash
Brazil Grand Prix’dan so‘ng Mercedes allaqachon “dubl”ni qo‘lga kiritdi: ham Konstruktorlar, ham Haydovchilar chempionligi ularning qo‘lida. Lekin Brackley uchun mavsum tugamadi.
Russell hali hal qilinmagan masalaga duch kelgan: uchta poyga qolganda u hali ham umumiy hisobda ikkinchi o‘rin uchun kurashmoqda. Hozircha bu pozitsiya Max Verstappen qo‘lida, ustunlik – 17 ochko.
Toto Wolff’dan Braziliyadagi poygadan keyin kutilgan savol so‘raldi: jamoa buyruqlari ishga tushadimi? Javob ochiq, lekin ohang aniq: “Biz uning maksimal ochko olishini, va iloji bo‘lsa mavsumni ikkinchi o‘rinda yakunlashini xohlaymiz. Bu borada nima qilishimizni o‘ylab ko‘rishimiz kerak. Barchasini ishga solishimiz ehtimoli bor.”
Demak, Mercedes uchun endi bu faqat raqamlar emas. Bu – ichki ierarxiya, kelajakdagi liderlik va paddokdagi tasavvurlar haqida. Chempionlik kubogi allaqachon Antonelli qo‘lida. Endi savol boshqacha: Russell shu mavsumni ikkinchi o‘rinni tortib olib, o‘z so‘zini aytib yakunlay oladimi yoki yangi davrning markazida endi butunlay boshqa ism turadimi?
