Liverpoolning eng yomon transfer davri: Quansah ssenariysi
“Liverpool” 2025-yilda Premier League chempionligidan so‘ng o‘zini o‘zi portlatdi. Kubok ko‘tarilganidan atigi bir necha oy o‘tib, klub rahbariyati qimmatbaho va keskin inqilobga qo‘l urdi: yarim jamoa ketdi, yarim jamoa yangilandi.
Natija? Kiritilgan sarmoya 400 million funtdan oshdi, chiqib ketganlar hisobiga esa taxminan 200 million qaytdi. Qog‘ozda bu qayta qurishdek ko‘rindi. Amalda esa – bir-biridan og‘ir xatolar zanjiri bo‘lib chiqdi.
Endi esa bu xatolar ro‘yxati boshiga yangi, yanada alamli sarlavha qo‘shilishi mumkin: Jarell Quansah.
Quansah atrofidagi domino
“Sky Sports” xabariga ko‘ra, “Arsenal” transfer oynasi yopilguncha Quansah uchun “Bayer Leverkusen”ga taklif kiritishga hozirlik ko‘ryapti. Gap 52 million funtdan yuqori paket haqida ketmoqda.
Aniq raqamlar oshkor qilinmagan – bunga asosiy sabab Leverkusenning o‘zi: nemis klubi sotishni istamayapti. Ammo London klubi ularni fikridan qaytarishga urinadi, bu aniq. Katta pul, katta bosim.
“BBC” ma’lumotiga ko‘ra, “Liverpool” hali ham muhim huquqni qo‘lida ushlab turibdi: agar Quansah uchun taklif qabul qilinsa, birinchi rad etish huquqi mersisaydliklarga tegishli. Bundan tashqari, klub himoyachini kelasi yozda 60 million funt atrofida summaga qaytarib sotib olish opsioniga ega.
Demak, “Arsenal”ning yagona yo‘li – shu raqamdan ham yuqoriga sakrash. Agar London klubi 60 milliondan ortiq summa taklif qilsa, Leverkusen jiddiy o‘ylab qoladi. Chunki hozircha ularning oldida ikkita yo‘l turibdi: Quansahni saqlab, kelasi yozda “Liverpool”ga 60 millionga berish yoki raqibdan biroz ko‘proq pulni bugunoq olish.
Ikkala holatda ham markazda bitta savol qoladi: qanday qilib “Liverpool” o‘z akademiyasidan chiqqan, Angliya terma jamoasiga yetib borgan markaziy himoyachini 35 million funt atrofida qo‘yib yuborib, bir necha yil ichida uni ikki baravar qimmatga qayta sotib olish bosqichiga kelib qoldi?
Raqibga yo‘qotilgan boylik
Agar bu ssenariy ish bersa, “Liverpool” uchun eng og‘riqli nuqta – Quansahning manzili. Gap shunchaki katta summadagi transferda emas, gap “Arsenal”da.
“Anfield”dagi tribunalar uchun bu nom shunchaki raqib emas. So‘nggi yillarda chempionlik poygalarida, katta o‘yinlarda, ruhiy zarbalarda asosiy figura bo‘lib kelayotgan klub. Endi esa, ehtimol, “Liverpool” akademiyasida shakllangan, uyda ulg‘aygan, Angliya terma jamoasida o‘ynayotgan himoyachi aynan shu raqib safini mustahkamlashi mumkin.
35 millionga ketgan futbolchini 60 millionga qaytarib olish ehtimoli o‘zi yetarlicha alamli. Ustiga ustak, agar orada u “Arsenal” formasida kuchayib, “Liverpool”ning to‘g‘ridan to‘g‘ri raqibiga aylansa, bu yozgi savdolarni tarixiy falokat sifatida eslatadi.
Bu allaqachon shunday bo‘lib ulgurgan.
Kelleher, Morton, Elliott – yo‘qotilgan imkoniyatlar
Quansah atrofidagi drama yakka holat emas. 2025-yilgi qayta qurish chog‘ida ketganlar ro‘yxati hozir butunlay boshqacha ko‘rinishda turgan bo‘lishi mumkin edi.
Caoimhin Kelleher – bunga eng yaqqol misollardan biri. Premier League darajasida tayyor, yosh darvozabon. “Liverpool”da yillar davomida ikkinchi raqam bo‘lib, muhim o‘yinlarda ham o‘zini ko‘rsatgan futbolchi. U “Brentford”ga atigi 12,5 million funt evaziga ketdi, bonuslar bilan birga maksimal 18 millionga chiqishi mumkin.
Hozirgi bozor narxlarini hisobga olsak, bu – deyarli sovg‘a.
Tyler Morton esa “Lyon”ga deyarli “chaqaga” ketdi. U yerda esa tezda Ligue 1dagi eng barqaror va aqlli yarim himoyachilardan biriga aylandi. Bozor qadri o‘sdi, o‘yini o‘sdi, lekin bu o‘sishdan “Liverpool”ga deyarli hech narsa qaytmadi.
Harvey Elliottning boshidan kechirganlari esa boshqa turdagi xato. U hamon klubga tegishli, lekin bir yillik muvaffaqiyatsiz ijarasi uning karerasidan butun bir mavsumni olib qo‘ydi. Ritm yo‘qoldi, ishonch pasaydi, bozor qiymati esa keskin tushdi. Bu, ayniqsa, yosh futbolchi uchun eng og‘ir zarbalardan biri.
Luis Diaz – sotib, keyin o‘rnini qidirib sarson bo‘lish
Luis Diaz bilan bo‘lgan voqea ham shu fonni to‘ldiradi. Kolumbiyalik qanot futbolchisi ketgan paytda “Liverpool” yaxshi pul oldi, deb o‘ylash mumkin edi. Ammo vaqt o‘tgan sari bu savdo ham tobora savol ostida qolmoqda.
Diaz hozir ham dunyoning eng kuchli qanot futbolchilaridan biri sifatida tilga olinmoqda. Uning o‘rnini bosish uchun “Liverpool” endi deyarli ikki baravar ko‘p pul sarflashiga to‘g‘ri kelishi ehtimoli bor. Ya’ni, klub o‘zi sotgan sifatsiz o‘yinchini emas, aynan Diaz darajasidagi futbolchini izlayapti – va bu bozorda arzon emas.
Shunday qilib, Diaz transferi ham dastlab ko‘ringanidek “aqlli biznes” emas, balki yana bir yo‘qotilgan qiymat sifatida qaralay boshladi.
Bir davrning qora oynasi
Bularning barchasi bir nuqtada tutashadi: “Liverpool” yaqinda o‘z tarixidagi eng sust, eng noaniq savdo davrlaridan birini boshdan kechirdi. Akademiya mahsuloti bo‘lgan, uyda ulg‘aygan, Premier League va xalqaro sahnaga tayyor futbolchilar ketdi. Ularning o‘rniga esa na sport natijasida, na moliyaviy foydada teng bo‘lgan qiymat qaytdi.
Jamoa tarkibi esa shu orada sezilarli darajada orqaga ketdi. Chempionlikdan keyingi mavsumda sifat pastladi, chuqurlik kamaydi, ichki raqobat susaydi.
Endi esa hammasi yana bir savolga borib taqaladi: agar Jarell Quansah haqidagi ssenariy haqiqatga aylansa, bu davr “Liverpool” tarixida shunchaki yomon bozor emas, balki butun bir avlodni qo‘ldan boy bergan davr sifatida eslanadimi?






