Krishtianu Ronaldoning so‘nggi mundiali: o‘z karyerasini o‘zi belgilaydi
Krishtianu Ronaldo yana bir bor markazda. Bu safar – gol emas, balki so‘zi bilan. Portugaliya sardori matbuot anjumanida kelajagi, terma jamoadagi o‘rni va so‘nggi Jahon chempionati haqida gapirar ekan, hech narsani yashirmadi, ohangida esa aniq bir qat’iyat sezilib turardi.
Tugatishni men tanlayman, siz emas
Roberto Martínez qo‘l ostidagi asosiy tarkib haqida bahslar tinmaydi. Kimdir uni zaxiraga tushishi kerak, deydi. Kimdir esa hanuz bu jamoaning yuragi, deb hisoblaydi. Ronaldo esa bahsni qisqa qildi.
U 18 yoshida terma jamoga kelgan paytdan buyon bosim, shubha, savollarga o‘rganib bo‘lganini eslatdi. Unga asosiy tarkibdan tushish, almashtirilish ehtimoli haqida so‘rashdi. Javobi keskin bo‘ldi: bu mavzu u uchun eskirib bo‘lgan.
U o‘zini har doim Portugaliya maqsadlari uchun maksimal darajada berib kelayotgan futbolchi sifatida ta’rifladi. Maydonda bo‘ladimi, yo‘qmi – baribir, o‘zini bu terma jamoada muhim figura deb biladi. Eng muhim jumla esa aniq yangradi: u karyerasi yakunini o‘zi belgilashini, tashqaridan bo‘layotgan bosim, talab va takliflar bu qarorga ta’sir qila olmasligini aytdi. Bir xil savolni takrorlashni “vaqtni bekorga sarflash” deb atab, e’tiborni boshqa yoqqa – jamoaning o‘yini va keyingi bosqichga chiqishiga qaratishni so‘radi.
Oxirgi mundial – ochiq e’tirof
Ronaldo umumiy futboldan ketish sanasini aniq aytmagan bo‘lsa-da, bitta narsani rasman tasdiqladi: bu uning so‘nggi Jahon chempionati.
Shimoliy Amerikadagi turnirni u boshqacha his qilmoqda. Emotsiya balandroq, muxlislarning ishtiyoqi kuchliroq. O‘zi ham tan oldi: o‘ynagan barcha mundiallari ichida aynan shu musobaqani hissiyot nuqtayi nazaridan eng yodda qoladigani sifatida eslab qoladi. Tomoshabinlarning ehtirosi, stadionlardagi muhit – bularning barchasi tajribali yulduzning ko‘nglida alohida o‘rin egallab ulgurgan.
U bu safar Shimoliy Amerikaga bitta katta orzu bilan kelgan: Jahon chempioni sifatida kubokni ko‘tarib ko‘rish. Ammo u natijadan qat’i nazar, maydonda qolish sababini aniq belgilab qo‘ydi – bu faqat zavq va Vatanini himoya qilish baxti.
Men hech narsaga zor emasman – bu faqat zavq
Ronaldo bugun o‘zini boshqa bosqichda turgan odam sifatida ko‘rsatmoqda. U hayotda ham, futbolda ham deyarli hamma narsaga erishganini aytarkan, gapni boylik yoki shon-shuhratga emas, minnatdorchilikka burdi.
Unga ko‘ra, endi hammasi bir narsaga borib taqaladi: har lahzadan rohatlanish. U Jahon chempionligini yutib, “yana-da katta Krishtianu” bo‘lib qolmasligini, yuta olmasa ham “kamroq Krishtianu” bo‘lib qolmasligini ochiq aytdi. Bu, avvalo, ichki tinchlik haqida.
Bitta haqiqatni u o‘zi ham tan oladi: kubokni faqat bitta jamoa ko‘taradi. Demak, qolganlar uchun bu yo‘l – hayotning bir qismi, tajriba, xotira. U esa aynan shuni qadrlashni o‘rganganini aytadi: ertaga emas, bugunga yashash, har kuni zavq olish.
Tanqidlar, tajriba va yumshagan burchaklar
Yosh o‘tgan sari, Ronaldo nazarida, ko‘p narsa o‘zgaradi. U buni “yetuklik” va “tajriba” deb atadi. Unga ko‘ra, vaqt o‘tishi bilan odam ko‘p narsaga boshqacha qaray boshlaydi, keskinliklar yumshaydi, narsa-hodisalar joyiga qo‘yiladi.
Shu bilan birga, u ko‘zini yumib yashamaydi. O‘zi aytganidek, atrofida yillar davomida davom etayotgan tanqidlar, hujumlar, bahslar bor. U bularni ko‘rmaydi, eshitmaydi, deyolmadi. Lekin bu holat unga yangilik emas. Aksincha, u buni hayotining navbatdagi bobiga aylantirganini aytdi – boshqa bir bosqich, boshqa bir sinov sifatida.
Ispaniyaga qarshi o‘yin va “vijdonim pok” javobi
Yigirma yilga yaqin vaqt davomida Ronaldosiz katta turnirlarni tasavvur qilish qiyin bo‘ldi. Endi esa pley-off bosqichlarida har bir savol deyarli bitta nuqtaga borib taqalmoqda: bu uning so‘nggi Jahon chempionati o‘yinimi?
Navbatdagi raqib – Ispaniya. Shunday paytda ko‘pchilik undan qo‘rquv, xavotir haqida so‘z kutdi. U esa boshqa yo‘lni tanladi. U ertaga nima bo‘lishidan qat’i nazar, maydonni “vijdoni pok holda” tark etishini aytdi. Chunki o‘ziga ko‘ra, hayotda ham, futbolda ham bor kuchini berdi, hech narsa ayamadI.
U uzoq yillar davomida o‘ynashining sababi pul yoki majburiyat emasligini ta’kidladi. Bu – faqat ehtiros. Futbolni sevishi. Shuning uchun ham u o‘zini baxtli his qiladi.
Men yomon o‘ynamayapman
Oxirgi satrlarda u o‘ziga xos kulimsirash bilan, lekin baribir qat’iy ohangda gapirdi. O‘ziga qarshi fikrlar, tanqidlar fonida u o‘z o‘yinini baholadi: “men unchalik ham yomon o‘ynamayapman”, degan mazmunni aytdi.
Turnir davomida uchta gol urganini eslatdi. Ha, kimdir undan ko‘proq gol kiritgan, demak, ular ham juda yaxshi formada. Lekin bu uning o‘zini past baholashi uchun sabab emas. U harakatda qoladi, oldinga qaraydi va navbatdagi o‘yinda yana gol urish imkonini kutadi.
Shu tariqa, Krishtianu Ronaldo o‘zining so‘nggi mundialini tantanali e’lonlar bilan emas, balki sokin, ammo qat’iy ovoz bilan o‘tayotgandek. Savol esa endi boshqa: bu bob qanday yakun topadi – kubok bilanmi yoki faqat yana bir, lekin eng hissiy sahna bilan?






