Jannik Sinner tizzadagi muammo bilan kurashmoqda

Jannik Sinner tizzidagi muammo bilan kurashishda davom etmoqda. Wimbledon’dan beri kortga qaytmagan italiyalik yulduzning holati shu qadar jiddiyki, endi u 2027-yilgi Australian Open’ni ham o‘tkazib yuborishi mumkinligi haqida gap ketmoqda.
2026-yil mavsumi qog‘ozda ajoyib ko‘rinadi: atigi 47ta o‘yin, shundan 44tasida g‘alaba va olti titul. Eng yorqin yutug‘i – Wimbledondagi zafar. Ammo raqamlar bir haqiqatni berkitib turolmaydi: tizzadagi og‘riq uni mavsumning ikkinchi yarmida, jumladan ATP Finals’dan ham chetga surib qo‘ydi. Endi esa masala shunchaki “qachon qaytadi?” emas, “qanday narx evaziga qaytadi?” darajasiga chiqdi.
Uch yo‘l: xavf, ehtiyotkorlik va vaqtdan yutish
La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, Sinner oldida uchta tibbiy variant turibdi. Har biri uning kelasi uch oyini emas, butun keyingi o‘n yilligini belgilab berishi mumkin.
- Birinchi yo‘l – tizzaga kirib, menisk holatini tekshirish va zarur bo‘lsa, uni “tozalash”. Nisbatan an’anaviy, nazorat ostidagi jarayon. Tiz cho‘kishdagi sanchiqni kamaytirishi, bo‘shliqni yengillashtirishi mumkin.
- Ikkinchi variant – kichik kesma orqali zo‘riqishni bo‘shatish, shu bilan birga to‘planib qolgan suyuqlikni chiqarib tashlash. Jarrohlik ko‘lami kichikroq, lekin baribir pichoq ostiga yotish degani. Har qanday kichik aralashuvda ham sportchining qaytish vaqti, ritmni qayta topishi savol ostida qoladi.
- Eng keskin va xavfli qaror esa – tizza suyagiga operatsiya. Mashhur jarroh Lasse Lempainen nazorati ostida o‘tishi kutilayotgan bu usul nazariy jihatdan muammoni ildizi bilan bartaraf etishi mumkin. Biroq shu bilan birga Sinnerni qiynayotgan iliotibial bog‘lam yallig‘lanishini yanada kuchaytirish ehtimoli ham bor. Ya’ni bu “hammasini davolaymiz” degan umid bilan “hammasini yo‘qotish” xavfini yonma-yon qo‘yadigan qaror.
Shu narsa aniq: agar Sinner shu uchinchi variantni tanlasa, Australian Open haqida o‘ylashning o‘zi ortiqcha bo‘ladi. Reabilitatsiya kamida uch oy. Bu esa Melburndagi ilk yirik startni avtomatik ravishda chizib tashlaydi.
Australian Open’dan voz kechish – orqaga qadammi yoki uzoqqa sakrashmi?
Tennis olamida bunday yulduz bir necha oyga chetga chiqsa, darhol savollar ko‘payadi. Tanqidlar ham. Lekin Sinner hozirgacha vaziyatni shoshilmay, sovuqqonlik bilan boshqarib kelmoqda: turnirlardan ketma-ket voz kechish, qarorlarni kechiktirish, ortiqcha tavakkaldan qochish – bularning bari hissiyot emas, hisob-kitob mahsuli.
Shu fon’da uning Riyodda bo‘lib o‘tadigan Six Kings Slam ko‘rgazmaviy turnirida qatnashish qarori ko‘pchilikning ko‘ziga sanchildi. Tizza og‘riyotgan bo‘lsa, nima uchun ko‘rgazmaviy o‘yin? Savol tabiiy. Ayniqsa, u erda ishtirok etish yana bir zo‘riqish, yana bir xavf degani bo‘lsa. Biroq agar jarrohlik bo‘yicha keskin qaror qabul qilinsa, bu reja bir zumda o‘z ahamiyatini yo‘qotishi mumkin.
Shunga qaramay, Australian Open’ni o‘tkazib yuborish Sinner uchun sportiy fojia bo‘lib ko‘rinmasligi kerak. U allaqachon Melburnda ikki marta chempion bo‘lgan – 2024 va 2025-yillarda. Turnirni zabt etgan, kubokni ko‘targan, o‘sha kortning shovqinini, tungi sessiyadagi bosimni his qilgan. Demak, bu yerda u o‘zini hali isbotlamagan o‘yinchi emas.
Savol boshqacha: sog‘lig‘ini xavf ostiga qo‘yib, uchinchi kubok uchun shoshilish kerakmi yoki to‘liq tiklanib, katta maqsadga – Roland Garros sari borish ma’qulmi?
Paris sari yo‘l va Alcaraz soyasi
Sinnerning Grand Slam yo‘l xaritasida hozir eng katta bo‘shliq – French Open. Parijdagi g‘alaba unga career Grand Slamni taqdim etadi. Bu esa statistik chiziq emas, tarixiy maqom.
U allaqachon eng ashaddiy raqiblaridan biri bo‘lgan Carlos Alcaraz’ning shu marrani zabt etganini ko‘rdi. Ispaniyalik bu yil Melburnda career Grand Slamni to‘ldirdi va shu bilan raqobatga yangi o‘lcham berdi. Endi bu bellashuv nafaqat final va yarim finalda, balki rekordlar, meros va tarix sahifalarida ham davom etmoqda.
Sinner uchun 2027-yilgi French Open oddiy turnir emas. Bu – imkoniyat oynasi. Sog‘lom, to‘liq kuchga to‘lgan holatda Parijga borish, sekin-asta gruntga moslashish, rejalashtirilgan tayyorgarlik o‘tkazish – bularning bari Australian Open’dagi qisqa muddatli shon-shuhratdan ham qimmatroq bo‘lishi mumkin.
Ha, tennis muxlislari uchun uni yana bir Grand Slam startida ko‘rmaslik alamli bo‘ladi. Ayniqsa, 2026-yilda Australian Open yarim finalida Novak Djokovic bilan bo‘lib o‘tgan besh setlik jang hanuz yodda turgan bir paytda. O‘sha kecha Sinner o‘zini eng og‘ir bosim ostida ham sinmaydigan, yengilmas raqib sifatida ko‘rsatgandi.
Endi esa uning oldida boshqa turdagi sinov turibdi. Bu safar raqib – vaqt, og‘riq va xato qaror qabul qilish xavfi.
Tanlov uning qo‘lida. Savol esa aniq: Sinner qisqa muddatli yutuq uchun tizzasini yana xavf ostiga qo‘yadimi yoki karerasining keyingi o‘n yilligini himoya qilish uchun Australian Open’dan voz kechib, Parijga tayyorgarlik ko‘rishga jur’at etadimi?
